Universitetga kirish, “talaba” degan nomga sazovor bo‘lish har bir o‘quvchining orzusi. Uyqusiz tunlar, darsdan chiqib darsga qatnashlar, bayramlar-u to‘y-hashamdan voz kechib faqat o‘qish va uqish bu maqsadga yetishning yagona to‘g‘ri yo‘lidir.

Hozir oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun, albatta, repetitorga borish kerak. Aks holda urinishlar bekor ketadi. Buni qo‘shimcha darsga qatnab talaba bo‘lganlar yaxshi biladi. Aslida biz oyiga
qancha-qancha pul sarflab o‘rganyotganimiz maktab o‘quv dasturidagi bilimlardir. Maktabda bizga o‘rgatilgan (o‘rgatilishi kerak bo‘lgan!) mavzularni, bilimlarni repetitorga borib o‘zlashtiramiz! Buning sababi ta’lim tizimimizdagi oqsoqlikka borib taqaladi.
Ta’lim tizimining “boshi” maktab. Bola kelajagi uchun muhim qadam maktabda qo‘yiladi. Shu davrda yozish-chizishni o‘rganadi, bilim olish va uni kerakli joyda, kerakli maqsadda ishlata bilish ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi, kasb tanlaydi, kelajagiga mos oliy ta’lim dargohini belgilaydi. Ya’ni o‘quvchi maktabni bitirganida oliy ta’limga kirish uchun tayyor bo‘lishi kerak. Har tomonlama: bilim, saviya, tarbiya, psixologik jihatlardan yetuk bo‘lishi lozim. Ammo bizda…
Bu muammoning bir qancha sabablarini keltirish mumkin. Birinchidan, maktab darsliklaridagi mavzular yuzaki, boshlang‘ich tushuncha berish uchungina xizmat qiladi. Ona tili darsida o‘quvchilar kitobdagi mashqlarni ko‘chiradi, fizikada formula yodlaydi, lekin uni qachon, qayerda ishlatishni bilmaydi, matematikada bir xil qolipdagi misollarni yechadi,biologiya,adabiyot fanlaridan daftarni to‘ldirib konspekt yozadi. Lekin ko‘pincha nima yozganini o‘zi ham bilmaydi.
Juda ko‘p o‘qituvchilar o‘quvchilarni darsga qiziqtira olmaydi yoki bunga intilmaydi. Ustoz­lar faqat kitobda berilgan qoidalarni o‘qib berish bilangina qanoatlanmay, o‘quvchilarni qo‘shimcha ma’lumotlar, qiziqar­li mashg‘ulotlar bilan darsga jalb qilsa, darsni direktor kuzatganda yoki komissiya kelganda o‘tiladigan sifatli darslar doimiy jarayonga aylantirilsa, ta’lim sifati ancha yaxshilangan bo‘lardi.
Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtiga kirish niyati bo‘lgan har bir yosh o‘z maqsadi yo‘lida harakat qilsa,o‘zi tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha fanlarga katta e’tibor qaratib, yaxshi o‘zlashtirib borsa, repe-
titorga ehtiyoj qolmaydi. Ko‘p hollarda, maktab ma’muriyati o‘zlari yetarlicha bilim bera olmagani yetmaganday
o‘quvchi-abituriyentlarning repetitorga borishiga ham to‘sqinlik qiladi. Aniqroq aytganda, davomatga bi-
rinchi darajali vazifa sifatida qaraydi. Ammo bu­ning imkoni yo‘q. Kamida 6 soatlik dars 13:30-14:00 oralig‘ida tugaydi. O‘quv markazlaridagi saboqlar 14:00 da boshlanishini inobatga olsak, maktab darslariga zarar yetkazmasdan qo‘shimcha mashg‘ulotga qatnab bo‘lmaydi. Kechki vaqtlar
dagi darslar esa o‘quv­chilarga juda noqulaylik tug‘diradi.
Xullas, maktablar repetitorga borishga hojat qoldirmaydigan qilib sifatli ta’lim berishi kerak, bunday qila olmasekan, o‘quvchilarning qo‘shimcha mashg‘ulotlari uchun qulay bo‘sh vaqtlarni yaratib berishi zarur!

Lobar QODIROVA,
O‘zJOKU talabasi