3-avgust kuni Tokio-2020 Olimpiadasining o‘n birinchi kuni ortda qoldi. O‘zbekistonlik sportchilar shu kunga qadar 2 ta oltin va 1 ta bronza medali jamg‘argan holda musobaqaning 28-pog‘onasini band qilib turibdi.
5 nafar sportchimiz Olimpiadaning o‘n birinchi kunini medallarsiz yakunlagan bo‘lsa-da, og‘ir atletika bo‘yicha 109 kg vazn toifasida Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 193 kg ni , siltab ko‘tarishda 237 kg og‘irlikni bo‘ysundirib, Olimpiada rekordini o‘rnatdi va O‘zbekistonga yana bir oltin medalni hadya etdi. Shuningdek, kecha erta tongdan boshlangan musobaqalarda hamyurtimiz Ruslan Qurbonov yengil atletikaning uch hatlab sakrash yo‘nalishi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qildi. Biroq berilgan imkoniyatlardan samarali foydalana olmagan Rustam Qurbonov musobaqadagi ishtirokini yakunladi. -52 kg vazn toifasida filippinlik bokschi Karlo Paalamga qarshi ringga ko‘tarilgan Shahobiddin Zoirov hamda 60 kg vazn toifasida braziliyalik bokschi Beatriz Ferreyra bilan jang qilgan Rayhona Qodirova ham mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Shahobiddin Zoirov birinchi raundda hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb topildi. Ikkinchi raundda esa hamyurtimiz qoshi yorilganligi sabab jang to‘xtatildi va texnik mag‘lubiyatga uchradi. Navbatdagi jangda Elnur Abduraimov armanistonlik raqibiga deyarli qarshilik ko‘rsata olmadi va Olimpiadani mag‘lubiyat bilan yakunladi. Yunon-rum kurashi bo‘yicha Rustam Assakalov -87 kg vazn toifasida xorvatiyalik Ivan Xuklek bilan chorak final bahsini o‘tkazdi. Bahsda xorvatiyalik kurashchi 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Qirmizoy HAKIMOVA