So‘nggi besh yilda mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur shart-sharoit yaratish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va tashabbuslarini qo‘lab-quvvatlash borasidagi ishlar ko‘lami kengayib, muntazamlik kasb etib bormoqda.
Joriy yil boshidan yoshlarga bag‘ishlangan bir qator istiqbolli loyihalar doirasida yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, jismonan sog‘lom voyaga yetkazish, ilmiy hamda ijodiy intilishlarini ro‘yobga chiqarish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga faol jalb qilish borasida salmoqli ishlar qilindi. Shu yilning 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston uchun — 100 g‘oya” loyihasini amalga oshirish taklifi ilgari surilgan edi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, IT-park va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusi loyiha ofisi tomonidan tashkil etilayotgan “O‘zbekiston uchun — 100 g‘oya” tanlovi davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan topshiriqlariga to‘la mos keladi va respublikamiz yoshlarining mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan g‘oyalari, takliflarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Mazkur tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston yoshlari mamlakatni rivojlantirishga oid, shuningdek, muayyan sohalarda mavjud bo‘lgan muammolarga o‘z fikrini bildirish va ularga yechim bo‘la oladigan g‘oya va takliflari bilan ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu bilan yoshlarda mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg‘otish va eng asosiysi, chekka hududlardagi yoshlarning fikrini eshitib, ularning ilg‘or g‘oyalarini amalga tatbiq etishga yordam berish ko‘zda tutilgan.
Tanlov e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq aksariyat yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu kunga qadar tanlovda qatnashish uchun jami 22863 ta murojaat kelib tushgan. Xo‘sh, qabul qilingan arizalar orasida qaysi sohadagi g‘oyalar peshqadamlik qilmoqda? Quyida bu boradagi ma’lumotlar bilan tanishasiz: Eng ko‘p ariza Ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishiga kelib tushgan bo‘lib, jami 5359 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, — Tadbirkorlik va bandlik yo‘nalishiga — 4750 ta; — Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar yo‘nalishiga — 1950 ta ariza kelib tushgan. Hozirgi kungacha qatnashish istagidagilarning hududlar kesimidagi tahlili (foiz ko‘rsatkichida) quyidagicha: — Toshkent viloyatidan — 12,69 %;
— Xorazm viloyatidan — 12,68 %; — Samarqand viloyatidan — 11,05 %. Arizalar kelishda davom etmoqda. Mazkur tanlov har tomonlama foydali va samarali bo‘lishi, shubhasiz. Sababi, uning doirasida har bir hududda yoshlar uchun 2 kunlik tadbir va motivatsion uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Respublikaning eng iqtidorli va tashabbuskor yigit-qizlarini birlashtiruvchi loyiha umumiy hisobda 30 000 nafar yoshni qamrab oladi. Bu raqam tanlovning ahamiyati va dolzarbligini tasdiqlab turibdi. Shuningdek, eng yaxshi loyihalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda. Shu bois ushbu loyiha mamlakat yoshlari hayotida muhim o‘rin tutadi.

Iqbol PARDAYEVA