Bir o‘zbek dehqoni sulolasining uch vakili — bobo, ota va o‘g‘il taqdiri timsolida xalqimizning istibdod ostida kechgan 130 yillik hayoti bilan tanishganimdan so‘ng, xayolimdagi yechim izlayotgan ko‘pgina savollarga javob topgandek bo‘ldim.
“Otamdan qolgan dalalar”ni qilich ustida yurib o‘qidim, soch tolasiga ilingan xanjar tepamda osilib turgani kabi hadiksirab mutolaa qildim. Uning ta’sirida 4-5 kunlab o‘zimga kela olmadim. Asar nafaqat dolzarb mavzusi, balki badiiyligi bilan ham fikr-u xayolimni egallab oldi. Adabiyotimizda jiddiy voqea bo‘lgan bu romanning o‘ziga xos qurilishi, betakror ifoda yo‘sini, jozibasi, ohang-u samimiyati qulog‘im ostida dostonday jaranglab turibdi.
“Otamdan qolgan dalalar”ni “qonim qaynab”, quyushqondan chiqib, asab tolalarim tarang holda o‘qidim. Asarni tugatganimdan so‘ng, biroz tin oldim. Tushundimki, bundagi qahramonlar haqida to‘lib-toshib gapirib bo‘lmaydi, minbarlarda, davralarda ko‘kragingizga urib qarsakbozlik qilolmaysiz. Haqiqat — achchiq bo‘ladi!
Asarda sho‘ro hukumatining taniqli arboblari Poltoratskiy, Kolesov, Uspenskiy, polkovnik Chanishev va boshqa “og‘a”larning o‘zbek xalqiga bergan jabr-zulmi hayotiy va haqqoniy tasvirlangan. Ularning qilmishlarini shunchaki o‘qib bo‘lmaydi, bevosita o‘sha muhitga tushasiz va xalq bilan birga tepangizdan zahar sochuvchi samolyotlar tagida paxta dalasida chopiq, “yagana”, “chikanka”da yurasiz, kechani kecha, kunduzni kunduz, sovuqni sovuq, issiqni issiq demay mehnat qilasiz. Ko‘nglingiz kuyuklarini kiprik qoqib uyg‘onayotgan tong chog‘ida Bobotog‘ cho‘qqilariga chiqib, oqarib kelayotgan osmonga aytasiz, “yenglaringizga yig‘laysiz, yag‘iri chiqqan kir yoqalaringizga yig‘laysiz”, xullas, asarda YASHAYSIZ.
“Otamdan qolgan dalalar” jamiki dehqonlarning(aslida ota-bobolarimizning) “qul”likdagi qismati, zanjir va qamchilar ostida o‘tgan achchiq kechmishidir. Moskovdan kelgan muxbirlarning: “Yashash sharoitingiz qanday?”, degan savoliga uyida bir burda noni bo‘lmasa-da, “…hamma narsa yetarli. Uyimizda gaz, radio, televizor bor. Har kuni kechqurun kolxoz klubida kino ko‘ramiz. Biz paxtakorlar uchun hamma narsa muhayyo!”, deya yolg‘on intervyu bergan opa-singillarimizning, kasbiga panja ortidan qarayotgan “Jurnalist”larning holati aks ettirilgan. “Otamdan qolgan dalalar”ni ohori to‘kilmagan so‘zlar ila bitilgan ash’orday xirgoyi qilasiz, qo‘shiq qilib kuylaysiz!
Asarda dushmanga bosh egmaslik uchun zindonda tomirini kesgan yoki qamoqxonaning ikkinchi qavatidan o‘zini tashlab o‘lgan chin ma’nodagi vatanparvar rahbarlarning ham tasviri bor, albatta. O‘zbekning g‘ururi, qadr-qimmati, jaydari odamlari nihoyatda ustalik bilan aks ettirilgan. Shu bilan birga “Sokol” va “Sadist”lar timsolida mavjud Sho‘ro siyosati, tuzumdan nafratlanadigan, jirkanadigan, ammo yashab qolish uchun “jon saqlab” yurgan ikkiyuzlamachi amaldorlar ham fosh etiladi.
Uni o‘qish davomida dalada mehnat qilayotgan norasidalar ust-boshining yirtiqlari va yamoqlaridagi g‘ij-g‘ij bit vujudimda g‘imir-g‘imir yurganini his etdim. Dalada charchab uxlab qoldim. Samolyot sepgan zahar tagida qolib ketib, olamdan ko‘z yumgan Ziyodning boshida iz-z-z iz-z yig‘ladim. “Ziyoduuu… Voy bolam-ay, paxtaga yo‘liqqan bolam-ay!.. Voy bolam-ay, paxta urib ketgan bolam-ay!”, deya faryod qilayotgan munis onaning oh-u nolalarini tinglab, uni yupatdim…
“— Bari ayb mendan bo‘ldi, — deyman. — G‘o‘za ichida uxlama, deganimda, Ziyod oshnam ketmas edi…”
Asarda Jamoliddin ketmonning imon-e’tiqodi, g‘ururi, Aqrabning jasorati, xalq ozodligi yo‘lida qilgan harakatlari bir tomon-u Dehqonqulning “qul”ligi bir yon! Mutolaa davomida Dehqonqul ham ajdodlariga mos bo‘lib, “uyqu”dan uyg‘onishini kutasiz, xotimaga qadar bu umid ko‘ngilning bir chetida chiroqday miltillab turadi. Hatto, asar oxirida Dehqonqulga tamaddi qildiramiz deb “Qani, palov yegich qo‘lingni ber” deya tuvak olib, kaftiga tezak solib, uni yedirishganda ham, endi “uyg‘onadi”, jahli chiqadi, qoni qaynaydi, deysiz. Ammo…
Dehqonqul ayolining qo‘ltig‘iga beixtiyor ko‘zi tushib, kiyimida qotib qolmish terni olachalpak yamoq deb o‘ylaydi. “Yo‘q, oqarib turmish olachalpak yamoq bo‘lmadi. Olachalpak… ter bo‘ldi. Chang aralash, kir aralash, jun aralash ter bo‘ldi…”.
Akamiz bu vaziyatda tamaddi qilayotgan edi. Ishtahasi bo‘g‘ildi. Lekin qorni ochligi uchun o‘lgan kunidan, ilojsizlikdan taom ichadi. “Taom icha-icha ayolimizga razm soldim. Bechora dalada-da bir ko‘ylakda yuradi, uyda-da bir ko‘ylakda yuradi. Bechora kunda-da bir ko‘ylak kiyadi, tunda-da bir ko‘ylak kiyadi. Bechora haftalab bir ko‘ylak kiyadi, oylab bir ko‘ylak kiyadi. Ko‘ylak almashtirayin demaydi. Ko‘ylak tugul, qo‘ltiq tugul — oyna qaramaydi…”.
Bu Dehqonqul ayoli timsolida o‘sha davr mehnatkash ayollarining haqqoniy tasviri edi. Shu bilan birga, Dehqonqul — ayolining ahvolini ko‘rib, “bu zot… go‘zallar namoyishida ishtirok etsa… nechanchi o‘rinni… nechanchi sovrinni olar bo‘ldi?” deya o‘z umr yo‘ldoshidan jirkangan, yashash sharoitini yaxshilash o‘rniga “go‘zallar tanlovi” haqda bosh qotirayotgan, paxtadan boshqa hech narsaga fahmi yetmaydigan manqurt “erkak”lar timsoli edi.
“Osmon — tosh bo‘ldi. Yer — tosh bo‘ldi. Devor — tosh bo‘ldi”…
Uyda o‘g‘li Qulmat dardmand, vitamin yetishmaydi. Denov dorixonalaridan dorilarning bittasiyam topilmadi. G‘o‘za ishlari ko‘payib ketganidan dorixonadan qaytib xabar olmadi. “Dardmand Qulmatimiz ingilladi: — Ota, pomidor bering! — dedi. Men hayronlandim — to‘rxaltada pomidor yo‘q bo‘ldi. — Pomidor? Qani pomidor? — dedim. Qulmatimiz qo‘li bilan xurmoni ko‘rsatdi. E, tavba-e, o‘g‘limiz xurmoni tanimadi!”.
Uylar to‘la non — och-nahorim bolam,
Ariqlar to‘la suv, tashnayi zorim bolam…
Dehqonqul tashqi muhit oldida ojiz, zaif, qat’iyatsiz, mahkum. O‘zi ochlikdan sillasi quriganiga qaramay, olifta, badavlat, to‘q ko‘ringisi, baxtli kishi rolini o‘ynagisi keladi. Aslida qashshoq bo‘lsa ham, o‘zgalar ko‘ziga yaxshi ko‘rinish, o‘zini badavlat ko‘rsatish uchun cho‘ntagidagi bor pulga bozorlik qiladi, mehmonga borini “sochadi”…
O‘sha rutubatli davrda O‘zbekiston bo‘yicha oxirgi ikki yilda yetti yuz ellik uch nafar xotin-qiz o‘z-o‘ziga o‘t qo‘yadi. Bu raqamlarning safida Dehqonqul akamizning ayoli ham bo‘ladi. Bu xo‘rlig-u jabr-zulm, og‘ir va ayovsiz mehnatga qarshi ayollarning isyoni edi. Akamiz esa barmoqlari orasidan dardlari duv-duv to‘kilsa-da, buni “ko‘rgilik… katta ko‘rgilik”, deya baholashdan nariga o‘tmaydi. Ha, bu ko‘rgilik shaklidagi ulkan fojia edi!
Turli qiynoqlardan so‘ng qilmagan “qilmishlari”ni bo‘yniga olgan Dehqonqul asar oxirida yo‘qotish-u ayriliq iztiroblaridan so‘ng ham dalalarini o‘ylaydi, paxtasi haqida qayg‘uradi. 8 yilga ozodlikdan mahrum etilganidan keyin, oxirgi tilagi yana — dalasini bir ko‘rish bo‘ladi va paxta boshiga borib “plan” to‘lish-to‘lmasligi haqida bosh qotiradi.
“Ko‘nglim tub-tubida kuyuklarim bor, kuyuklarim… Kuyuklarimni dalalarimga yorayin, endi. Kuyukni kuyuk olsin, endi”…
Nihoyat so‘nggi daqiqalarda u barini anglaydi, tushunib yetadi. Lekin endi kech edi: “Sen tirigim tirnog‘in yeding, sen o‘ligim yog‘in yeding — ammo to‘ymading! Ivan Ivanovich! Men ochlikdan o‘lmadim — sen to‘qlikdan yorilmading! Ivan Ivanovich! Sen ko‘zingga tuproq to‘lmaguncha — el-yurtga to‘ymaysan! Men seni yuz o‘ttiz yil to‘ng‘ich akam, dedim. Bo‘ldi — men endi seni to‘ng‘ich akam, demayman. Men endi seni to‘ng‘ich aka degich tillarimni kesib, itga tashlayman!”…

Abdulaziz AHMEDOV