Dunyoda bolalar quvonchidek samimiy tuyg‘u bo‘lmasa kerak. Ularning quvonchi jamiyatning baxt indeksi deb bemalol aytish mumkin. Shu bois bolalar huquqlarini himoya qiladigan, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan mamlakat taraqqiyotiga ishonch bildirish mumkin.
Ta’kidlash kerakki, “Kamalak” bolalar tashkiloti o‘tgan yillar davomida oshkoralik, huquq va majburiyatlar tengligi tamoyili asosida iste’dodlilarni qo‘llab-quvvatlash, yetti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar orzusini ushaltirish yo‘lida qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shu bilan birga, tashkilot yosh yetakchilar, “Kamalak” sardorlari uchun tajriba maydoni vazifasini o‘tayapti. Sardorlarimiz bugungi kunda sinfda, maktabda, tuman-shaharlarda, viloyat va respublika miqyosida faoliyat olib bormoqda. Sardorlar Kengashi tizimidagi ijtimoiy loyihalarda “Ittifoq”, “Kamalak”, “Ta’lim”, “Imkon”, “Madaniyat”, “Matbuot va media”, “Sport” va “Ekologiya” yo‘nalishlarida bolalar tashabbuslari aks etgan. Bu loyihalar tengdoshlarning bir-biri bilan do‘stlashishi, bitta g‘oya atrofida birlashishi, eng muhimi, o‘zi qiziqqan kasbga yo‘naltirib borilishida qo‘l kelayotir. “Kamalak” bolalar tashkiloti tashabbusi bilan Xorazm viloyati Xiva shahrida o‘tgan yil 24-27-noyabr kunlari “I Respublika sardorlar forumi” tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 196 nafar hududiy sardorlar, 12 nafar hududiy “Ittifoq” raislari ishtirok etdi. “Bola huquqlarini himoya qilishdagi kamchiliklar, muam molar va yechim” mavzusida I Xalqaro Bolalar Onlayn Konferensiyasi barcha rivojlangan davlatlarda keng jamoatchilik diqqatini bolalar muammolariga qaratib kelyapti. Unda bolalarning huquqlarini himoya qilish, xavfsiz dunyoda yashash imkoniyatini yaratib berish va baxtli bolalikka ega bo‘lishiga katta e’tibor qaratiladi. Shuningdek, bolalar o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlari maqsad qilib olingan. Buni amalga oshirish uchun konferensiya ishi bolalar siyosatida amalga oshirilayotgan ishlar tizimini tahlil qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu konferensiyaning Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyida” bo‘lib o‘tgani mamlakatimizda bolalar huquqlari va tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan siyosatga ishonch bildirilganini anglatadi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mahalliy hamda hududiy press-klub sardorlarini o‘qi tish, faoliyatini yanada takomillashtirish, malakasini oshirish, uslubiy ko‘mak berish maqsadida 2020-yilning 28-29-fevral kunlari Farg‘ona shahridagi Yoshlar markazida Toshkent shahar, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan press-klub sardorlari hamda Farg‘ona viloyatining 19 ta tuman (shahar) press-klub sardorlari uchun “Kamalak” bolalar tashkilotining media forumi” o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning joylardagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan forum bolalar hayotida yangi sahifa ochdi. Unda yoshlar o‘rtasida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, ijodiy fikrlashga o‘rgatish, kompyuter grafik dizaynerlik mahoratini kuchaytirish, yoshlarning media savodxonligini oshirish, kasbga yo‘naltirishga katta ahamiyat berildi. O‘quv-seminarlarda malakali trener va lektor sifatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi media markazi xodimlari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. O‘quv-seminar “Kreativlik siri. Boshlovchi, operator, montajchi bir insonda”, “Dublyaj, chiroyli gapirish, intervyu san’ati”, “Bor imkoniyatdan foydalanib, bir telefonda press-klub sardorining vazifasini bajarish”, “Ijtimoiy roliklar va ta’sirli videolarni suratga olish sirlari”, “Grafik dizaynerlik, Adobe Photoshop, Adobe Illyustrator dasturlaridan foydalanish qoidalari”, “Yoshlar muammolariga jurnalistik yechim. Saytlardagi jamiyat va adabiyot haqidagi suhbatlar haqida fikrlar” kabi mavzularda mahorat darslari tashkil etildi. “Media forum” doirasida ishtirokchilar Marg‘ilon shahrida joylashgan Burhoniddin Marg‘inoniy ziyoratgohi, “Vodiy tulporlari” ot sport majmualariga tashrif buyurdi. Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Kamalak” yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali o‘quvchi-yoshlarni ilm-u iste’dod cho‘qqilari sari yetaklamoqda. Aytish kerak, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi homiyligida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Badiiy akademiyasi, Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida o‘tkazib kelinyotgan ushbu tanlov iqtidorlarni yuzaga chiqarish, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan eng katta festival hisoblanadi. Festival iqtidorli bolalarni aniqlab ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyat yaratishga xizmat qilmoqda. Unda yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, ilm-fan va san’at sirlarini egallashga ruhlantirish va intilishlarini rag‘batlantirish uchun 7 yoshga to‘lgan va 14 yoshdan oshmagan bolalar qamrab olinmoqda. Bu endi dunyoni tanib, o‘z qiziqishlarini oshkor qilishni boshlagan bolalar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Umuman olganda “Kamalak” bolalar tashkiloti mamlakatimizda olib borilayotgan bolalar siyosatiga munosib hissa qo‘shish, bolalarimiz yorqin kelajagi uchun zamin yaratish tarafdori. Tashkilot bu yo‘lda mavjud imkoniyatlaridan to‘la foydalangan holda bolalar orzusini ro‘yobga chiqarishda davom etadi. Zero, bolalar quvonchi, ularning baxti xalq tinchligi va jamiyat farovonligi garovidir.

Indira XOLDAROVA, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi