O’shanda beshinchi sinf o’quvchisi edim. Maktabimiz yetakchisi Xurshida opa qandaydir sardorlar saylovi bo‘lishi haqida e’lon berdilar. Darsdan so‘ng hamma sinfdoshlarimiz bilan birga faollar zaliga bordik. Yetakchimiz sardorlikka nomzodlarni birinketin ayta boshladi. Buni qarangki, ana shu 14 nafar yoshlarning ichida kamina ham “Mehr-saxovat” yo‘nalishi sardorligiga nomzod bo‘lgan ekan. Shu kun omadli keldi. Men maktabda sardor bo‘ldim.
Ishonasizmi, uyga “Butun maktab bo‘yicha sardor bo‘ldim”, deb yugurib borganman. Ana shu quvonchli onlardan beri sardorlikka sadoqatli bo‘lib qoldim. Shu o‘quv yilida “Kamalak bilimdonlari” tanlovi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bizning jamoamiz esa, tanlovning tuman bosqichida g‘olib bo‘ldi. Viloyat bosqichida ham faol ishtirok etdik. Men uchun asosiysi, shu tanlovdan so‘ng viloyat sardori degan e’tirofga loyiq ko‘rildim. Mana shunga ham olti yil bo‘libdi. Vaqt – oqar daryo, deb shunga aytishar ekan-da. Shu kungacha qanday natijalarga erishgan bo‘lsam, bularning zamirida ota-onamning, “Kamalak” bolalar tashkilotining, ustozlarimning o‘rni beqiyos. Sardorlik – menga ham ma’naviy, ham ijodiy, ham intellektual salohiyat bera oldi. Jamoada qanday yetakchilik qilishni, muomala madaniyatini, notiqlikni, erkin va to‘g‘ri fikr bildira olishni, mantiqiylikni, tezkorlikni, faollikni, tashabbuskorlikni o‘rgatdi. Ular natijasida mana bugun universitetda ham o‘z guruhimning sardoriman. Xudo xohlasa, kelajakda bosqichma-bosqich o‘z kasbimda ham yetakchi bo‘lishga harakat qilaman.
Shu yillar mobaynida “Kamalak yulduzlari”, “Mening ijod mahsulim”, “Men muallifman”, “Men eshitgan ertaklar” kabi ijodiy tanlovlarning Respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘ldim. “Yil sardori” tanlovida esa, ikki marta ishtirok etdim. 2017-yildagi birinchi ishtirokimda uchinchi o‘rinni, joriy yil esa, Respublika bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2016-yil ilk bora sardorlar o‘rtasida “Yil sardori” tanlovi o‘tkazildi. Biz “Kamalak” bilimdonlari” tanloviga qatnashib, ikkisi bir kunga to‘g‘ri kelib qolgani uchun tanlovda ishtirok eta olmadim. 2017-yil tanlov ikkinchi bora o‘tkazildi. Astoydil kirishdik. Tuman va viloyat bosqichida g‘olib bo‘ldik. Respublika bosqichida qatnashdik. Hech esimdan chiqmaydi, birinchi shartda 9 ball olgandik. 10 ball olganlar bo‘lmagandi. Ikkinchi shartda esa, bizga 10 ball qo‘yishgandi. Iste’dod shartida hammaga bir boshidan to‘qqiz qo‘yilib kelinardi. Men sahnaga chiqqanimda hakamlar she’r aytasizmi, deyishdi. Ha dedim. Yonimizga keling, savol-javob qilamiz dedilar. Ana ko‘rsangiz endi, To‘ra Sulaymondan boshlab, adabiy janrlargacha savollar berildi. Bizning iste’dod shartimiz savol-javobdan ham qiyin bo‘ldi. Bir payt qarasam, bitta hakam to‘qqiz ball qo‘yyapti ekan. E’tiroz bildirsam yana savol berib, balimni tushirib yuborishadi, deb o‘yladim-u xayolimga bir fikr keldi. Hakamlarga qarata, istasangiz 5 ta xohlagan yo‘nalish bo‘yicha so‘z bering, bir-biriga mazmunan bog‘lab she’r yozib beraman dedim. Bu gapimga qiziqib qolgan hakamlar qancha vaqt berishlarini so‘rashdi. O‘n besh daqiqa deyman deb, besh daqiqa deb yubordim. Hayajon bosdimi yoki boshqa bo‘ldimi bilmayman-u, ammo juda qo‘rqdim. Endi vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Otasidan hayitlik kutayotgan boladay hakamlarga osonroq so‘z berishlari uchun umidvor tikilardim. Buni qarang, ular meni siylashdi. Juda bir-biriga “yaqin” so‘zlarni berishdi. To‘rt (raqam); Hayvon; Telefon; Tadbir; Shapaloq. Bu so‘zlarni varaqqa yozib oldim-u qo‘lim titrab ketdi. Endi nima qilaman, yozolmasam nima bo‘ladi, degan o‘y xayolimni qamrab oldi. Sahnadan joy qilib berishdi, qolgan hudud shartni bajarib bo‘lgunga qa dar men ham yozib bo‘lishim kerak edi. Sahna shovqin, kimdir sahna ko‘rinish qo‘yar edi. Belgilangan muddatda bitta bolalarcha she’r paydo bo‘ldi. Sahnaga chiqdim. Butun kuzatuvchilar menga qarar, bir narsalarni pichirlashar, raqiblar ham sinchkov termulishar edi. She’rni aytdim. O‘sha paytda yozganimning o‘zi hozir esimda yo‘q, ammo mazmuni yodimda bor. O‘shanda “Bir kuni maktabimda “tadbir” bo‘libdi. Tadbirda “to‘rtta” “hayvon” sahna ko‘rinish qo‘yib, bir-birlari bilan “telefonda” suhbatlashar ekan. Ora-orada boshqa hayvonlar bir-birlarini “shapaloqlar” ham ekan. Ko‘rib qo‘rqib ketdim. Keyin bilsam, buning bari tushim ekan. O‘rnimdan turib rosa kuldim. Endi tushimda tadbirlarga umuman bormaydigan bo‘ldim…”, degan mazmunda she’r yozildi. Sahnaga chiqib o‘qib berdim. She’r tugashi bilan butun zal, hatto hakamlar ham o‘rinlaridan turib olqishlashdi. O‘sha paytdagi hayajonning chek-chegarasi yo‘q edi. Xullas, bu shartda yagona 10 balni qo‘lga kiritdim. Savol-javob shartida esa, 7,5 balga munosib javob berdik. Loyiha shartining bahosi aytilmadi. Har doim an’ana tusiga kirgandi, o‘sha yillari to‘rtinchi shartning bahosi aytilmasligi… Bu esa, hayajonga hayajon qo‘shardi. Javoblarni intizorlik bilan kutardik. Xullas, 2017-yil tanlov bo‘yicha 3-o‘rinni egalladik. Birinchi o‘rin Samarqanddan “Zulfiya” mukofotini olgan qizga nasib etdi. Natija qayd etganimizdan xursand bo‘ldik. Bilasizmi, 2017-yil o‘sha vaqtdagi “Kamalak” raisimiz, ustozim Nargiza opa mehnat ta’tiliga chiqqan edi. O‘shanda ta’tilda ham dam olmaydigan opam bilan har shart yakunida maslahatlashib turgandik. O‘shanda ham Nargiza opa yordam ber gandilar. Joriy yil ham Nargiza opa boshchiligida tanlovga tayyorlandik. “Yil sardori” nomini o‘zim uchun “Yil jamoasi” deb qabul qildim. Axir qancha insonlar mehnat qilishdi. Imtiyozga kelsak, ochig‘i, yoshlar ittifoqining imtiyozi bilan o‘qishga kiraman, deb sira o‘ylamagan edim. Sababi men sardorlikka imtiyoz yoki qandaydir mukofot uchun kelmaganman. Niyatim, shunchaki o‘zimni o‘zim uchun kashf qi lish edi. Joriy yilgi imtiyoz uchun hujjatlar qabuli yaqinlashar ekan, bir qatnashib, omadimni sinab ko‘rishni niyat qildim. Yaxshi niyat – yarim mol, deganlari yolg‘on ekan. Yaxshi niyat butun mol ekan. Mana bugun niyatlarimiz natijasida talaba bo‘lib, o‘qib, o‘rganib yuribmiz. Esimda, uyda edim, qarasam suv qolmabdi. Suv aravani oldim-u, ko‘cha mizning boshiga chiqib ketdim. Ayam hovlida o‘t yulayotgan edi. Bir payt qarasam, suv tomonga ayam kelyapti. Qo‘llarida telefoni bor edi. Nargiza opang bilan gaplash, deb qoldilar. Menimcha ertaga qaysidir hududga borishimizni aytadilar, Sardobaga borsak kerak, deb o‘yladim. Telefonni olsam, Nargiza opa xursand ovozda 914-sonli qaror asosida imtihonsiz talaba bo‘lganligim haqida aytib qoldilar. Shu qadar quvondimki, shu qadar sevindimki, haligacha bu quvonch davom etyapti va davom etadi ham. Ayamga ham aytmabdi Nargiza opa. Men ayamga aytdim. Ayam dadamga, dadam qo‘shnilarga… Shu tariqa yaxshi xabar ovoza bo‘lib ketdi. Bu natijalarga erishishim yo‘lida asosiy sababchilardan biri bo‘lgan ustozim, Nargiza opamga ming rahmat aytaman. Aytishim mumkinki, men sardor bo‘lib adashmadim, men sardor bo‘lib g‘alaba qozondim. Bu yog‘iga ham sardor bo‘lib qolaman.

Yorqinjon HAYITBOYEV, Guliston davlat universiteti talabasi