Yaqinda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tajribaga asos solingani ko‘plarga yaxshi ma’lum. Bu tizim ishsiz yoshlarni ishli qilish, ular bandli­gini ta’minlashda katta dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, 2021-yil 11-mart kuni imzolangan «Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori katta o‘zgarishlarning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qila boshladi.

MUHIM DASTURILAMAL

Vazirlar Mahkamasining bu qarori bilan tuman va shaharlarda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuzildi.
– Bunday jamg‘armaga ehtiyojimiz bor edi. «Yoshlar daftari» shakllantirildi, imkoniyat darajasida ularga ko‘mak ko‘rsatilayotgan edi. Biroq bu yetarlicha emasdi, – deydi Nurafshon shahri hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivo­j­­­lantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nasiba Kulbekova. – Jamg‘armaning tashkil etilishi bilan bizda natijadorlik yanada o‘sadi.
Xo‘sh, jamg‘arma mablag‘lari nimalarga sarf etiladi, degan haqli savol tug‘iladi. Mablag‘lar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yigit-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha – 980 000 so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratish kabi maqsadlarga sarflanadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlari­ning to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berish ham nazarda tutilgan.
Ko‘pincha yoshlar muammolari haqida gap ketganda faqat ishsizlikni tushunamiz. Bu bir hisobdan to‘g‘ri, lekin muammolar shundangina iborat emas. Oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor bolalar ham bor. Ularning ayrimlari xorijda davolanib kelishi zarur. Bunday vaziyatda doim ham kerakli mablag‘ topilavermaydi. Yangi jamg‘armaning yana bir yaxshi jihati shundaki, og‘ir vaziyatdagi oila farzandlarining mamlakatimiz yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarini BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash imkoniyatini beradi. Umuman olganda jamg‘arma yoshlarning ehtiyojlari va xohish-istaklarini o‘rganish natijalari bo‘yicha ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam berishga sarflanadi.

YOSHLAR TADBIRKORLIKKA O‘QISA…

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki, Yoshlar ishlari agentligi va «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi bilan birgalikda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznes loyihalarini ishlab chiqish va kredit olishda ko‘maklashish, kredit ajratilgandan so‘ng yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatib borayotgani ham ayni haqiqat.
Shu kungacha Nurafshon shahrida 33 nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitildi va ularning 4 nafariga kredit ajratildi. Ayni paytda yana 40 ga yaqin yosh o‘qitilmoqda.
Tadbirkorlikka o‘qitish kurslari jami 48 soatni tashkil etib, o‘quvni tamomlaganlarga sertifikat topshiriladi. Ayni kunda tijorat banklaridagi kredit o‘rtacha 28 foizgacha berilayotgani e’tiborga olinsa, tadbirkorlikka o‘qitilgan yoshlar o‘z sertifikatlari bilan 14 foizdan oshmagan miqdorda kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. E’tirof etish kerak, hech qanday garovsiz 36 million so‘mgacha kreditlarni ikki ish kuni davomida olish tizimi yaratilgan.
Shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ular «1+1» loyihasi doirasida tajribali tadbirkorlarga biriktirilmoqda.

RO‘YXAT QISQARMOQDA

– Nurafshon shahrida 5885 nafar 18-30 yoshdagi fuqaro istiqomat qiladi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahri bo‘limi boshlig‘i Bobur Abduqodirov. – Ularning 257 nafari «Yoshlar daftari»ga kiri­tilgan. Bu yoshlar bilan olib borilgan muloqot va ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak samarasi o‘laroq «Yoshlar daftari»dagi ro‘yxat tobora qisqarib bormoqda. Hozir «mahallabay» kesimda «Yoshlar daftari» yangilanayotgan bo‘lsa, keyinchalik «sektorbay» kesimda tahlil qilinadi. Xalq deputatlari Nurafshon shahri Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga yangilangan «Yoshlar daftari»ni tasdiqlash uchun kiritish mo‘ljallangan.
Nurafshon shahridagi yoshlarning bandligini ta’minlash va muammolarini hal qilish uchun «yoshbay» ish olib borilyapti. Shahardagi «Yoshlik» mahallasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, «Yoshlar daftari»ga bu mahalladan dastlab 11 nafar yosh kiritilgan edi, bugungi kunga kelib ular 5 nafarni tashkil etmoqda.
Nurafshon shahri hokimi o‘rinbosari Nasiba Kulbekova, Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahri bo‘limi boshlig‘i Bobur Abduqodirov hamda «Yoshlik» mahallasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdusalomova bilan birga mahalladagi xonadonlarda bo‘ldik.
Mahalla yoshlaridan biri Gulnora Muhiddinova shahar hokimligi tavsiyasi bilan chevarlikka bepul o‘qimoqda. U hozir sog‘lig‘i ko‘tarmayotgani tufayli tahsilni yakuniga yetkaza olmasligi sabab hunar o‘rganishni onlayn davom ettirish niyatida. Tahsilni tugallagan zahoti maxsus sertifikat hamda imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasining sohibasiga aylanadi. Shuningdek, ushbu xonadon bekasi Naima aya Muhiddinovaning bildiruvlari bilan xonadondagi boshqa muammolarga ham yechim topiladi. Eng muhimi, Gulnora Muhiddinova ham hunarli, ham ishli bo‘ladi. O‘z-o‘zini band etish orqali mehnat stajiga ham ega bo‘ladi.
«Yoshlik» mahallasidagi yana bir yosh – Munisxon To‘rasaidova tadbirkorlikka o‘qishni endi boshlaydi. Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahri bo‘limi tomonidan uning tahsil jarayonlari muvofiqlashtirib boriladi. U oila a’zolari bilan kengashib, chorvachilik uchun 33 million so‘m kredit olish niyatida. Mahallaning «Yashil» ko‘chasida yashovchi 19 yashar Suhrob Ziyosharipov esa tadbirkorlik kurslarini bir emas, ikki marta tamomladi. Bugungi kunda imtiyozli kredit olish uchun barcha hujjatlar tayyor. U parrandachilik bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan.
– Hozir kurkaning bozori chaqqon, – deydi Suhrob Ziyosharipov. – Isroilning naslli kurkalarini xarid qilish bo‘yicha barcha hujjatlarni rasmiylashtirganmiz. Hovlida kurkalarni parvarishlash uchun hamma sharoitlar yetarli. Hech qanday muammo yo‘q. Faqat havo ilishi kerak. Aprel oyi oxiri-may oyi boshlarida kredit ajratiladi va kurka jo‘jalarini parvarishlay boshlayman. 150 bosh jo‘janing har birini 10 AQSh dollaridan xarid qilishni rejalashtirib turibman.
Bu kabi fikr va xulosalar­ni Nurafshonning har qaysi mahallasidagi yoshlardan ting­lash mumkin.

YOSHLAR MAS’ULIYATLI BO‘LISHI KERAK!

– Ota-ona har bolasini katta orzu-umidlar, niyatlar bilan tarbiyalaydi, — deydi Nasiba Kulbekova. – Farzandlar ulg‘aygani sayin ota-onalariga yengillik berishi, ko‘maklashishi, mas’uliyatni his qilishi ke­rak. Buning uchun bolalikdan ko‘proq o‘qish, ko‘proq bilim egallash va ulg‘aygan sari egallangan bilim va ko‘nikmalarni qo‘llay borish, ko‘proq o‘rganish talab etiladi. Ota-onalar voyaga yetgan farzandlariga qarab iztirob chekishi emas, mamnun bo‘lishi, ularning rohatini ko‘rishi kerak. Buning uchun biz imkoniyat va vakolat doirasida barcha ko‘makni berishga tayyormiz.
Katta minbarlarda o‘rtaga tashlanib, mamlakatning barcha kent-u tumanida keng quloch yozayotgan yoshlarga oid davlat siyosati har bir yigit-qizning hayotida, turmushida o‘zgarish va yangilanish yasamay turib nihoyasiga yet­maydi.
Yangilanayotgan yurtning yoshlarga oid yangi davlat siyo­sati avvalgilarga o‘xshamas. Avvalgilarga o‘xshamagan davlat siyosati nurlaridan bahramand yoshlar ham avvalgilarga o‘xshamasdir.

Otabek ISROILOV,
jurnalist