So‘nggi yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Chunki bu tizim ishga solinsa, ta’limda tub o‘zgarishlar bo‘ladi, sohada o‘zaro sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi. Raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi.
Natijada, oliy o‘quv yurtlari bo‘ladimi, maktab yoki maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘ladimi — ta’lim sifati oshadi. Bu — isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Xo‘sh, bugun bu borada Qo‘qon universitetida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu xususda universitet rektori — iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafoqulov quyidagilarni so‘zlab berdi.
— Bizning universitetimiz o‘z vazifalarini tizimli amalga oshirib kelmoqda, — deydi Sherzod Mustafoqulov. — Xususan, jahon tajribasini hisobga olgan holda, oliy ma’lumotli raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini kuchaytirish, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakat hududlaridagi yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz.
Universitet oldiga bir qator muhim vazifalar qo‘yilgandi. Jumladan, O‘zbekiston oliy ta’lim dasturlari bilan birga, dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini joriy etish. Qolaversa, respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash, xorijning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, bu — o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish ham asosiy masalalardan biridir.
Fan-texnika taraqqiyotining shiddat bilan o‘sib borishi mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilmiy tadqiqotlar ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Jahonning yetakchi mamlakatlari tomonidan ilmiy-texnik taraqqiyotning fundamental asosi bo‘lgan aniq fanlarning rivojlanishini rag‘batlantirish hamda shu asosda iqtidorli yoshlarni kashf qilish bo‘yicha o‘ziga xos selektsiyani amalga oshirish maqsadida investitsion dasturlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, bizning yutuqlarimizga asos bo‘ladi.
Hozirgi kunda nodavlat oliy ta’lim tashkilotimiz zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari, o‘quv va ilmiy adabiyotlar, kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan. O‘quv jarayoniga ta’lim texnologiyalarini joriy etish ishlariga ham alohida urg‘u beryapmiz. Universitetga tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar jalb qilingani ko‘zlangan maqsadlarimizga erishishda qo‘l kelyapti.
Bundan tashqari, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul, universitet granti hisobidan abiturientlarni o‘qishga qabul qilyapmiz. Bu ham ijtimoiy himoya masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan dalolatdir.
Aniq fanlarning chuqur o‘qitilishi talaba-yoshlar uchun juda zarur. Deylik, matematika. Bu fan — juda ko‘p fanlarni puxta o‘rganishga yo‘l ochadi. Uning asosiy vazifasi faqatgina hisob-kitobni o‘rgatishdangina iborat emas. U o‘quvchilarni fikrlash, miya imkoniyatlarini ishga solish, tafakkur qilishga undaydi. Masala va misollar kichik to‘siq bo‘lsa, matematika kelajakda bundan-da katta g‘ovlarni yengib o‘tishga yordam beradi, o‘quvchini algoritm, ya’ni tartibga, to‘g‘ri va noto‘g‘rini ajratishga o‘rgatadi.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, davlatimiz rahbarining e’tibori bilan matematika fanini o‘qitish tizimini isloh qilish boshlandi. Matematika fanidan turli olimpiadalarni tashkil etish, bunday olimpiadalar muntazam o‘tkazilishini an’anaga aylantirish borasida ham universitetimizda muayyan ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, universitetimizda respublika umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika fanidan “Qo‘qon olimpiadasi”ni tashkil etmoqchimiz. Bu borada “Qorako‘l ziyo” nodavlat ta‘lim muassasasi bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Aytib o‘tishim lozimki, “Qo‘qon olimpiadasi” xususiy sektor vakillari tomonidan ilk marotaba tashkil etilmoqda. Bu tadbir zamirida kelajakda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarish maqsad qilingan. O‘zbekistonning xalqaro miqyosda, xususan, ilm-fan olamida o‘ziga xos nufuzini oshirishga xizmat qiladigan iste’dodli yoshlarni kashf qilish ham ko‘zda tutilgan. Shu jihatdan “Qo‘qon olimpiadasi” yosh matematiklarni aniqlash va ularning yuksaklikka parvoziga zamin yaratuvchi o‘ziga xos pillapoya vazifasini o‘taydi. Shunday ekan, ushbu olimpiadani yosh matematiklar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylantirish uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.
Zotan, bunday fan bellashuvlari kelgusida bilimdon yoshlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Matematikadan bilimi yuqori bo‘lgan yoshlar bilan esa davlatimiz barcha jabhada yuqori natijalarga yanada tezroq erishadi. Darvoqe, “Qo‘qon olimpiadasi”ni tashkil etish va o‘tkazish orqali yoshlar orasida “Bilim — insonni ulug‘laydi”, degan shior keng targ‘ib qilinishi bilan birga, g‘oliblarning erishgan yutuqlarini keng jamoatchilik o‘rtasida yoritish orqali yoshlarga yanada ko‘proq motivatsiya berish ham maqsad qilingan. Bu o‘quvchi-yoshlar, talabalar orasida ilm olishga bo‘lgan qiziqish va intilishni yanada kuchaytiradi.

***
Darhaqiqat, bilim — insonni ulug‘laydi. Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga qarata aytganidek: “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”.
Zero, insonlarga quyosh kabi ziyo nurini taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan har bir fuqaro kelajakka, kamolotga intilib, ilm va kasb-hunarlarni puxta egallashi lozim. Bu esa oldimizga eng katta maqsad qilib qo‘yilgan — mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda unga erishishimizda g‘oyat muhim.

Iqbol PARDAEVA yozib oldi