Tosh ko‘chada bir maromda ketib borayotgan otning tuyoq tovushi qulog‘imga eshitiladi. Taqaning tovushi tobora uzoqlashib boraveradi. Shu payt qaerdandir muazzinning azon aytgani eshitiladi. Ot uzoqlashib borgani sari azon tovushi yanada yaqinroq va aniq eshitila boshlaydi. Shu payt o‘zimni boyagi ot ustida ko‘raman, ro‘paramda esa ming yilliklardan guvohlik berayotgan maqbara. Ayni dam kimdir xayolimni bo‘lib xitob etadi: “Mana shu Alisher Navoiy maqbarasi bo‘lsa kerak?!”.
— Mehmonga o‘xshaysizlar, — deydi shu dam yonimizdan o‘tib ketayotgan kishi tonggi g‘ira-shirada bizni tanib olish ilinjida yaqin kelib. — Hazrat Navoiyning makonlarigacha yana uch kunlik yo‘l bor. Bu maqbara…
U shunday deya biz tanimaydigan qandaydir ulug‘ zotning nomini zo‘r ixlos bilan tilga oladi. Shu payt azon aytayotgan muazzin bir soniya tin olib tag‘in chaqiriqni boshidan boshlashi hamon birdan hushyor tortaman. Qulog‘imga hamon o‘sha chaqiriq eshitiladi. Ammo endi uni boshqa kishi — otam aytyapti. Shundoqqina men yotgan xona eshigining yonginasida. Derazadan tongning yoqimli shabadasi kirmoqda.
Hali ko‘rgan tushimni to‘la idrok etishga ulgirmay beixtiyor telefonimni qo‘lga olaman. Tuni bilan uning interneti yoniq qolgan va mitti ekranda yuzlab xabarlar qalashib ketgandi. Ularni birma-bir ko‘zdan kechiraman: “YHT oqibatida…”, “Ayol bolalarini olib ketgani…” va nihoyat, “Tolibon…”.
Hali ko‘zimni ochib ulgurmay qo‘shni Afg‘onistonda bo‘layotgan hodisalar haqida o‘qiy boshlayman. Qaerdandir bir vedio tasvir paydo bo‘ladi. Kamera ortida turgan ayollar mahzun, dilni o‘rtaydigan ohangda xonish qiladi. Aeroportning uchish yo‘lagida aytilgan bu qo‘shiqning so‘zlari menga qanchalik begona bo‘lsa, undagi dard, iztirob shunchalik ko‘ngilga yaqin — dilni o‘rtaydi!
AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketishi ortidan Afg‘onistondagi ichki nizolar shiddatli tus oldi. Tolibon harakati boshqaruvni qo‘lga oldi. Afg‘oniston, asosan Kobul aholisi bundan sarosimaga tushib, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham xorijga chiqib ketish haqida qayg‘urmoqda. Nega?!
Axir Tolibon muqaddas dinimiz arkonlari asosida davlat qurmoqchi. Afg‘onistonning aholisi esa musulmonlardan iborat. Shunday ekan tinch aholi Tolibondan qo‘rqishiga asos bormi? Boz ustiga ular tinchlik tarafdori ekanligini, hyech kimga zarar keltirmasligini bot-bot takrorlamoqda!
Tarqatilayotgan xabarlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, yangi hukumatdan qo‘rqib qochayotganlarning aksariyati yevropa va Amerika davlatlari bilan hamkorlik qilgan shaxslardir. Xabarlarga ko‘ra Tolibon jangarilari NATO kuchlari bilan hamkorlik qilgan yoki Afg‘onistonning oldingi hukumatida ishlagan odamlarni izlamoqda. Shuningdek, G‘arb nashrlari bilan hamkorlik qilgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga hujumlar qilgani haqida ma’lumotlar bor.
Buning ortidan ayrim mamlakatlar afg‘onistonlik qochoqlarni evakuatsiya qilmoqda. Ammo bunga Tolibonlar qarshilik ko‘rsatayotgani haqida ham ma’lumotlar bor. Shu bilan birga Tolibon G‘arb davlatlariga Afg‘onistondan qurolli kuchlarini 31-avgustga qadar olib chiqib ketish shartini qo‘ygan. Avvalroq ushbu muddatni AQSh belilagan edi. Ammo vaziyat bunday tus olgach, evakuatsiya uchun bu muddat yeratli emasligi oydinlashdi. Endi esa Tolibon bu muddatning uzaytirilishiga qarshi.
O‘lkada tinchlikni ta’minlashni ta’kidlagan ushbu harakatning hukumat tepasiga kelishi ortidan yangi ziddiyatlar vujudga kelmoqda. Xususan, keyingi kunlarda Kobul xalqaro aeroporti atrofi vatanini tark etmoqchi bo‘lgan afg‘onistonliklar bilan to‘lib ketdi. Eng dahshatlisi, ana shu to‘plangan odamlarning portlatilishi bo‘ldi. Dastlabki, ma’lumotlarga ko‘ra portlash oqibatida yuzlab insonlar jarohat olgan, ellik nafarga yaqin kishi hayot bilan vidolashgan. Bu qariyb yarim asrdan buyon urush o‘chog‘iga aylanib qolgan Afg‘onistondagi ziddiyatlarning avj nutqaga chiqishi xavfini yanada oshirdi. Chunki hujumni IShID terorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, ular navbatdagi teraktlar bilan tahdid qilgan.
Tolibon bilan yovlashib keladigan mazkur tashkilot terrorchilari Afg‘oniston islom amirligini inkor etib, mamlakatda Xuroson davlati tuzishga chaqirgan. Voqyealarning bunday rivoj olishi, Tolibon boshqaruvni qo‘lga olgan dastlabki, kunlardayoq afg‘onistonliklarning nima uchun xorijga chiqib ketmoqchi bo‘lganiga aniqlik kiritadi. Bundan tashqari, Tolibonga hukumatni shunchaki topshirib qo‘ymaslikni bildirgan sobiq hukumat vakillari bor. Xususan, Panjsher viloyatida Ahmad Mas’ud yetakchiligidagi kuchlar Tolibonga qarshi chiqmoqda. Ayni kunlarda ular kelishuvga erishgani haqida aytilayotgan bo‘lsa ham, o‘rtadagi ziddiyat yumshadi, deb bo‘lmaydi. Shu tariqa AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketishi fonida Afg‘onistonda bir-biriga qarshi bo‘lgan uchta kuch to‘qnash kelmoqda. Tolibon tinchlikni ta’minlashni qanchalik va’da qilmasin buning uddasidan chiqishi gumon. Negaki, ular insonlarga erkinlik berishni aytgani holda musiqani taqiqlash haqida xabar tarqatdi. Diniy arkonlarni mahkam tutish fonida olib boriladigan bunday qoidalar nizolarni kuchaytiradi.
Vaziyatni tahlil qiladigan bo‘lsak, hukumat tepasiga kim kelsa ham Afg‘onistonda tinchlikni saqlash mushkul vazifa. Har uchala tomonning o‘z qarashlarini mamlakatda tatbiq etish uchun ikkita qarshi kuchni to‘la yengib o‘tirish kerak. Bu Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish qanchalik murakkab ekanidan dalolat…
Hozir bularni osongina yozayotgan paytimda bexosdan yuqoridagi portlash haqidagi xabarlarga ilova qilingan suratlar ko‘z oldimga keladi. Ana boshi va oyog‘idan yarador bo‘lgan, ust-boshi qonga bo‘yalgan erkak biz qum-shag‘al tashiydigan bir g‘ildirakli aravada yotibdi. Hayoti qil ustida turgan inson qadri o‘sha shag‘alchalik ham chiqmasligi… bo‘g‘zimga nimadir tiqilib, achishadi va suratlar aro taqdirlarga boqib o‘kinaman. Tarmoqdagi do‘stlarim orasidan afg‘onistonlik o‘zbek do‘stim Muhammadhashimga maktub yo‘llayman. U biz tinchmiz, deydi. Unga sog‘lik-omonlik tilayman-u, tinch ekaniga ishongim kelmaydi. Axir ko‘z o‘ngimda uchishga shay samolyotga osilib olgan afg‘onistonliklarning vedio tasviri keladi. Ularni nima shunchalik qo‘rqitdiki, o‘zini muqarrar o‘limga hukm etmoqda?! Nega jahonning eng qudratli mamlakatlari jam bo‘lib ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnata olmaydi?!
Xayol yaqin o‘tmishga yetaklaydi. Qizil askarlar Markaziy Osiyoni egallay boshlagan bir paytda ularga qarshi chiqib bosmachi degan tamg‘a olgan bobolarimiz chekinishga majbur bo‘ladi. Ana shunda ular Afg‘onistonga qochib o‘tadi. U yerdan Turkiya, Eron, Arabiston yarim orollari va AQShga yo‘l oladi. Bugun dunyoda o‘z aytar so‘ziga ega bo‘lgan ilm-fan sohiblari, katta-katta kompaniyalar rahbarlari orasida ana shu ajdodlarimizning farzandlari ham bor. Ayni kunlarda afg‘onistonlik birodarlarimiz O‘zbekiston orqali xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lmoqda. Ular ko‘zida yosh bilan vatanni tark etyapti.
Men esa ularni o‘ylaganim hamon tosh yo‘lakda yurib ketayotgan otning tuyoq tovushini eshitaman. Keyin qaerdandir muazzinning chaqirig‘i eshitiladi. Men esa hamon Hirotni izlab yo‘l qarayman…

Bobo RAVSHAN

30 thoughts on “HIROT YO‘LLARIDA…”

Comments are closed.