…gacha:
“…birinchi romanimni yozib tugatdim. Alloh yuzimizni yorug‘ qilsin…” — hammasi hamqismatimiz Javlonning o‘z feysbuk sahifasida, yashil fonda ma’lum qilgan mana shu postidan boshlandi. Sanasi esimda yo‘q, ma’nosi mazkur edi, adashmasam. Yana qay vaqtda, qanday holatda o‘qiganimni eslayman: qorong‘ida, maktabdosh jo‘ramning “uy-plan” tomorqasidagi hozircha yagona imorat bo‘lgan garajning beton devorlari ustida o‘tirardim. Qishlog‘imizda internet “H+” (“hash plus”, “tri je”…) chiqadigan joylardan biri o‘sha yerligi bois havo ochiq paytlari kunda-shundaman. Post ostini hash-pash deguncha “yoqdi”, “super”, “vau”…lar bosib ketdi. Kommentlarning ham keti uzilmasdi: tabriklar, buyurtmalar, qizg‘in ishonchlar… Ularni o‘qib, ichimni it tirnadi. Xuddiki, romanni bundagilarning ba-archasi o‘qigan, o‘qiyapti va hademay o‘qigusi-yu, bir men g‘ofil qolayotgandek. Uyga qaytganimda, muallaq bir kayfiyatda edim. Ichimdagi itga qo‘shilib, o‘zimni g‘ajirdim: ana, sendan keyin tug‘ilganlar sendan oldin missiyasini ado etyapti… yurivur…
Ko‘p o‘tmay, o‘sha izohlar ichida bir shoir jigarimizning yozganini o‘qidim: “…roman Germaniyaga o‘qishga ketgan o‘zbek talabalari haqida”. Rosti, biroz nishim qayt­di. O‘zimcha xulosa so‘qdimki, demak, asar – bugun Germaniyada o‘qiyotgan va nimasi bilandir olamshumul gap-so‘zlarga sabab bo‘layotgan, men qishloqda bexabar qolgan qay bir hodisa haqida ekan-da. U qadar hayron bo‘lmadim. Axir, Javlonning qahramonlari dunyo kezib yurishi-yu voqealari ham zamonamizda yo yaqin o‘tmishda sodir bo‘lishi ­uning hikoyalaridan ma’lum edi-ku, shu paytgachayam. Nomlarining o‘ziyoq aytib turardi: “Myanma fojiasi…”, “Uyg‘urlar genotsidi…”, “Stalinga maktublar”, “Xotira kitoblari”… Ikki yilcha burun “Yoshlar ovozi” gazetasi tahririyatida Hamza (aka) Abdullayev (o‘shanda muharrir o‘rinbosari) bilan suhbatlashib o‘tirganimizda aytgandiki: “…Javlonning yozganlarida menga yoqadigan tarafini aytaymi? Qahramonlari faqat qishloq fonida tasvirlanmaydi: yo mehmonxonada yotgan bo‘ladi, yo samolyotda uchib ketayotgan bo‘ladi”…
Hech bir siyosiy o‘yinlarga daxli bo‘lmagan, ichkin kechinma va kuzatuvlarga taalluq yozgan hikoyalariyam bor, albatta: “Qizlar bilan uchrashuvlarim”, “Ayol”… Bir kitobxo‘r o‘laroq meni mana shunday hikoyalari nisbatan mutaassir etgan. Nimagaki, tuzumlarning nayrangiga hozirjavoblik ruhida qog‘oz qoralashning oxiri ham, tayini ham yo‘q deb hisoblayman. Eng alamlisi, nafi yo‘q. Quvvatingni, asabla­ringni… qisqasi, umringni sovurib, yozasan, yozg‘irasan… Baloyam o‘zgarmaydi, baribir! Misol, ana, Qodiriy yozdi. Mayda maqolachasidan tortib, romanlarigacha o‘z davrining dog‘larini ko‘rsatib berdi: milliy armiyamiz bo‘lishi kerak dedi, eng katta xatar – “o‘rus” darvozamiz ortida turibdi dedi… Birida bevosita o‘zi aytdi, birida qaysidir qahramonining tili bilan aytdi. Xo‘p, birortasi bartaraf bo‘ldimi? Bil’aks, uning o‘zini ancha barvaqt “bartaraf” etgan hukumat Qodiriydan keyin ham yet­mish uch yil yashadi. Hozir ham sovetcha sarqitlardan to‘kis qutulganimiz yo‘q: ko‘chalarimizda dumalab yotgan araqxo‘rdan tor­tib, minbarda o‘rischa ming‘irlayotgan rahbariyatimizgacha, hamma-hammasi – o‘sha tuzumdan qolgan “milliy kadr”larimiz bo‘ladi.
“Qo‘rqma”… Roman nomi shundayliginiyam feysbukdagi ola­shovur izohlar ichida o‘qidim. Sof turkiycha: qisqa, lo‘nda, g‘ujurli…
Tezroq topib o‘qish ishtiyoqim ortdi. Elektron nusxasini surishtirishni boshlovdim hamki, xususiy bir nashriyot tomonidan “egali” qilib qo‘yilganini eshitdim. Kitob chiqishini kutmoqqa sabrim yetmay, o‘qishga ulgurib qolganlarni axtardim. Loaqal eshi­tgim keldi ulardan. Toshkentga, darvesh do‘stim Jontemirga telefon qildim. Faqat ugina esda qo­larli javob berishiga ishonaman. Bir soatcha gaplashdik. Miyalarim misday qizib ketdi. Telefonimning quvvati tugab, o‘chib qutuldi, ­oxiri. Bildimki, roman – vatan haqida, millat haqida, yuz yil oldin Berlinda o‘qigan yetmish o‘zbek talabasi haqida… ekan.
“Asaxiy books” nashriyoti ijtimoiy tarmoqlarda ayyuhannos ko‘tardi: yangi milliy roma-an, kep qoling, op qoli-ing!.. Xaridordan ko‘ra haybarakallachi ko‘paydi. Qora muqova qa’rida qarab turgan yakkash ko‘z foni uzra, oq harflarda yozilgan “Qo‘rqma” so‘zini ko‘rmagan virtual sahifam qolmadiyov. Yana hammasi Attorning “Qush tili”sini o‘qib, mubtalo bo‘lgan Navoiydek oh-vohlar bilan sahifa-yu kanalla­riga joylashardi. Aksarida bitta post urchidi: “Roman voqealarini qisqacha so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Barchasi shu qadar tig‘izki, shoshirib qo‘yadi. Majoz, obraz, ifoda, o‘t, hech kimnikiga o‘xshamagan lirizmni his qilasiz. Milliyat, sof muhabbat, ko‘rinmas va oshkor fojialar, tarix, bugun va ertaning bir-biriga kavsharlangan halqasi, rostlik da’vosidagi yolg‘onlar, ruh va qondagi paradokslar sizni o‘tmish va kelajak kuyiga asir qiladi, o‘ylatadi, yig‘latadi va achchiq-achchiq kuldiradi. O‘tgan asr boshida Germaniyada o‘qigan talabalar, ular maslagi va fojiali qismati bugungi yoshlar maqsadi bilan bir taroziga tortiladi”.
Bu kimning fikrlari ekan deb, internetni rosa kavladim. Unisi bunisidan, bunisi esa boshqa bittasidan ko‘chirma qilib olgan bo‘p chiqaverdi. Ha, menga fikr qiziq edi, kitob bobida. Shaxsiy fikr!.. Ammo, afsuski, internetda baqir-chaqir qilayotganlarning gaplari ikki tomchi suvday o‘zaro befarq edi.
Kitobni nashriyotning internet do‘konidan sotib olishga urindim. O‘xshamadi. Biz taraflarda aloqa sifati pastligi pand berdi. Boz o‘sha darvesh do‘stim – Jontemirning telefonini ting‘irlatdim. Natija ertasi kechga, Toshkentdan Buxoroga kelayotgan taksi haydovchisi berib o‘tgan ikkita bir xil kitobni katta yo‘l yoqasidagi simyog‘och chirog‘i yorug‘ida hijjalardim: “Roman voqealarini qisqacha so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydi…” Obbo-o, hali shu-unchasi bir-biridan ko‘chirib yotganlari, hech bir kitobxonning fikri emas – kitobning annotatsiyasi ekan-ku!..
…gach:
Besh kunda o‘qib chiqdim. So‘nggi sahifani – 372-betniyam yopdim-u o‘yladim: nega bunday yozdi?.. Yo‘q, muallifning muddaosini, nima demoqchiligini, og‘riqlarini his qildim. Lekin og‘iz ko‘pirtirishganidek, butunlay yangicha uslubni, kitob annotatsiyasida ta’kidlangan “…hech kimnikiga o‘xshamagan lirizmni…” his qilmadim. To‘g‘ri, asar tilida bir nechta yozuvchini – jumlalarning she’riy ohangdorligida Ibrohim G‘afurov mansuralarini, fe’l-ke­simlarning takroriyligida Tog‘ay Murodni, uzluksiz kinoyabozlikda Erkin A’zamni, keskinlikda Murod Muhammad Do‘stni… – ko‘rdim. Biroq Javlonning o‘zini ko‘rmadim hisob! Dard – Javlonniki, mavzu – Javlonniki, arxiv ustida ishlash – Javlonniki, qishloq koloriti – Javlonniki, shahar muhitini tasvirlash – Javlonniki… Faqat bu “quroq” yozish uslubi, haqqirostki, hech kimnikiga o‘xshamagandi? Hatto, Javlonning o‘zinikiga ham?..
Mengagina shunday tuyul­dimikin yo boshqalargayammi, bilmoq istab, kitobni tugal o‘qib chiqqan bir mardum axtardim. Ijtimoiy tarmoqlar endi kitob bilan “ko‘z urishtirib” tushilayotgan reklama-rasmlarga to‘lib borardi. Nari borsa, asardan parchalarni post qilib qo‘yishardi, biroq birovi bir og‘iz asar to‘g‘risida O‘Z MUNOSABATINI yozmasdi. “XXI asr” gazetasi xodimi, nosir Asliddin (aka) Alimardo­nov yozgan. U kishiyam Javlonning shaxsiga tegishli qiziq bir xotirasiga ilova qilib, romanning xomaki variantini o‘qiganligini, kitobi esa endi qo‘liga yetib kelganini yozibdi. Mayli, xomaki variantini bo‘lsayam o‘qib chiqqanlarni qidirdim. Va topdim – munaqqid Musulmon (aka) Namozov o‘qigan, kamiga Javlonni chaqirib olib, fikrlarini to‘rt soat tushuntirgan chiqib qoldi. Telefonlashdik. Yuqoridagi savollarimni yog‘dir­dim. Musulmon aka odatiy bosiqligini boy bermagan alfozda javob berdi:
–…adabiyotda hali o‘z yo‘lini topmaganlar ana shunday yozadi. Kimlargadir ergashib ketib qoluvradi. Hozir hammangda ahvol shu. Sendayam!
Yana nimalardir demoqchi edi. Institutda darsi borakan. Suhbat avjida xo‘shlashishga majbur bo‘ldim. Yutoqib qidirishga tushdim tag‘in: kitob haqida kimdir nimadir yozdimikan? Taassuf, hamma hanuz kitob bilan suratga tushardi. Do‘st-u darvesh Jontemir yana jonga ora kirdi. Shoira Nodira Afoqovaning taqrizini tashladi, telegramdan. “Paral­lellar romani” sarlavhali, ikki qog‘ozgina bu yozuvlardan-da izlaganimni topmadim. Shoirona pafosga yo‘g‘rilgan, ritorik savollar marjoni, jadidlar jasorati, kulish kasalligining tibbiyotda chindanam borligi va uning tarixi, romandan sitatalar, asar nomini shiorga aylantirishimiz shartligi… Bularni yozish uchun Nodira Afoqova bo‘lish shart emas!
Xo‘p, asarning nomini olaylik. Juda baland da’vodagi bunday nomga asar ichidagi so‘zlar boshdan-adoq sodiq tura olganmi? Deylik, kitobning 35-betida “Ulug‘ Kursdosh”ning ta’rifi ketadi va yozilganki: “…Bobom hamma qiziqib so‘rovchiga uni maqtaydi. Biz uchun prezidentdan so‘ng tura­digan odam…”. Hurmatdan ko‘ra hadikning isi anqibroq turganday. Ajab, bu yerda prezidentga nima hojat bor? Undan ham ajablanar­lisi, roppa-rosa qirq betdan keyin keladi. Ya’ni 75-betni o‘qiymiz: “…Chidab bo‘lmadi, bizning oilada Payg‘ambardan so‘ng eslanadigan Ulug‘ Kursdosh bilan orani uzdim…”. Prezident qachon “Payg‘ambar”ga aylanib qoldi?! Basharti, kitob avvalidayam asli “Payg‘ambar” yozilgan bo‘lsa-chi deb, yaxshi gumonga borsak ham asar ruhidagi oddiy mantiqqa tushmaydi. Chunki bosh qahramonning oilasida birgina bobosi namoz o‘qirdi. Qolgan yetti amakisi esa momosining ta’biricha aytsak: “…bari o‘lik chiqdi, besavod, cho‘pon-cho‘liq, suvchi, dehqon, hisobchi, traktorchi bo‘ldi. Xotin suyab yuradigan aroqxo‘r bo‘ldi…” (34-bet). Xo‘sh, qanaqasiga bunday badnom oiladagilar birinchi bo‘lib payg‘ambarni eslaydi?
Umuman, prezidentga nisbatan hadikmi, xavotirmi, istiho­lami… nimadir ortiqcha andisha
asar davomida yelvizakday ora­lab turadi. Masalan, kitobning 82-83-betlariga qaraymiz:
“…Qani, jumhuriyatimiz tushlariga
ssenariynavislik qilish imtiyo­zini qo‘lga kiritsam. Gullatgan bo‘lardim barini. Senatorlar, sud­yalar, deputatlar, taksichilar, ­janob prezident… barcha-barchasi har kecha uxlashga yotishi bilan Turkistonning erta qirilgan yetmish talabasini tush ko‘rib, tongda ularni sevib uyg‘onardi…”. Shu joyida prezident so‘zi “janob”siz yozilsa bo‘lmasmidi? Holbuki, bu piching emas, ma’ruza emas, murojaat emas… Bosh qahramonning alamnok bir orzusi-ku? Go‘yo yig‘lay olish orzusi kabi.
Endi bo‘lak bir mavzu. Kitobning 86-87-88-89-betlariga o‘tsak: bosh qahramon yigitni Samarqandda bir hind sayyohiga ro‘para etishadi, “…shunga gidlik qil… dollarda to‘laydi…”, – deyishadi. Yigit chor-nochor ko‘nib, xo‘ppasemiz hindga Samarqand haqida so‘zlay boshlaydi. Lekin hindga Samarqand emas, sochi uzun samarqandlik qiz muhimli­gini bilgach, yigitning g‘ashi keladi. Axiyri, hind undan hadeb qiz topib berishni so‘rayvergach, yigit uni peshob-u axlat oqayotgan ariqqa tepib dumalatadi va o‘zicha Samarqanddan kechirim so‘ray-so‘ray ketadi. Haligi hind esa ariqda chuldiragancha qolaveradi… Ajoyib! Ammo… nega shu oriyati kunora ishrat uyushtiradigan xonadoshi “Qiztaka”ga kelganda qo‘zimaydi hech? Axir, u ham millatning shusizam bulg‘anib yurgan qizlarini battar bulg‘ab yuribdi-ku? Yo oriyatimiz ham xorij­dagi afkor omma ko‘zi uchunginami?.. Talabalikda sabog‘ini olganimiz – ustoz Uzoq (aka) Jo‘raqulovning bir gapini unuta olma­dim haligacha: “…aynan ayolingni, opa yoki sing­lingnigina emas, kursdosh qizlaringni ham kim bilandir ko‘rib, qizg‘anma­dinglarmi, bilinglarki, da’yusga aylanib bo‘psilar!”.

…ga:
Hamon kitob bilan selfi tushi­shardi, hamon maqtashardi, hamon alqashardi… Men esa hamon shu kitob xususida fikrlashadigan bitta odam izlayapman. Ishxonamga tumandagi bir maktabning 11-sinf o‘quvchilari kep qoldi: ikki qiz va bir yigitcha. Jurnalistikaga havasmandligini, u-bu nimarsalar yozib turishini aytishdi. Opkelgan “ijod namunalari”ni tortmaga ko‘mdim-da ikki qizning qo‘liga kitob tut­qazdim: biriga bugungi yozuvchilarimizning hikoyalari to‘plamini, biriga “Qo‘rqma”ni. Yigitchaga esa, qalamini ko‘rish maqsadida, mavzu yozib berishga chog‘landim. Qaysi mavzuni eng ko‘p marta yozganini so‘raganimda, vatan haqida ko‘p badialar yozishini aytdi. Ming yilki, miyamni parmalab yurgan, lek hanuz pishib yetilmagan mavzumni unga ilindim. Shartta qog‘ozchaga yozib, uzatdim: “Vatan bu –
­“hojatxona”!” Yigitcha uni ichida o‘qib, hayron qaradi menga:
– …uchinchi so‘zni tushunmadim, aka, nima demoqchisiz?..
– Ana, savol paydo bo‘ldi! – dedim. – Shunga javob topish uchunam nimalardir yoziladi endi… Bir hafta muhlat uchovinggayam, sizlar kitoblarni o‘qib, siz esa vatan haqida yozib kelasiz. Sarlavhasi mana shu…
Hafta o‘tib, qizlar kitoblarni o‘qib, daftarlarida taqrizlar ila qay­tishdi. “Qo‘rqma”ni o‘qib kelgan qizgina xiyol chimirildi: “…ayollarga past nazar bilan qarapti, boshidan oxirigacha. Shu tarafi menga yoqmadi!”. Yigitcha esa… shu-shu qaytib kelmadi. Qizlar­ning xabarlashicha, “afganes” otasi qo‘ymabdi. “Kerakmas o‘qish-po‘qishing. Tezroq bir hunarning boshini tutib, ro‘zg‘orga pul opke!”, – debdi. Yuragida yoli bor yigitidi, qaytmas jurnalist chiqishi mumkin edi… Essiz!

UCH “ULTIMATUM”
VA SO‘NGSO‘Z:

I. Do‘stim, Javlon! Romani­ngizni o‘qimay turib, munosabat bildirishga betim chidamagandi. Shu bois, biror joyda “miq” etmay kelayotuvdim. Mana, o‘qidim, o‘qittirdim, O‘QIGANlarni tingladim, taqrizlari bilan tanishdim… Endi nimadir deyishga yo yozishga haqqim ham asosim bordir. Siz ham yozuv-chizuvla­rimni oldin o‘qib, keyin aytaringizni aytib kelgansiz, deb o‘ylayman. Oxirgi yozganim – “qissa” iddaosidagi nimarsamniyam feysbukda fosh etishganida, patir-putur tabrikla­masdan, birinchi o‘qib chiqqandingiz. Va so‘ng qutlagan edingizki: “…Ko‘nglingizday tiniq yozibsiz. Tabriklayman, do‘stim!”.
Men ham Sizni shunday qutlashni orzu qilib edim. Ne shomki, ko‘nglingizdagini yozganingiz ila qutlay olaman, biroq “ko‘nglingizday yozibsiz” deyishim qiyin. Qahramonlaringizni qarang: tillari o‘ta zahar, mazax-u tahqirlashga o‘ch, bo‘lar-bo‘lmasga piching qilaveradi, har biri faqat o‘zini “odam” hisoblaydi… Siz bunday emassiz-ku, jo‘ra?! Nechchi bor gurunglashganmiz, axir. Tabassumi toza, vazmin, fe’li keng insonsiz. So‘zlaringizdayam ortiqcha istehzoni ilg‘amaganman. Bir narsa ko‘p o‘ylantiryapti meni, anchadan beri: qachondan kinoyakashlik – “haqiqatgo‘ylik” belgisi sanaladi? Nima, haq so‘zni isteh­zosiz, to‘g‘rilikcha, odamday aytib bo‘lmaydimi? Sarkazmga kera­gidan ko‘proq botib qolmadikmikan? Tan olmayam qayoqqacha borardim, o‘zim ham pesh emasman bu borada.
Qaddingizday baland mavzuni yozibsiz desak ham arziydi, ammo mayda tafsilotga, ke­raksiz izohlarga ko‘proq sovurilibsiz. Bosh qahramoningiz tushida “yetmishvoy” talabalarni ko‘rgan joylarini olaylik: Murodiy, Sattor Jabbor… Har bittasi, Qahhor aytmoqchi, tekin quloq topilsa, suv ichmay sakkiz soat gapiradi. Shartmidi shu ma’ruzalar, jo‘ra? Nabi Jaloliddinning tarixiy mavzudagi asarlarini eslatib yubordi, shu joylari: Umar Hayyom “Navro‘znoma”sini qanday bitganini duppa-durust o‘qib o‘tirganingda, bitta qavs ochiladi-yu “…shunday, Navro‘zni asrlar davomida yo‘q qilishmoq­chi bo‘ldi. Ammo mana, ne-ne zamonlarkim, u har bahorda ni­shonlanib keladi…” mazmunidagi olabayroq gaplarga o‘tib ketila­dimi-ey (“Hayyom” nomli asarida); yoki Turkistondagi ilk milliy bosma nashrlarimizning birini yopishsa, boshqa birini chiqarish taraddisiga tushilayotgan bir jo­yida yana o‘sha qavs ochiladi-yu “…ana, ko‘rdingizmi, biz kimlar­ning avlodimiz? Jadid bobola­rimiz ana shundoq taptortmas, kurashchan bo‘lishgan…” qabi­lidagi mutlaqo keraksiz, ko‘pik jumlalarga “paq” etib peshanang uriladi (“Tegirmon” romanida)… Bunday qavs-u qo‘shtirnoq ichidagi gaplardan, ehtimol, maktab bolasining eti jimirlar, lekin keng kitobxonlar ommasini bu taqlid ta’sirlantirib bo‘larmikin hozir, jo‘ra?..
Romaningiz “til”i… Ko‘pga qo‘shilib, uni “yangicha” deyolmayman, afsuski. Dastlab Tog‘ay Murodning qofiyali nasrida (sa’j), keyin Ibrohim G‘afurovning “Iltijo”, “Dil erkinligi”, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi” kitoblarida (mansura), yanayam keyinroq Nazar Eshon­qul, To‘xtamurod Rustam, Mirzakalon Jo‘rayev, Tilavoldi Jo‘rayev, Murod Chovush asarlarida (modern)… bu zayl uslubni ko‘rib, hali-haligacha “kasal” ham bo‘lib yuribmiz. Ha, ular juda jozib, serjilva uslub. Faqat – SIZNIKI EMAS!.. Xo‘p, qachongacha kimlardir ochib ketgan so‘qmoqlarda izg‘iymiz?
Qutlashga-ku qutlayman ba­ribir, do‘stim! Ilk romaningiz, axir… Haytovur, aksarimiz inter­netda olatasir obidiyda qilishdan ortmagan pallamizda, Siz, uch yildan oshibdiki, roman “to‘lg‘og‘i” bilan band ekansiz… Buyam bir ulkan hafsala! Yana bir gap: Sizda, nimaiki yozmang, “jilovdor” bir mavzu-missiyangiz mavjud – MILLAT! Boshqalarning yozganidan ham shuni axtarasiz, yetmaganday. Tillanisoga, “Sunbula”sini o‘qiganingizdan so‘ng bergan savolingiz ham bunga ­tirik isbot: “…bu bilan xalqqa nima bermoqchisiz?!”.
Romaningizdayam “millat”, “vatan”, “avlod”, “ajdod”… qavl­larini erinmay takrorlabsiz. Nimagadir, badimga urmadi ular, kitobni tugatgunimcha. Faqat, o‘sha, go‘yo jadidlar og‘ziga solib yozganingiz – “gazitbashara” gaplargina bu iqrorimdan istisno. Ishondim, Siz uchun bu, bus-butunicha millat haqidagi, vatan haqidagi, bugungi siyratimiz qiyofati haqidagi roman! Ammo… faqat Siz uchun! Biz uchun esa – “Javlonning birinchi romani!”. Va shu Javlonning yuzidan o‘tib, bu kitobni to‘liq o‘qib chiqqan va o‘z so‘zini dangal, qolip gaplarsiz yoza olgan odamni… ko‘rmadim, hisob. Na Siz, na biz bo‘lmaganlar – Ular uchinchi…
Bola tug‘ilganda berilajak “suyunchi puli”dan tortib pensiyagacha, o‘z vaqtida, to‘liq olib tursagina – “…vatan kerak!”, birortasi bir muddat yo miqdorga kechiksa – “…surish kerak!”; kommunal to‘lovlar-u narxlar tushsa – “…vatanim!”, oshsa – “vata­ningniyam…”, deydi Ular. Hojatlari qanchalik chiqish-chiqmasligiga qarab, baholashadi vatanni… Bundan chiqdi, Ular uchun vatan – “Hojatxona”. Bu asar esa – “Hojatxona” haqidagi roman!
Demakki, qachondir, bu kitobingizni… xalojoyda ko‘rib qolsangiz, ko‘p ham og‘rinmang. Balki, bundan quvonishimiz kerakdir, yozganlarimiz, hech bo‘lmasa, shunisi bilan Ularga asqatyapti ekan, deb. Dostoyevskiyning “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar” asaridagi yozuvchining o‘zi kabi ojizgina orzusini eslang: mayli, odamlar kitoblarimni o‘qimasa ham yozaveray-chi, hech bo‘lmasa, uylarining singan derazalariga “yamoq” qilishar, deydi bechora.
Umidim shuki, navbatdagi romanlaringizda, har taraflama faqat va faqat JAVLON JOVLIYEVni ko‘rish!..

II. Hurmatli, Firuz Allayev! “Asaxiy books” haqida ko‘p yaxshi fikrlar eshitdim. Jumladan, Karim Bahriyev Kun.uz saytiga bergan intervyusida o‘zining ijobiy munosabatini ochiq bildiribdi: jahon bo‘yicha bugun “bestseller” bo‘lgan 100 ta kitobni tilimizga tarjima etib, nashr qilish qarori va bu uchun o‘z yonidan 500 million so‘m sarflash… Rahmat! Shu pulni magazin, oshxona, qovoq­xona (“razlevnoy”), to‘yxona, somsaxona, dorixona… uchun emas – NASHRIYOTGA ataganingiz-chun ham rahmat Sizlarga!
Jorj Oruellning “1984” romani va “Molxona” qissasini, Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida” romanini ilk ishlaringiz qatorida ko‘rib hamda o‘qib, tuygan farahli kayfiyatimni hali unutmadim. Ammo-lekin ko‘p o‘tmay o‘rtamiyonadan ham pastroq saviyadagi kitoblarni potillatib chiqarishga tushib ketdingizlarki, tilim tanglayda qotdi: Stiven R. Kovi “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”, Brayan Treysi “Samaradorlikning 21 yo‘li”, Kel Nyuport “Diqqat: chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari”, Toni Shey “Baxt yetkazish: milliard dollarlik internet do‘kon tarixi”, Mark Menson “Beparvolikning nozik san’ati”, Malkolm Gladuell “Zukkolar va landavurlar”, Henri Ford “Mening hayotim”…
Puldorlar va puflab shishirilgan “psixolog-olim”larning hayoti, pand-nasihatlari… shaxsan menga-ku, sariq chaqaligam qizig‘i yo‘q ularning, biroq taajjubki, bugungi kitobxonlar shularni yotvolib o‘qiyapti… Nima balo, biznesda va ijtimoiy hayotda tezroq oyoqqa turvolishdan boshqa “dard”i qolmadimi, bugungilarning?! Xo‘p, shundayam deylik, Sizlar nega aynan shu xil kitoblarni ustma-ust chiqaryapsizlar? Yo Sizlarda ham, endilikda, bor-yo‘q “dard”laringiz shugina – moddiy manfaat, xolosmi? Adabiyot yo‘nalishidan Nobel mukofotini shu oxirgi yillar ichi olgan kitoblar-chi? Nuqul badiiy kitob bo‘lishiyam shartmasdir. Tibbiyot, til, kompyuter dasturchiligi, muhandislik, konchilik ishlari… singari sohalarga oid bugungi dunyoning eng manfaatli kitoblarini-da o‘sha ro‘yxatingizga – 100 ta o‘zbekchaga tarjima qilinajak kitoblar ichiga kiritsangiz bo‘lmaydimi? Texnika oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talabalarimiz haligacha, huv-v, 1997-yilda chiqqan darsliklarni qidirib yurishibdi (masalan: “Texnologik jarayonlarni boshqarish sistemalari”, mualliflar: N.R.Yusufbekov, B.E.Muhamedov, Sh.M.G‘ulomov. 694 bet. Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 1997-y.)… Iqrorman, noshir­lik ishlari-yu tijoriy qoidalarda uquvim oz. Bir narsaning – kassabop “qo‘llanma” bilan haqiqiy kitobning farqiga boraman, ammo.
Uch mingtaga yaqin kitobni chop etibsizlar shu paytga dovur. Ehtimol, ular orasida yuqorida so‘raganim singarilar bo‘lsa, bexabar ravishdagi bu murojaatim uchun uzr so‘rayman. Ammo bo‘lmasa, kamiga bundan keyin ham pul va psixologiyadan nariga o‘tolmasangizlar, kun kelib, Sizlar uzr so‘rashingizga to‘g‘ri kelib qolmasin, degan o‘ydaman. Mendan emas, albatta – “fast fud” kitoblar bilan “me’da”sini buzganingiz xalqdan va shu nashr etayotganlaringizga nisbatan yuz baravar baland KITOB­larni chiqarishga imkoningiz yeta turib chiqarmaganingiz, oqibatdan ko‘ra “oqcha”ni muhimroq fahmlaganingiz uchun Xoliqdan!
Birinchi milliy asar o‘laroq Javlon do‘stimizning romanini tanlaganingiz Sizlarni tarix zarvarag‘iga mixlashiga ishonaman, Xudo xohlasa. Har jihatdan maromida chiqqan, sifatli nashr bo‘libdi. Oshdan chiqqan toshdek tishga “qars-qurs” botaverib, ishtahani bo‘g‘adigan imlo xatolari… yo‘q, hisob. Atigi ikkita orfografik xatoni uchratdim: “Samarqarqand” – aslan, “Samarqand” (88-bet, yuqoridan quyiga sanalganda o‘n to‘rtinchi qatorda) va “muhkumday” – aslan, “mahkumday” (194-bet, yuqoridan quyiga sanalganda sakkizinchi qatorda). Asar korrekturasi ustida astoydil ter to‘kkan musahhihlar Gulnora Pattaxova ham Shavkat Do‘stmuhammad­dan Alloh rozi bo‘lsin! Dizayniga ham gap yo‘q! Kitob dizayn borasidayam baayni ustasining – Orzu A’zamning qo‘liga tushganini Xudoning tortig‘i, deb bildim!.. Ofset qog‘oz va bosmada nashr etilgani-da soz chiqibdi: varaqlari yengil, sarg‘ish, ko‘zni tez char­chatmaydi. Indallo, kimningki mehnati singgan bo‘lsa, barcha-barchasiga tashakkur! Buyog‘igayam, aqalli milliy asarlar nashrida, pultoparlik poygasida oldinda vang‘illab borayotgan, lekin ruh hech qanday oziq olmaydigan “kitob”larga o‘tib ketmassizlar, degan yorug‘ umiddaman. Aks holda, Sizning ham, bor-yo‘g‘i, bir to‘da kitob korchaloni ekanligingizga ortiq shubham qolmaydi!..

III. Va boshqalar!.. Sizlardan yagona o‘tinchim bor: kitobni oxirigacha o‘qimagan bo‘lsangiz – gapirmang! Muallifi otangiz bo‘lsayam, o‘qimaganmisiz, jim turing! Mobodo, o‘qishga erinsangiz – fikriy yalqovligingizni tan oling-da, til tishlang! Basharti, mavzusi qiziqtirmasa, unga ham iqror bo‘lavering, birov urushmaydi!.. Va agar, OXIRIGACHA o‘qib chiqqan bo‘lsangiz – gapiring! Gapirgandayam ortiqcha yuzxotir, oshna-jo‘rachilik istiholasi, mahalliychilik… barini bir chetga surib, yuragingizdagini gapiring, yo­zing, bildiring! Birovning og‘zidagini olib yeyishga, birovning ichki­yimini kiyishga, birovga suyanib yozilishga… qanchalik betingiz chidamasa, birovning gapini gapirish-u yozishga ham shunchalik hayo qiling!..
So‘ngso‘z:
…Tunov kuni tahririyatimizga Ekologiya partiyasining Samarqand viloyati bo‘limidan vakil kep qoldi. Ellik yoshlardagi odam. Stolim ustida ochiq yotgan “Qo‘rqma”ni ko‘rib, yuzi yorishdi. O‘ziyam yaqinda nashriyotdan buyurtma asosida sotvolib, o‘qigan ekan. Uning partiyasi, mening gazetam bir kunjakda qoldi-ketdi. Kitoblar haqida, hay, gurunglashdik!.. Shukr… Umid borga o‘xshaydi hali… Shukr…

Sherbek BOBONUR o‘g‘li