Esimni taniganimdan buyon qulog‘imga chalinadi: “Korrupsiyani ildizigacha quritamiz”, “Poraxo‘rlikka qarshi kurashamiz”, “Qonun barchaga barobar”… Efirlarda qator eshittirish va ko‘rsatuvlar, matbuotda o‘tkir maqolalar, haybatli shaharlarning muhtasham binolarida, binoning bala-and-baland qavatlaridagi anjumanlar zalida uchrashuvlar, majlislar bo‘ladi. Hech bo‘lmasa, oyda bir marta korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi loyiha tayyorlanadi. Maktab, litsey, oliy ta’lim muassasalarida “Men korrupsiyani qanday tushunaman”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, kabi mavzularda diktant, insho, rasmlar tanlovlari o‘tkaziladi… Xullas, sanab adog‘iga yetolmaysiz.
Afsuski, bu illat yo‘qolmayapti, yo‘qolmaydi ham-da! Ehtimol, uning ildizini qirqish uchun insonning genini yangilash kerakmi yo qonini, miyasini tozalash lozimmi, deysan. Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi, deyishadi-ku!
O‘z ishini sevmaydigan, lavozim majburiyatlaridan faqat pul topish uchun foydalanishni o‘ylagan, topgani o‘ziga — oilasiga yetmayotgan odam qing‘ir ishga qo‘l uradi. Ozod Sharafiddinov ta’rifi bilan aytganda, mehnatiga yarasha maosh olmagan xodim maoshiga yarasha ishlay boshlaydi yoki boshqa yo‘llar bilan kamini to‘ldirish payiga tushadi. Oqibatda korrupsiyaga qo‘l uradi, tanish-bilish, “akaxonda” va “ukaxonda”lar orttirib, lavozimini suiiste’mol qiladi…
Oqibatda iqtisodiy qaramlikdan hamon qutula olmadik. O‘zini bilimli va hammadan aqlli sanovchi “janob”lar xalqning mol-dunyosini, tinchini, halovatini o‘g‘rilagani, muttahamlikning otini “yordam” qo‘yib, insonlar bor-budini toptab, huzur qilib yashayotgani ayanchli holdir.
Universitetimizda “Fuqarolik jamiyati” degan fandan yozma imtihon bo‘lgandi. Kursdoshimning gapini eshitib, o‘rnimdan qalqib tushdim:
“Korrupsiyani men qanday tushunaman” degan savolga yozgan javobim uchun o‘qishdan haydalib ketishimga oz qoldi”.
“Javoblar varag‘iga nima deb yozganding?”
“Korrupsiya bizgacha ham bo‘lgan, hozir ham bor va keyin ham bo‘laveradi. Ishga kirsam, men ham pora olaman. Negaki, talabalar turar joyida yashash uchun kimlarga qancha “xarajat” qilganim, yotoqxonadan joy tegmagach, hozir ijara uyda ko‘rayotgan azoblarim, ota-onamning qishloqdan jo‘natayotgan pullari… hammasini hisoblab yuribman! Yana kontrakt to‘layman. Oladigan 400 ming so‘m stipendiyam bu katta shaharda nimagayam yetardi… Oilamga yordam bo‘lsin deb, o‘zingni o‘tdan-o‘choqqa urasan-da, amal-taqal qilib o‘qishni bitkazasan. Qarabsanki, ko‘plar qatori diplomi bor o‘rtamiyona o‘qituvchi bo‘lib turibsan! Keyin diplomni sandiqqa tashlab, chet elga ishga ketasan. Xullas, xurjuningni yelkalab, oliy ma’lumotli quruvchi bo‘lasan-da, tentirayverasan, tentirayverasan”…
“Bo‘ldi, bo‘ldi, tushundim-ey, — dedim uning his-hayajonga to‘la gapini bo‘lib. — Shuncha gapni qaerdan olasan, o‘ziyam korrupsiyaga qarshi “ma’ruza” bo‘b ketdi-ku!”
“Ha, lekin o‘zing ayt, qaysi so‘zim yolg‘on, qaysi noto‘g‘ri?”
Tayinli so‘z aytolmay biroz g‘o‘drandim. Ammo o‘ylab qoldim: chindan ham haromdan, birovning haqidan hazar qilib kelgan ota-bobolar avlodimiz. Xalqning bir tangasigayam xiyonat qilmasdan, borini tinchlik, farovonlik va mamlakatdagi obodonchilik yo‘lida sarf etib, “Qilma ulus irzu iyolig‘a qasd, Aylama el joniyu molig‘a qasd” (Alisher Navoiy) deya dostonlar bitgan ajdodlarning vorisi ekanimga ba’zi kaslarning qilmishini ko‘rib, ishonqiramay qolaman…
Bu qadar bir-birini chuv tushirishdan, ta’ma qilishdan qo‘rqmaydigan odamlar qaerdan paydo bo‘ldi? Nahot bu illatdan xalos bo‘lishning imkoni bo‘lmasa?..
Korrupsiya — pora olish, pora berish, o‘rtada turish; tovlamachilik — kimningdir muammosi hal bo‘lishi uchun uning bor budini, umrini talon-toroj qilish; Odam bo‘la turib Odamni chuv tushirish… Bu foniy dunyoda ular rohat-farog‘atda yashashi mumkin, ammo vaqt-soati yetib, o‘z “ajri”ni olajak…
Odamdek yashashga adolatsizlik, erkinlikni toptash, kamsitish, xo‘rlash singari zulmlar doim halal berib kelgan. Dunyoda hech kim o‘z-o‘zidan o‘g‘ri, muttaham, kazzob yoki poraxo‘r bo‘lib qolmaydi. Bunga, avvalo, muhit, yetishmovchilik va jamiyatdagi turli ijtimoiy zug‘umlar sabab bo‘ladi. Haqiqatan ham, talaba xayolda ming xil g‘avg‘o va o‘y-tashvishlar bilan o‘qiydiyu, ammo uqmaydi, qarabsizki, inson omili jaholat botqog‘iga botib boraveradi. Bilimsizlik esa millatni yo‘qlik girdobiga tortib ketadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni, eng avvalo, oiladan, tarbiyadan, so‘ngra maktabgacha ta’lim muassasalari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari — eng quyi bo‘g‘inlardan boshlash zarur. O‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga bu kabi illatlarga nafrat tuyg‘usini uyg‘ota olsakgina, jamiyat “tozalanadi”.
Internetga “talon-toroj qilindi”, “o‘marildi” deya yozib ko‘ring-chi, keti uzilmas xabarlar “guldasta”sini chiqarib beradi. Bu oramizda qing‘ir yo‘llar bilan topganini oilasi va ro‘zg‘origa olib kirib, haromdan hazar qilmaydigan rahbarlar ko‘payganidan dalolat. Ehson tariqasida yig‘ilgan pullarga ham ko‘z olaytirib, o‘marayotganlarni aytmaysizmi? Hamma to‘y bilan, bo‘ri qo‘y bilan, deganlari shu bo‘lsa kerak…
Hammamizning yengimiz bor. So‘ngso‘z o‘rnida, shu yeng haqida ikki og‘iz gapirish uchun yeng shimardim. Xullasi kalom, o‘sha yeng deganlari ayni kunda yangi “lavozim”ga ko‘tarilibdi: endi uni hamma “yeng janoblari” deya atashayotgan ekan!
Boshida u oddiy yeng edi. Hammatolari singari bor-yo‘g‘i yeng. Tirsakkacha tushadigan bir qarich matodan boshqa hech nimasi yo‘q edi. Hatto nomi ham! Chunki insonlar yengi kalta ko‘ylakni “yengsiz ko‘ylak” deb atashardi…
Shunga qaramay u ishning ko‘zini biladigan, nihoyatda abjir edi. “U yengidan kirib, bu yengidan, indamasangiz, yoqadan ham chiqadiganlardan!”.
Vaqt o‘tib “hunar”ini yeng ichida yurgizadigan “ishbilarmonlar”, “yengidan tushganni qo‘njiga uradiganlar” safi kengayganidan so‘ng uning hurmati nihoyatda oshdi! Qo‘lning qing‘irliklari ko‘paygani sayin jamiyatda yengga ehtiyoj ortib, unga e’tibor kuchaydi. Oramizda shunday uddaburonlar borki, porani yeng ichida va uchida olib, jig‘ildonga uradi, birov sezmaydi!
Bosh yorilsa bo‘rk ichida, qo‘l sinsa yeng ichida. Mabodo qilmishi oshkor bo‘lsa ham, u ovoza qilinmaydi. Singan qo‘lning jarohati yeng ichida tuzalib, yara bitganidan keyin qing‘irliklarini davom ettiraveradi…
Keng yenglaridan chiqib turgan qo‘llarni aytmaysizmi! Biram nozik, biram muloyim!..

Abdulaziz AHMEDOV