Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport rivojlantirish, Vatanimiz sharafini nufuzli musobaqalarda munosib himoya qilayotgan sportchilarga kerakli shart-sharoit yaratish borasida zarur infratuzilma yaratilgan.
Yurtimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bor fuqarolarning ham sport bilan shug‘ullanishi uchun alohida e’tibor qaratilayotganligi sababli joriy yil davomida parasportchilarimizning erishgan yutuqlari salmoqli bo‘ldi. Ayniqsa, Tokioda yakunlangan paralimpiya o‘yinlarida zafar quchgan parasportchilarimiz davlatimiz tomonidan avtomashinalar, kvartiralar, pul mukofotlari bilan taqdirlanganligi xalqimizni, keng jamoatchilikni behad shod etdi.
Erishilgan natijalar o‘zimizniki. Oldinda esa bir-biridan mas’uliyatli musobaqalar, hukumat miqyosida qabul qilingan davlat ahamiyatiga molik hujjatlarning ijrosini ta’minlashdek muhim vazifalar turibdi. O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon TOSHXO‘JAYEV bilan shular haqda suhbatlashdik.
– “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonning qabul qilinganligiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘tgan 3 oy mobaynida ushbu tarixiy xujjatning ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– O‘zbekiston paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etilishi yurtimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bor insonlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va bu jabhadagi sport harakatining rivojini ta’minlashni yangi bosqichga olib chiqdi. Bir paytlari oddiy jamoat tashkiloti bo‘lgan muassasamiz tom ma’noda imkoniyati cheklangan sportchilarning haq-huquqlari va ularning orzu istaklarini ifoda etadigan huquqiy tashkilotga aylanishiga zamin yaratildi. Paralimpiya harakati g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida Xalqaro va Osiyo paralimpiya qo‘mitasi shuningdek, bir kator tashkilotlar bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish va yurtimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
– Albatta, har bir tizimning rivoji mutaxassislar malakasiga bog‘liq. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Darhaqiqat, shunday. Rosti, mazkur farmon imzolangunga qadar mutaxassislarni tayyorlash masalasi tizimdagi eng og‘riqli masala bo‘lib kelayotgandi. Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek, paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan murabbiylar va uslubchi-yo‘riqchilar, ko‘zi ojizlar, zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Paralimpiya fakulteti ochildi va shu yilning o‘zida magistratura yo‘nalishida 1-bosqichga bo‘lajak mutaxassislar qabul qilindi. Bundan tashqari, qo‘mita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etish borasida zarur xat-hujjatlar tayyorlandi.