‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘st, samimiyligi, qo‘li ochiqligi bilan ajralib turadi. Uyida yeyishga noni bo‘lmagan paytlar ham, mehmon kelib qolsa, dasturxon noz-u ne’matlarga to‘ladi. Axir xalqimizda “Mehmon otangdek ulug‘” degan gap bejiz aytilmagan.
Davlatlar o‘rtasida ham shunday “mehmondo‘stlik”ka misollar topiladi. Har gal o‘zbeklar qo‘li ochiq xalq bo‘ladi deyishsa, ko‘zga ko‘rinmay qolayotgan ba’zi muammolar hayolimga keladi. Masalan, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’rida “Gazni Uralga berib, tappi yoqqan o‘zbegim” degan misra bor. Inson yashashi uchun birinchi navbatda unga ozuqa kerak deyishadi. Ammo o‘zbek xalqi nonini ham uyiga odam kelsa, shunga ilinadi. Xo‘p , nonni yana topish, sotib olish mumkindir. Ammo insonlarning yashashi uchun qulaylik yaratadigan gaz muammosi qachon tugaydi?
Ba’zi qishloqlar allaqachon gazning nomini unutib, unga ro‘yo misoli qaraydi, hech ushalmaydigan orzudek, allaqanday entikib gapiradi u haqda. Bu esa chekka qishloqlarda tappichilikning hamon amalda bo‘lishiga, uning “texnologiyasi” rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Yaqinda bir tanishim qishloqda tappi biznesi rivojlanganini, 1 qop tappi narxi 10 ming so‘m ekanligini aytib qoldi. Bu biznesdan ko‘proq ayollar foyda ko‘rayotganmish, hatto bunga ko‘nikib qolgan ham emish…
O‘zbekiston aholisining qariyb 40 foizi gazdan foydalanmaydi. Ular orasida gaz tarmog‘idan uzib tashlangan, hatto umuman yetib bormagan qishloqlar ham bor. Ammo insonlardagi ko‘nikuvchanlik unlarni gazsiz yashashga ham o‘rgatgan. Gaz yo‘q joylarda uning o‘rnini tappi egallagan. Tappi gaz, o‘tin o‘rnida ishlatilib, ko‘pchilikning og‘irini yengil qiladi.
Gaz yo‘qligiga ko‘nikkan qishloq ayollari uchun bu sharoitning umuman qiyinchiligi yo‘q. Misol uchun, Madina opa Ergashova ham qishloqqa kelin bo‘lib kelganiga 20 yildan oshdi. U shunday deydi: “Kelin bo‘lib kelganimda hech bir ishni qila olmasdim. Ammo hozir ro‘zg‘or ishlari, shu jumladan, tappi qilish ham kundalik yumushlarimdan biriga aylangan. Qaynonam meni tushunib hamma ishlarni o‘zi o‘rgatgan. Boshida aynan tappi qilishdan jirkanish, qo‘limdan hidi ketmay qoladi-ku degan fikrlar menda ham bo‘lgan. Ammo inson hamma narsaga ko‘nikuvchan bo‘ladi. Hozir hamma ish qo‘limdan keladi. Tappi qilishga ham majburiyatdek qarayman. Chunki ko‘p hollarda foyda beradi. Non yopishdan oldin yoki qishda pechkaga o‘tin yoqqanimizda ancha asqotadi. Shu paytgacha uning hech bir zararli tomonini ko‘rmadim”. ‘
Ba’zi holatlarda tappidan jirkanish, qo‘limdan hidi kelib qoladi-ku degan so‘zlarni ko‘p eshitamiz. Ammo ayrimlar jirkanib, qilishga qo‘li bormaydigan tappi millionlan yurtdoshlarimizning hayot-mamot masalasidek juda muhim. Usiz ovqat, non pishmaydi, qishda uyni isitib bo‘lmaydi, axir.
Tappi molning go‘ngiga somon yoki xashak aralashtirib quyosh yaxshi tushadigan joyga qo‘yib quritiladi. Ba’zi joylarda esa katta yalangliklarga yoyib qo‘yiladi. Qishda o‘tin o‘rnida ishlatilib, uyni isitishda yaxshi samara beradi. Hatto ba’zi qishloqlarda “Gazsiz tappi bilan ulg‘ayotgan avlod” degan gaplar ham bor emish.
— Maktabni isitish uchun qishda o‘quvchilar o‘zlari bilan tappi olib kelishadi, — deydi qoraqalpog‘istonlik Ziyoda Mametmurodova. — O‘zim shahardan kelin bo‘lib tushganman. O‘qituvchilik faoliyatim davomida qish kunlarida o‘quvchilar navbat bilan o‘tin, tappi olib kelishadi. Ba’zan ularga achinaman. Chunki ularning tengdoshlari zamonaviy maktablarda o‘qib yurgan paytda bular kichik jussasi bilan mehnat qilib, o‘zlari uchun sharoit yaratishmoqda…
Bunday maktablar asosan aholisi kam joylarda quriladi. Suhbatdoshimiz o‘zining yashab turgan tumanini oshkor etishimizni xohlamadi. Ularning ham yaxshi yashagisi keladi. Eng achinarlisi, yaxshi yashashga hammaning birdek haqqi bor. Ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod ham bundan mustasno emas.
Rivojlanib borayotgan hayotimizda “tappi texnologiyasi” ham zamonaviy texnologiyalar misoli shiddat bilan rivojlanmoqda. “Yangi O‘zbekiston”ning ko‘zga ko‘rinmay qolayotgan eskiligi ham shu bo‘lsa kerak.

Mashhura NASRIDDINOVA