tahririyat aralashuvidan so‘ng uning murojaati ijobiy hal etildi
Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi. Shu bois tahririyatimizga kelgan xatlar, og‘zaki murojaatlar e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Jumladan, qashqadaryolik fuqaro Aziza Xoliyorova tahririyatimizga murojaat qilib, uni qiynab kelayotgan muammo — xonadoniga suyultirilgan gaz balloni ajratilishida amaliy yordam so‘radi.
Murojaat mazmuni quyidagicha:
“Yakkabog‘ tumanidagi otxonada farrosh bo‘lib ishlayman. Yolg‘iz onaman. Qaramog‘imda 6 yashar qizim va onam bor. Ishlab topgan oylik maoshim ularni boqishga kamlik qilyapti. 2018-yildan beri shu sohada mehnat qilaman.
Bilasiz, bugungi kunda qishloqdayam shahardagiday zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, qishloq ayollariga. Ochig‘i, ishdan charchab kelib o‘choqda ovqat qilish ham odamni biroz toliqtiradi. Buni qishloq ayollari yaxshi bilishadi. Shu bois oilamda suyultirilgan gaz balloni bo‘lishini juda-juda istardim.
Meni “yoshlar daftari”ga kiritishlarini, moddiy yordam berishlarini so‘rab mahallaga murojaat qildim. Ammo “Siz ishlaysiz”, deb daftarga kiritishmadi. Mendan-da muhtoj fuqarolar borligini aytishdi. Buni to‘g‘ri tushundim. Shundan so‘ng, hech bo‘lmasa, bitta gaz balloni berishlarini, iltimos qildim. Mahalla raisi 2021-yil aprel oyida bitta gaz balloni olib berishga va’da bergan edi, lekin shu paytgacha masala hal etilmay keldi. Shu sababli sizlarga murojaat qilmoqdaman”, deyiladi shikoyat xatida.
Albatta, masalaga oydinlik kiritish maqsadida Aziza Xoliyorova bilan bo‘g‘landik. O‘rganishlarimizga ko‘ra, murojaatchi haqiqatan ham yolg‘iz ona bo‘lib, onasi bilan birga yashashi, qaramog‘ida bir nafar qiz farzandi borligi ma‘lum bo‘ldi.
Vaziyatga bir tomonlama emas, aksincha, xolisona yondashish g‘oyatda muhim. Shuning uchun ikkinchi tomon, ya’ni mahalla raisi X.Berdimurodov hamda Yakkabog‘ tumani hokimining iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari R.G‘afurov bilan bog‘landik. Ular tahririyatga kelgan xat mazmuni bilan tanishtirildi.
Ularning ma’lum qilishicha, fuqaro Aziza Xoliyorova haqiqatan ham bir necha marta shu masala bilan murojaat qilgan. Ammo bu muammoga yechim topib bera olmasligini, Azizadan-da ko‘proq yordamga muhtoj fuqarolar borligini bildirdi.
Murojaatchi yashaydigan mahalla raisi bilan yana bog‘landik. Biroq MFY raisi ham ayni shu gaplarni takrorlasa-da, fuqaroning yolg‘iz onaligi va boquvchisi yo‘qligi inobatga olinib, unga bir dona gaz balloni ajratiladigan bo‘ldi.
Xat izidan borishda davom etamiz. Oradan bir hafta o‘tgach, vaziyatni bilish maqsadida arizachi bilan bog‘landik. Afsuski, “Eski hammom, eski toz”, deganlaridek, mas’ullar va’dasi til uchida bo‘lib chiqdi, amalda hech qanday chora ko‘rilmagan.
Bundan xabar topishimiz bilan yana mutasaddilar bilan bog‘landik. Murojaatchining oilaviy holatidan kelib chiqib amaliy yordam berishga to‘sqinlik qilayotgan sabablar bilan qiziqdik. Nahotki, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar tag zamirida odamlarni rozi qilish, ularning muammolarini hal etish, aholi turmush tarzini yaxshilashdek ustuvor maqsadlar mujassamligini ushbu mutasaddilar bilishmasa…
Shundan so‘ng, shu kunning o‘zida Aziza Xoliyorovaning uyiga gaz balloni yetkazib berildi. Masalaga ijobiy yechim topilishi bilan bir oilaga quvonch kirdi. Muammosi hal etilgan oila a’zolarining ertangi kunga ishonchi oshdi. Buni Aziza Xoliyorovaning tahririyatimizga qo‘ng‘roq qilib bildirgan munnatdorligidan ham sezish mumkin edi.

Iqbol PARDAYEVA