Bekat. Kechki payt bo‘lgani uchun avtobuslar qatnovi siyraklashgan. Odam gavjum. Hamma o‘z yo‘nalishidagi transport kelishini kutyapti. To‘satdan yonimdagi kishi­ning tomog‘ini chuqu-u-ur qirib tupurgani g‘ashimga tegdi. Kostyum-shim kiyganidan nufuzli tashkilotning xodimi ekanligi ko‘rinib turibdi. Lekin…
Atrofga yaxshilab razm soldim: o‘zim tengi, chamasi talaba,
sigareta chekkan ko‘yi dam-ba­dam to‘g‘ri kelgan joyga tupuryapti. Huv ana, qora shim va yengsiz oq ko‘ylak kiygan amaki ham kutayotgan avtobusi kelgani uchun og‘zidagi nosini tuflash ilinjida panaroq joy qidirib taraddudlandi. Axiyri yo‘lakning chekkasini mo‘ljalladi-da, ketidan baklashkasidagi suvni ho‘plab, og‘zini g‘arg‘ara qilgancha tupura-tupura, kaftining orqa tarafi bilan so‘lagini artib avtobusga chiqib ketdi…
Shunchaki jirkanch, farosat­sizlik! Boshqa ta’rifga hojat yo‘q…
2018-yil Rossiyada boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha jahon chempionatida Yaponiya terma jamoasi yaxshi natija qayd etmadi. Ayniqsa, chempionlikka daʼvogar Belgiyaga qarshi oʻyin magʻlubiyat bilan tugaganidan so‘ng muxlislar kayfiyati tushib ketgani rost. Lekin kutilmagan xabar barchaning hayratiga sabab boʻldi. Bu paytda dunyo
ommaviy axborot vositalari faqat bir narsa haqida gapirardi: “…stadion xodimlarining aytishicha, oʻyindan soʻng, yapon futbolchilari kiyinish xonasini chinnidek toza qilib qoʻyishibdi”.
Yaponiya maktablarida far­rosh yoʻq. Maktabning ozodaligiga oʻquvchilar “javobgar”, bolalar darsdan soʻng sinflarni tozalab ketishadi. Bu davlatda maktab hovlisini tartibga keltirgan, maktab bog‘idagi 3-4 daraxtni oqlagan bolalarning suratini ijtimoiy tarmoqda tarqatib, “mehnatga majburlash” deya bong urilmaydi…
Avstriya hukumati koʻchaga chiqindi tashlovchilarga qarshi keskin choralar joriy etgan. Jamoat joyida boʻsh shishani qoldirgan kishi 90 yevro jarima toʻlaydi, koʻchaga chiqindi tashlash qat’iy taqiqlangan. Germaniyada chiqindini maxsus qutiga tashlamagani aniqlangan qonunbuzarga 100 yevrogacha jarima qoʻllaniladi. Sigareta qoldigʻi, chanqoqbosdi ichimliklar idishini yerga tashlash 20 yevro, ovqat qoldigʻini duch kelgan joyga uloqtirish 30 yevro miqdorida jarima jazosiga sabab boʻladi.
Koʻchada yurarkanman, atrofimda sigareta qoldigʻi, pista poʻchogʻi, chaynalgan saqich, suvdan boʻshagan idishlar, selofan-u ishlatilgan himoya niqoblarini koʻraman. Avtobus chipta qogʻozlarini aytmaysizmi?! Ayrim kaslarning tozalikka “tupurib qoʻygani” yetmagandek, jamoat joylarida, bekatlarda behijolat tupurishi ham oddiy holga aylangan. Bizda bunga tabiiy qarashadi, kimdir sal ijirg‘anib, burnini jiyirishi mumkin, lekin aksariyat hollarda ularga hech kim tanbeh bermaydi, munosabat bildirmaydi.
Zamonaviy dunyoda odob-axloq qoidalarini bilmaslik noqulay holatga tushishingizga sabab bo‘ladi. Afsuski, bizda ko‘pchilik nihoyatda oddiy bo‘lgan etika va estetika qoidalariga, me’yorlariga rioya qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydi…
Singapur koʻchalari toza, ozoda, binolari baland va chiroyli. Bu davlatda tupurish, yo‘l-yo‘lakay nimadir yeb ketish, jamoat jo­yida yomon musiqa chalish yoki odobsizlarcha qoʻshiq kuylash qonun bilan taqiqlanadi. Singapurda koʻchani qoʻya turing, hatto uy sharoitida ham yalangʻoch holda yurolmaysiz. Bu “jinoyat”ni sodir etgan kishi 2000 AQSh dollari jarima toʻlaydi yoki uch oygacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Yana bir maʼlumot: Singapurda saqich chaynash mumkin emas. Saqichni mamlakatga import qilish jinoyatdir. Davlatga chet eldan saqich olib kirsangiz, “saqich kontrabandasi” bilan shugʻullanganlikda ayblanasiz va bu uchun 100 000 AQSH dollarigacha jarimaga tortilasiz yoki ikki yillik qamoq jazosini o‘taysiz.
Jarima degan soʻz yoqimsiz eshitilishi tabiiy. Ammo birgina eʼtiborsiz kishining nojoʻya harakati minglab odamlar­ning kayfiyatiga, sogʻligʻiga, qolaversa, tabiatga salbiy taʼsir qilgani-chi? Bu xatti-harakatlar odamiylikka ham toʻgʻri kelmaydi!
Dunyoning koʻpgina rivoj­langan davlatlarida chiqindi boʻ­yicha qonun-qoidalar mukammal ishlab chiqilgan. Samarali nazorat, tozalik borasida aho­li­ning madaniyati va bu ishlarda kishilarning bir-biriga ibrat koʻrsatishi tahsinga loyiq. Bizda-chi?
Poklik iymonning yarmi, de­yilgan muqaddas kitoblarimizda. Hadisi shariflarda ham Paygʻambarimiz: “Uchta joyga: suv oʻzanlariga, serqatnov yoʻllarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, laʼnatga qolishdan qoʻrqinglar”, deganlar. Zero, sogʻlig‘imiz, kayfiyatimiz, xotirjamligimizning jon tomiri ozodalikdir. Ammo negadir tozalik bizda borgan sari jiddiy muammoga aylanyapti…
Qadimda “suv yetti yumalasa — halol” degan gap boʻlgan. Burungi odamlar ariq suvidan bemalol ichishgan. Bugun ariqdan suv ichish tugul suvning yuziga qarab boʻlmaydi. Ota-onalari­miz chiqindini ariqqa supurma, suvga tupurma, koʻchaga axlat tashlasang, yomon boʻladi, deb qayta-qayta uqtirar edi. Afsuski, soʻnggi paytda tarbiyaning aynan shu jihatiga zil ketayotgandek, nazarimda.
Yurtimizda O‘zbekiston Ekologik partiyasi va turli Ekologik harakatlar faoliyat yuritishi barchamizga ma’lum. Qaniydi, bu tashkilotlar mazkur masalaga ham sal e’tibor qara­tib, dunyo tajribasini chuqurroq o‘rgangan holda amaliy tartib, qonun-qoidalar, lozim bo‘lsa, jarimalar joriy etishsa. Shunda yurtimiz ozodaligi va tabiat musaffoligiga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shgan bo‘lishardi…
Toʻgʻri, bugun tozalikka eʼtibor berish maqsadida yil davomida yuzlab tadbirlar oʻtkaziladi.
Lo­yihalar amalga oshiriladi. Lekin avval ongimizni tozalamasak, har birimiz o‘zimizni isloh qilmasak, bularning bari befoyda. Dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lgan odam ishni o‘z xonasini tartibga keltirishdan boshlaydi. Zero, tozalik uchun kurashish shart emas, bor yoʻgʻi yon-atrofingizni supurib, tozaligiga e’tibor bersangiz kifoya…

Abdulaziz AHMEDOV