Axborot texnologiyalari asrida yashamoqdamiz. Hayotning barcha sohalariga kirib kelayotgan texnologiyalar mushkulimizni osonlashtirmoqda. Ilgari ko‘p vaqt talab etilgan ishlar bir zumda bajarilmoqda, xususan, og‘ir ishlarni texnikalar bajarishi, uzoq masofaning yaqinlashgani, bir necha kunda qili­nadigan ishlarning soatlarda bajarilishi bizni ortiqcha mashaq­qatlardan xalos etib, vaqtimiz tejalishiga sabab bo‘lmoqda.
Qiziq, rostdan vaqt tejalmoqda, lekin u qani?

Jondan suygan onalari­mizni har kuni bir bor ko‘rib kelishga, duolarini olib, “sizni yaxshi ko‘raman, onajon!” deyishga vaqt yo‘q, bolalari­mizni sayrga olib chiqishga bir oyda bir vaqt topmaymiz, sayr u yoqda tursin, bir soat erta uyga kelib, ular bilan o‘ynashga vaqtimiz yo‘q. Qo‘shnidan xabar
olishga-ku umuman fursat topa olmaymiz. Qachon ota-onamizni, oilamizni olib teatrga, ziyorat yoki dam olish­ga borganimiz esimizdan chiqqan. Kitob o‘qish-chi? Oxirgi o‘qigan uchta asaringizni sanab bering-chi?
Ko‘pchilikning javobi bir: “Vaqtim yo‘q”.
Rivojlangan texnologiyalar hayotimizda juda ko‘p ishlarni bajarib, qo‘limizdan ishni olgan bir davrda vaqt ortib qolish o‘rniga, aksin­cha — yetmayapti, nega?
Sababi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bu texnologiyalarning ijobiy tomoni bilan birga salbiy ta’siri ham bor. Buni birgina hech yonimizdan ajralmaydigan mobil telefonlar misolida qisqa mulohaza qilsak.
Menga qolsa, bizni bir-birimizdan uzoqlashtirayotgan telefonga “VAQT O‘G‘RISI” deb nom bergan bo‘lardim. Kunimizning katta qismi shu — kichkina matohga bag‘ishlanmoqda. Axborot ummoniga g‘arq qiladigan internet, ijtimoiy saytlar, har xil ko‘rinishidagi “qiziqarli” o‘yinlar, turli videolar, sira tugamaydigan yozishmalar!.. Bularga sabab, vositachi shu “vaqt o‘g‘risi” emasmi? Bir ko‘rinishda bizga sezilmayotgan, hayotiy zaruratdek umrimizning oltinga teng soatlarini kemirayotgan telefonlar emasmi?! Eng achinarlisi, yoshlarning bu girdob domiga tushib, hech qo‘lidan qo‘ygisi kelmayotgani.
Uvol ketmoqda shuncha vaqt! Buning o‘rniga qanchadan qancha ezgu amallar, yaxshiliklar qilishimiz, yaqinlarimiz holidan xabar olishimiz, oilamizga vaqt ajratish, qo‘ni-qo‘shni, mahallaga chiqishimiz mumkin edi. Yoki qancha kitob mutolaa qi­lishimizni bir o‘ylab ko‘ring-a.
Yaqinda bir tanishimning harakatlari shularni yozishga undadi. Maktabdan kelishi bilanoq “Mening telefonim qani?” deb telefonga yopishgani, ovqatlanganda ham, yo‘lda yurganda ham shu telefondan boshini ko‘tarmayotgani hayratga soldi, qal­bimdan qandaydir bir o‘kinch o‘tdi: nahotki, dunyoga Xoraz­miy, Beruniy, Zamaxshariy, Farobiydek buyuklar bergan, Buxoriy, Termiziy, Ibn Sino-yu, Naj­middin Kubrolarga beshik bo‘lgan bu zaminimiz yoshlari uyquga qo‘lida telefon bilan ketib, uyg‘onganda “TELEFONIM QANI” deb uyg‘onsa.
To‘g‘ri, telefonning afzalliklari bisyor, biz shunchaki har yaxshining bir yomoni bo‘lishini, asalning ham ozi shirinligini nazardan qochirmasligimiz kerak. Inson qo‘li bilan yaratilgan har qanday narsani inson boshqarishi lozim, aksincha emas. “Vaqt o‘g‘rilari” bizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymaylik!
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan beshta muhim tashab­bus bizni, yoshlarimizni yana kitobga qaytarmoqda. “Yosh kitobxon” kabi ko‘rik-tanlovlar yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini orttirmoqda. Yoshlarimiz kitob o‘qishda bellashmoqda. Yoshlar ertalab ug‘onib “Telefonim qani?” deb emas, “Kitobim qani?” deb uyg‘o­nishni boshladi.

Sarvarbek XUDOYNAZAROV,
Urganch davlat universitetining tarix fakulteti talabasi