Xalq eposi uning orzu-umidlarini jonlantirgani holda, ramzlar va undovlarni zimmasiga oladi. Alpomish dostonida aytilishicha, Alpomish Qalmoq elida yetti yil zindonga tashlandi. Bu haqda yillar davomida tinimsiz o‘yladim. Ammo xulosalarim tarqoq edi. Oxir oqibat, shu fikrga keldim: kim bilsin, Alpomish yetti yilmi, yetti oymi, yetti kunmi zindonda yotgan-yotmaganini. Ammo unga shu asno o‘ylab olish uchun vaqt berilgani aniq.
Yaqinda ziyofatda o‘tirib, shu haqda o‘ylab qoldim. Atrofdagilar maza qilib raqs tushar, o‘zini ko‘z-ko‘z etar, sarxush qiluvchi ichimliklar serob edi. Xullas, bir qarashda Voland tashkil etgan ziyofat. Bu yerda hamma hayot tashvishlaridan xalos bo‘lish, ikki kunlik dunyoda o‘ynab-kulish uchun jam bo‘ladi va ertaga ko‘chada duch kelib, bir-birini tanimaydi. Ularni kuzatish maroqli, biroq odamda xudbinlik bor, shu bois, birinchi o‘rinda o‘zini kuzatadi.
Aslida, menga shu o‘tirish, shu o‘yin-kulgi, shu yarim-yalang‘och ayollar kerakmi? Degan savol qayerdandir paydo bo‘ldi-yu lazzatga to‘la kechaning boshiga yetdi. Keyin, aynan shu lazzatlar — fahshbozlik, ichkilikbozlik, o‘zini ko‘z-ko‘z etish va allambalo MЕNlar mening ZINDONim degan qarorga keldim.
Taxminlar o‘z isbotini topa boshladi. Alpomish zindonga qanday tushgan edi? U aysh-u ishrat bilan bandi etildi. Va bu maishat zindonda ham Tavka misolida davom etdi. Shunda qo‘shni stolga ko‘zim tushadi, oh-oh-oh, TAVKAlarning o‘tirishini qara. Bular qaysi tarafdan lahm kavlab keldi ekan, deyman o‘z-o‘zimga.
ZINDONda bo‘lish ko‘pchilik uchun baxt. Ha, chetdan qaraganda baxt bo‘lib ko‘rinadi. Bu birgina klubda emas, hamma joyda davom etadi. Uyda, ko‘chada, ishxonada, yemakxonada, sartaroshxonada, metroda, bozorda va hatto boshqa aytib bo‘lmaydigan joylarda ham. Nega deysizmi, boshida aytganimdek, MЕNING ZINDONIM MЕNMAN, sizning zindoningiz siz, uning zindoni u. Buni xohlagancha tuslayvering. Bu ZINDON sizning tana a’zongizdek gap, undan voz kechish oson emas.
ZINDONga tushmaganlar ham bordir deysizmi? Balki… ZINDONga tushmaslik uchun tanovul qilish istagi bo‘lmasligi kerakdek, go‘yo. Ammo bolalar bundan mustasno. Ayrimlar esa shu ZINDON bilan tug‘iladi. Ular bolaligidan narsaga o‘ch, maqtanchoq va qizg‘anchiq bo‘lishadi. Ularni kelajakda katta mansablar kutadi.
Ochig‘ini aytib qo‘yaqolay, QORAJONning taklifini rad etib bo‘lganman. QORAJON KIM? Hozircha aniq bilmayman-u, ammo taqvodor bo‘lishga undaganlar shunday ko‘rinadi. Taqvodorlik nima? Agar taqvoni o‘z ko‘nglimdan boshlasam, bu — mening yutug‘im, irodam va jannatimdir. Mabodo kimdir turtib shu yo‘lga kiritadigan bo‘lsa, boshqa turtki bilan yana chiqib ketishim tayin. Odamda tuturiq bo‘lishi kerak, axir!
OYBARCHIN deysizmi? O, u juda og‘ir masala. Men hamma erlar va ko‘ngli kemtiklar qatori, TOVKAlardan OYBARCHINning xislatlarini terib yashashga majburman. Qaysiningdir ko‘zi, qaysiningr so‘zi, qaysining erkalanishi o‘xshaydi-yu, hammasini bir joyga jamlaguncha o‘zing sochilib ketasan, kishi.
Qulog‘imga hirsni qitiqlayigan kuy quyilib turardi. Biroq birinchi marta Alpomishni bizning jamiyat fuqarosi kabi his etar va yanayam aniqlik kiritgim kelardi. Qarang-a, bir vaqtning o‘zida kim bilandir sahbat qurib, ham jononlarga nigoh tashlab, ham miyamda butun bir “diplom ishi” yozardim.
ULTANTOZga maza bo‘ldi, u bizni ZINDONga tashlagan-u o‘zi bilganicha “siyosat” yurita boshlagan. ULTANTOZ kim yoki nima? U hammamizning bir umr to‘ymaydigan, berganing sari ishtahasi ochilib boradigan NAFSIMIZdir. Biz ZINDONimizni jihoz bilan to‘ldirib bo‘lgunimizcha, ijtimoiy ishtahamiz qongunicha, ULTANDOZlar onamizni cho‘ri, otamizni qul, singlimizni cho‘pon qiladi (balki qarilik vaji bilan bizdan tortib oladi). ZINDONdagilarning ko‘pi bu haqda bosh qotirmaydi. Buni o‘ylashga ham vaqtlari yo‘q. Va bu ro‘yxatning eng oxirida turadigan masala. Bajarilmasa ham hech narsa yo‘qotilmaydi. Alpomishning bizdan ustunligi ham shunda, u Ultantoz qo‘lida qolgan eli haqida qayg‘urgan, xuddi JADIDlardek.
Oh-oh, mening ZINDONIM, mening TAVKAlarim. Bularning raqsini qarang, bularning kiyimlarini qarang, bularning qadahni bittada ko‘tarishini qarang! Qandingni ur, ULTANTOZ! Tashakkur senga MASTON KAMPIR! Toshingni ter QORAJOON! Bu hayqiriqlar qo‘shiq orasida aytildimi yoki o‘z miyamning mahsulimi, bilmayman. Mast bo‘ldim shekilli.
Bir kam ziyoli sifatida shuni aytishim mumkinki, men G‘OZni kutyapman! Juda intiq kutyapman. G‘OZ nima o‘zi? G‘OZ — insof va qanoat! Hanuz tirikligim to‘g‘risida xabarni olib ketishini. So‘ng SHAKAMAN MЕRGAN, ya’ni dunyoga bo‘lgan havasning to‘shak tortib qolishini, BOYSUN-QO‘NG‘IROT — zohidlar eliga tirikligim ma’lum bo‘lishini kutyapman. Ammo bizning ZINDONga yarador bo‘lib yiqilgan barcha G‘OZlar, qo‘li shirin OSHPAZlarimiz (bu o‘rinda shakkokliklarimiz) tomonidan dimlab, dasturxonga tortib yuborilmoqda. G‘OZning go‘shti shirin bo‘ladi-da.
Lapashang KAYQUBOD! KAYQUBOD — mayda-chuyda rag‘batlar. Bizga KAYQUBODlar lapashang ko‘rinadi. Ammo KAYQUBOD ZINDONda emas. Har zamonda bitta QO‘Yni tashlab qo‘yib, ozodlikda yuradi. U ja ichidan pishgan. O‘zini sodda ko‘rsatib, TAVKAni orqasiga mingashadi-da, rohatlanib ketaveradi. Bizning KAYQUBODlar ozgina ikkiyuzlamachiroq. Bir ko‘rishda sizga do‘st, ammo ULTANTOZga ham g‘ayirligi yo‘q. Unga nima farqi bor, ALPOMISH ZINDONdan chiqsa, taxtli bo‘ladi, ZINDONda qolsa baxtli bo‘ladi. Hatto dostonda ham orsizligiga ozgina ishoralar borday, bo‘lmasa birovning quchog‘idan chiqqan xotinni boshiga uradimi?!
Oh-oh, TAVKAlarim, TAVKAlarim! Biz bilan davra qurib o‘ynagisi bor. Nigohlari qo‘lga aylanib, sochlaringdan silab, qulog‘ingdan tortayotganga o‘xshaydi-ya. Meni kechir, OYBARCHIN, YODGOR, ya’ni men bilan faxrlanishni istaydigan avlodimga o‘zing yotig‘i bilan tushuntir. Axir ZINDON — ZINDONda! Rossiya bo‘lsa ekan, biletga pul topib ortga qaytadigan. Bu — o‘z nomi bilan ZINDON axir. Bunda ham ancha kecholmaydigan narsalar paydo bo‘ldi. Tag‘in TAVKAmizning qorni duppayib qolgan. Yangi ZINDON fuqarosiga beshik tayyorlab qo‘yganmiz. Faqat nima ism qo‘ysak ekan? Ismi nima bo‘lgan taqdirda ham ZINDONIY bo‘ladi. Chunki bizning necha ming yillik tariximiz, o‘zligimiz, o‘zbekligimiz bor. “Ov”, “vov” degan qo‘shimchalardan kechadigan payt keldi. Bizning ilmimiz, ibodatimiz va o‘z qarashlarimiz bo‘lmasa ham, buyuk ajdodlarimiz yozgan kitoblarning bittasini, hech bo‘lmasa, yarmigacha o‘qimasak-da, TURKIYligimiz bor. Biz bu “TURKIY” degan so‘zni saqichdek har kuni ishxonada, ko‘chada, xullas o‘zimizni aqlliroq ko‘rsatish kerak bo‘lgan har qanday joyda chaynaymiz.
YODGORga ayt, har narsaga tixirlik qilavermasin. Doim ertaklar yaxshilik bilan tugashi shart emas. Mana, ellinlar afsonalariga qara, YASON oxir-oqibat nima bo‘ldi?! Shuncha qahramonlik ko‘rsatib, o‘z yurtiga qaytib, xotinni ikkita qildi-yu xor bo‘ldi. Vafodor hamrohi va unga shuhrat-shon keltirgan “Argo”sining soyasida jon berdi.
Yolg‘iz umidim BOYCHIBOR, ya’ni KO‘NGLIMdan. So‘nggi umid shu! Faqat qaziga topshirib yubormagan bo‘lsa bas!
Ba’zida bu ZINDONdan chiqish, qutilib ketish juda oson tuyuladi. Biroq ISTAK yo‘q. ZINDONdan chiqishning ham o‘ziga yarasha bosh og‘riqlari bor. Yana qahramonlik ko‘rsatish kerak, yana rejalar tuzish kerak. QALDIRG‘OCHning ko‘zyoshi. QULTOYga aylanish, grim-prim qilish kerak. Ko‘pkari chopish kerak. Kamon otish kerak. Xullas tinim yo‘q-da.
Ichgan vaqtlarimda, sen bilan o‘tgan yoshligim va qahramonliklarimni ko‘p eslab turaman. Hatto, hay davronlarima-a-a! Deb qo‘yaman. Ammo ertaroq uxlash kerak bo‘ladi, bo‘lmasa eratalab uyg‘onish qiyin kechadi va ishga kechikib qolishim mumkin. Ishga kechiksam, ishdan ayrilaman. Maosh olmayman. Pul yo‘qmi, menga “farog‘at” ulashib, ZINDONimni “jannat”ga aylantirib turgan TAVKALARIMdan ayrilib qolaman.
ZINDONimda bitta shior bor: “PЕSHONAGA SHU ZINDON YOZILGAN EKAN, HЕCH BO‘LMASA ZINDONDA YAXSHI YASHA. PIRAJKI BILAN ARZON AROQQA KUNING QOLMASIN!”.
So‘nggi istagim: BOYCHIBORning ustixonini muziyga qo‘yinglar!

P/s. Aziz o‘quvchi, men Alpomish bo‘lganiga ishonuvchi qatlamga kiraman. Shu bois, bugungi hayot tarzimizni taqqoslab ko‘rishga urindim. Mendan ranjib yurmang TAVKAlar, biz siz uchun yashayapmiz. Sizsiz ZINDONimiz huvillab qolardi.
Bek ALI,
shoir