Yoshlar kelajakni yaratuvchi kuch ekanligini yaxshi anglaymiz. Shu jihatdan ularning bilimli, intellektual salohiyati yuqori bo‘lishi uchun harakat qilamiz. O‘qituvchi sifatida aytishim mumkinki, davlat rahbaridan tortib shu sohadagi barcha ularning kelajagi havas qilsa arzigulik bo‘lishini xohlaymiz.
Ammo qancha qilinayotgan mehnatga qaramasdan yoshlarni arzimas narsalar ortidan tezda ergashib ketib qolishlari kishi dilini xira qilishi tabiiy. Savol tug‘iladi: xo‘sh nega bunday bo‘layapti? Internet, ijtimoiy tarmoqlar va qo‘yingki, ko‘chada ko‘rgan birgina “ommaviy madaniyat”ning bir ko‘rinishi ularning to‘g‘ri yo‘ldan adashmasliklari uchun qilinayotgan harakatni lahzada havoga sovurib yuboryapti…
Ularga kitob o‘qishlarini uqtirish, rag‘batlantirish orqali natijalar ijobiylashib bormoqda. Ammo ularda barcha salbiy illatlarga qarshi immunitet shakllantirish uchun bu jarayonni yanada jadallashtirish shart. Birinchi navbatda yoshlarna kitob o‘qish, mutolaa zerikarli mashg‘ulot emas, qiziq jarayon ekaniga ishontirishimiz kerak. Har bir o‘qiyotgan asarlarining yangi sahifasi ularda kuchli taassurot uyg‘otishi zarur. Maktabning ilk sinflaridanoq yoshlarimizga bir xil mavzuga qaratilgan, faqat pand-nasihatdan boshqa narsani o‘z ichiga olmaydigan zerikarli asarlar o‘rniga, ularni o‘ziga maftun etuvchi milliy va jahon adabiyoti namunalarini o‘qitish kerak. Agar bu adabiyotlar asosida biror-bir mashhur film ishlangan bo‘lsa, albatta, buni ko‘rishlari uchun harakat qilish lozim. Chunki o‘quvchi film va badiiy asarni solishtirib, qanday qilib kitobni so‘nggi betigacha o‘qib qo‘yganini sezmay qoladi.
Yana bir haqiqat hozirgi kunda kutubxonalarning eng katta raqibi — internet. Bu bilan internetdan foydalanishni yomonlashdan yiroqman. Ammo, foydali ma’lumot izlaganda ham tarmoqlarga joylangan ba’zi reklamalar orqali fikrda bo‘linish kuzatiladi. Shu jihatdan yuqoridagi fikrimni yana qaytarmoqchiman — yoshlarimizdagi salbiylikka nisbatan immunitetni oshirishimiz lozim.
Bunda kutubxona va undagi xodimlarning ham o‘rni bor. Ba’zida kutubxonalar quyidagicha yondashuvni amalga oshiradi: — kitob kerak bo‘lsa, marhamat, kelib o‘qi! Bunday munosabat bugungi davrga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Nafaqat yoshlarni balki yoshi kattalarni ham bu maskanga jalb qilish va kitob o‘qishga qiziqtirish ham bir san’at. Agar kutubxonada yoshi ulug‘ bir kishi mutolaa qilib turganini ko‘rishning o‘zi ham ta’sir kuchiga ega. Haqiqiy namuna, ibrat namunasidir!
Bundan tashqari, kitobxonlikni targ‘ib qilishda so‘nggi chop etilgan asarlar targ‘ibotini keng yo‘lga qo‘yish, mutolaani ommalashtirish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni kuchaytirish kerak. Kitobxonlar klublarini tashkil etishni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yilsa, foydadan holi bo‘lmasdi
Maqsadimiz bolalarning kitobni ommaviy ravishda mutolaa qilishlariga erishish. Bu yo‘lda “bunga meni aloqam yo‘q”, “hamma o‘zining ishini bilib qilsin”, “menda ortiqcha vaqt bormikin?” kabilidagi fikrlarni chetga surish, oilada bo‘lsin, maktab yoki ko‘chada bo‘lsin harakatni susaytirmaslik kerak. Axir gap bir-ikki kishining emas, butun millatning kelajagi haqida ketayapti!

Bibigul OCHILOVA,
Navoiy shahridagi 2-maktab o‘qituvchisi