Toshkentga kelganimga ikki oydan oshdi. Avvaliga gavjum shaharning yo‘llari ancha adashtirdi. Serqatnov ko‘chalardagi avtobuslar qatnovini ham tushunib olish biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Ozroq vaqt o‘tgach esa, ancha moslashib oldim. Chalkashlik deb baholaganla­rim bari batartib, ma’lum qonuniyat asosida shakllanganiga shohid bo‘ldim. Har tong bekatda avtobus kutaman, manzilga yetgach tushib qolarkanman, ulov ichiga ko‘z yugurtiraman. Ko‘plar doimiy hamroh yo‘lovchilar: ko‘zoynak taqqan qizaloqni yetaklagan juvon, qora portfel ko‘targan, bo‘ynidagi salibi doim osilib turadigan qariya, ko‘zlari telefon ekranidan uzilmaydigan yigitcha…

Avtobus bekatlardan bekatlarga imil­lagancha, shoshmasdan yuradi. Ammo har qachon tig‘iz bu kentning serhafsala avtobuslari ham, ba’zan besabrlik qilar ekan. Ancha avval tarmoqlarda tarqalgan “shumaxer” avtobus haydovchilarining qilmishini istehzomuz qabul qilgandim. Biroq bu safar o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan avtobuslar poygasi tamoman hayratga soldi. Tushundimki, bu masala haqida jiddiy bosh qotirish kerak. Axir, manzilga eson-omon yetib olishni ko‘zlayotgan yo‘lovchilarning havotirlari ham avtobus haydovchisining gardanida emasmi?
Toshkent megapolisida yengil mashi-
nalarning tezlikni oshirgani qancha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lgan bir vaqt-
da, jamoat transportlari haydovchilari o‘zini Dubayning I toifa yo‘lida Ferrari boshqarib ketayotgandek tutishi ayanchli va xavotirli. Lekin avtobus haydovchilarining bu shakl bahslari ko‘ngilxushlik uchun emas, ko‘p hollarda yo‘lovchi talashish oqibatida ekani, bekatlarning tuzilmasi, yo‘nalishlarning, grafikning to‘g‘ri belgilanmagani bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda mutasaddilar jiddiy o‘ylashi kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham avtobus haydovchilari ularga bildirilgan ishonchga munosib harakat etishlari zarur. Zotan, boshqarayotgan transportidagi har bir yo‘lovchi uchun shaxsan javobgardirlar.
Shular haqda o‘ylab avtobusim kelganini payqamay qolibman. Doimiy hamrohlarim qatoriga qo‘shilarkanman, kata-katta oynalar ortidan mo‘ltiragan murg‘ak ko‘zlarning, ajin bosgan qovoq-
lar tagidan termulgan umidbaxsh ni-
gohlarning taqdiri rul oldidagi o‘rta yosh erkakka bog‘liqligi haqida xayol qilaman. Avtobus bo‘lsa, mening xayollarimdan boxabardek sokin borardi.

Jalol MIRZOZODA,
O‘zJOKU talabasi