Bugungi kunda poytaxtimizning har bir tumanida Toshkent
shahri bandlik boshqarmasi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi
mavjud. Bunday markazlar viloyatlarda ham bor. “Aholi bandligiga ko‘maklashish
markaz”larining har oyda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari uchun e’lon qilib boradigan
alohida daftari bor. Bu daftarlarni ko‘zdan kechirib, aholi ish bilan
ta’minlanarkanda, degan xulosaga borgandim. O‘zini Hanifa deb tanishtirgan 30
yoshlardagi qizdan shunday markazlarga qatnab, nega ishga joylasholmaganini
so‘radim. “Markazga kelamiz. Bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilingan daftarni varaqlab
o‘zimga mos ish izladim. Topgach, shu yerdagi xodimlarga yuzlandim. Ular
yo‘llanma berishdi. Ammo borgan joyimdagi tashkilotdagilar o‘zlarining talab
va tartiblarini tushuntirishdi. Kompyuter sohasida men bilmagan dasturlar ko‘p,
shuning uchun ishga olishni rad etishdi. Yana shunday tashkilotlar
borki, maoshi bir millionga ham yetmaydi. Maoshni bir oyga taxminan bo‘lib
chiqqanimda yarmi yo‘lkiraga, yarmi tushlikka arang yetarkan xolos. Men
ishlashni xohlayman. Biroq ko‘ngildagidek maoshli ish yo‘q!” – deydi Hanifa.
Bunday yoshlarni ko‘plab uchratish mumkin. Darhaqiqat, yoshlar ishlashga
astoydil bel bog‘lab markazlarga boryapti. Ammo u yerda taklif
etilayotgan maoshni ko‘rib, hafsalasi pir bo‘layotgani ko‘pchilikka sir emas.
Bugungi bozor iqtisodiyoti davrida ertalabdan kechgacha mehnat qilib,
bir oy mobaynida arzimagan bir millionga ham yetmaydigan maoshga
kim ham ishlardi? Fikrimning isboti uchun poytaxtimizning ayrim tumanlaridagi
bo‘sh ish o‘rinlari va maoshlarini sizlarga havola qilaman. Shayxontohur
tumanidagi O‘zbekiston Yoshlar teatri – liboschi – 0,5 stavka – 469 580
so‘m; elektromontyor – 0,5 stavka – 375 669 so‘m; chilangar-santexnik –
0,5 stavka – 357 660 so‘m; 27-maktabgacha ta’lim tashkiloti – musiqa rahbari – 1
stavka – 600 000 so‘m; Toshkent matbaa-noshir kolleji – psixolog – 0,25 stavka
– 836 470 so‘m; iqtisod fani o‘qituvchisi – 0,25 stavka – 270 000 so‘m; Toshkent
davlat konservatoriyasi – katta ma’mur –1 stavka – 751 339 so‘m; bosh ovoz
rejissyori – 0,5 stavka – 1 022 392 so‘m; operator – 0,5 stavka – 786 664 so‘m;
kuryer – 1 stavka – 679 330 so‘m… Chilonzor tumanidagi Istiqlol san’at
saroyi – farrosh – 0,5 stavka – 715 334 so‘m; ko‘cha tozalovchi – 0,5
stavka – 356 670 so‘m; chiptalarni tekshiruvchi – 1 stavka – 862 070 so‘m; 538-
sonli bolalar bog‘chasiga musiqiy xodim – 0,5 stavka – 930 000 so‘m; jismoniy
tarbiya bo‘yicha tarbiyachi – 0,5 stavka – 715 000 so‘m. Bunday ro‘yxatni yana
uzoq davom ettirsa bo‘ladi. Har bir oyda “Aholi bandligiga ko‘maklashish
markaz”lari qanchadir ish o‘rni yaratilgani, yana ishga yo‘llanma berilgani,
fuqarolarni ishga joylashtirgani, hattoki kasbga o‘qitgani haqida hisobot
tayyorlaydi. Yuqoridagi ish stavkalari, maoshlarga nazar tashlasangiz, to‘g‘risi,
ensangiz qotadi. Ko‘p tashkilotlarda 0,25 yoki 0,5 stavka deb yozishgan. O‘sha
maoshni bir oyga taqsimlaydigan bo‘lsangiz, urvoq ham bo‘lmaydi. Agar bu
tashkilotlarga ikkita transportda qatnaydigan bo‘lsangiz, 1 400 so‘mdan
hisoblayvering. Bir oyga taxminan 128 800 so‘m yo‘l kiraga, tushlikka o‘rtacha
hisobda 20 000 so‘mdan 460 000 so‘m ketadi. 600 yoki 700 ming so‘m maosh
oladiganlar uyiga nimani olib boradi? Bu maoshga qanday qilib ro‘zg‘orini
tebratadi? Bu maosh bilan farzandini bog‘chaga bera oladimi? Bolasining o‘qishi
uchun kontrakt pulini to‘lay oladimi? Xullas, ko‘zbo‘yamachilik uchun
yaratilayotgan bunday ish o‘rinlari aslida kimga kerak? Yoshlarning moddiy
ahvolini oladigan maoshi qoniqtirmasa, nima qilish kerak? Shundoq ham
yoshlarimizning ko‘pchiligi Rossiyaga, Janubiy Koreyaga ishlagani chiqib
ketmoqda. Qachongacha ular musofir yurtlarda sargardon bo‘lib yurishadi?!
Yoshlarning kelajagini kim o‘ylaydi? Yoshlarning ishsizligiga kim aybdor?
Yoshlarni dangasa, yalqov, ishyoqmas deya ayblashga shoshilmang!
Shu o‘rinda shoir Abdurazzoq Obro‘yning quyidagi she’ri yodimga
tushdi:
Bo‘sh o‘rinlar –
musht o‘rinlar
(Hazil)
Ishsizlarning demang harchand
Ko‘tarilgan burunlari.
Nega axir qilishmas band
Qancha bo‘sh ish o‘rinlari.
Shunaqa ish o‘rinlarki,
Mushuk chiqmas oftobga-ku.
Bir bor kelib ko‘ringlarki,
Ular o‘xshar bo‘sh qopga-ku.
Maoshlari haminqadar,
Yetmas hatto yo‘l kiraga.
Maqtanishgan eh, shu qadar,
Hisob berib naqd xo‘jaga.
Qorinlarin yara qilgan,
Bepul bergan yovg‘onlari.
Xo‘jako‘rsin yaratilgan,
Kimga kerak yolg‘onlari.
Bo‘sh joy deya izlamanglar,
Izlamagan afzal ekan.
Laqqa tushib ishlamanglar,
Byudjetlari kasal ekan.
Lavozimin farqi yo‘qdir,
Maqtanishga suyagi yo‘q.
Ishsizlarning vaqti yo‘qdir,
Soxta ish joy keragi yo‘q.

Xonbibi HIMMAT qizi,
jurnalist

138 thoughts on “Yoshlardan ayb izlamang!”

Comments are closed.