Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Tong” madaniyat markazida tadbirkorlikka o‘qitilgan 31 nafar yoshga maxsus sertifikatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qayd etish kerak, yoshlar Nurafshon shahri hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahri bo‘limi tashabbusi va ko‘magida bepul o‘qitildi.

Butun dunyoda yosh avlod misli ko‘rilmagan darajada ko‘pchilikni – qariyb 2 milliarddan ziyodni tashkil etmoqda. Insoniyat tarixida yoshlar sonining eng yuqori ko‘rsatkichidir bu. Jahondagi yoshlarning qariyb 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi va ular aholining salmoqli qismini tashkil etadi.
Ayniqsa, bugun O‘zbekiston muhim demografik chegarada turibdi. 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. Buni respublika uchun o‘ziga xos “demografik dividend”, deb atash mumkin. “Yoshlar sarmoya kiritilishi lozim bo‘lgan o‘ta qimmatli va nihoyatda muhim manba hisoblanadi. Zero, kiritilgan sarmoyalar ko‘p marotaba o‘zini oqlay oladi”, deyiladi BMTning “Yoshlar – 2030” yoshlar strategiyasida.
Mamlakatimizda ishsiz yoshlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘rgatish maqsadida “1+1” dasturi amalga oshirilayotgani ko‘plarga yangilik emas. Bunda 100 ming o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitish, ularga keyinchalik imtiyozli kreditlar ajratish nazarda tutiladi. 2021-yilning dastlabki uch oyi mobaynida hududda 33 nafar yosh o‘qitildi va ularning 15 nafariga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 504 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
“Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyiliga asoslangan “1+1” dasturi doirasida nurafshonlik 31 nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitildi. 48 soatlik kurslar yakunida ularga maxsus sertifikatlar topshirish mo‘ljallangan.
– Bu sertifikatni olgandan so‘ng undan foydalanish kerak, – dedi Nurafshon shahri hokimining o‘rinbosari Nasiba Kulbekova yoshlarga qarata. – Bu imkoniyatdan unumli foydalanishingiz, shaxsiy tadbirkorligingizni yo‘lga qo‘yishingiz lozim. Bepul o‘qitish, yaxshi sharoit va imtiyozli kredit hech qachon bo‘lmagan.
Maxsus sertifikat sohibiga aylangan 31 nafar tinglovchining 11 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Kelgusida qamrovni kengaytirib, yanada ko‘proq yoshlar kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitiladi.
– Kredit uzog‘i bilan 3-4 bank ish kunida ajratilishi kafolatlanadi, – dedi “Mikrokreditbank” ATB Piskent filiali O‘rtachirchiq mini banki yetakchi mutaxassisi Nargiza Nishonova. – Yoshlarga qulay jihati, sizlar maxsus sertifikat bilan imtiyozli kredit olasizlar. Imtiyozli kredit 14 foizlik ustama bilan ajratiladi. Agarda sizda maxsus sertifikat bo‘lmasa, 14 foiz emas, 28 foiz bilan kredit olishingizga to‘g‘ri kelardi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan va qiynayotgan muammolari bilan mutasaddilarga murojaat qildi. Yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun Nurafshon shahri Davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda soliq qonunchiligi doirasida yoshlarga soliq imtiyozlari yaratishga kelishib olindi.

Ishsiz yoshlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish bundan keyin ham izchil davom etib, “Yoshlar daftari”dagi yoshlarni ko‘proq qamrab olish mo‘ljallangan.

Otabek ISROILOV