Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tajriba tariqasida eshitishida nuqsoni bor talabalar uchun yana bir qulaylik yaratildi.
Hali faoliyatini boshlaganiga uncha ko‘p bo‘lmagan “Taekvando va sport faoliyati” fakultetida bugungi kunda O‘zbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan yoshlar tahsil olishadi. Ular orasida 9 nafar Jahon chempioni, 10 nafar Osiyo chempionlari va 100 dan ortiq O‘zbekiston chempionatlari hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalarining g‘olib, sovrindorlari bor. Nuriddin Davlatov va Farxod Umurzoqovlar 2021-yil 24-28-mart kunlari Manchester (Angliya) shahrida Para Pauerlifting sport turi bo‘yicha Jahon kubogida 1-o‘rinni egalladi. Rio da o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Azizbek Abdulxabibov esa 2021-yilda Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari talaba-yoshlar orasida 2 nafar Zulfiya davlat mukofoti sohibalari, 1 nafar “Yil talabasi 2020” Respublika tanlovida “Yilning eng faol sportchi talabasi” nominatsiyasi ko‘rik tanlovi g‘olibi, 1 nafar “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘rik tanlovining g‘olibligini qo‘lga kiritgan talabalar tahsil olmoqda. 7 nafar talaba esa Tokiodagi musobaqalarga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun harakat qilmoqda.
Universitetda imkoniyati cheklangan talabalarga nazariy bilimlarni olishlari uchun qulayliklar yaratish borasida talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy o‘quv yilining ikkinchi yarmida eshitishda nuqsoni bor talabalar darslarni qulay imkoniyatlarda o‘zlashtirishlari uchun nazariy mashg‘ulotlarni ma’ruza o‘qituvchisi bilan birga surdo tarjimon olib borishi yo‘lga qo‘yildi.
Eshitishda nuqsoni bor talabalar ma’lumotlarni eshitishdan ko‘ra ko‘proq ko‘rib qabul qilishadi. Darslarni ham ko‘rib, kuzatib o‘zlashtiradilar va amalda sinab ko‘radilar. O‘zlariga kerakli bo‘lgan bilimlarni harakatlarda ko‘rib, maxsus o‘quv dasturlari orqali fanlarni tez va qulay o‘rganadilar. Bunda surdopedagog va surdo tarjimonlarning yordamlari katta bo‘ladi.
Bugungi kunda “Taekvando va sport faoliyati” fakultetida surdo tarjimonga ehtiyoji bor 9 nafar talaba o‘qiydi. Surdo tarjimon talabalarga nazariy bilimlarni yetkazish bilan birga ularni qiziqtirgan masalalarda ham ma’lumotlar olishida hamkorlik qilmoqda. Talabalar bu qulaylikdan minnatdor.

O‘zMU Axborot xizmati