Oʻzbekiston — azaldan jahonshumul musiqiy qadriyatlar diyori. Bu zaminda asrlar davomida shakllangan mushtarak xalq ijodiyoti, mumtoz kuy va ashulalar, doston-u maqom majmualari milliy qadriyat sifatida sayqal topib, avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda.
Insonning maʼnaviy kamolotida, uning ruhan poklanishida mumtoz musiqa sanʼatining oʻrni beqiyos. “Feruz”, “Tanavor”, “Munojat” kabi milliy kuy-qoʻshiqlarimiz oʻzining yuksak badiiy va ijtimoiy ahamiyati tufayli bugun ham zavq bilan tinglanyapti. Bular haqiqiy maʼnoda umumxalq mulki hamda maʼnaviy ozuqasiga aylangan. Aslida jonli musiqiy qadriyatlarimizning hayotbaxsh kuchi ham shunda.
Yana bir jihati, mumtoz kuy-qoʻshiqlarni xalqqa, ayniqsa, yosh avlodga yetkazuvchi hofizlarning oʻrni alohida. Ular ijodi ezgulikka yoʻgʻrilgani bois hamisha eʼtibor va eʼtirofga loyiq. Ustoz sanʼatkorlarning ijodiy merosini oʻrganish, uni keng targʻib etish, yosh avlod qalbiga singdirish juda masʼuliyatli, shu bilan birga, sharafli vazifadir.
Bogʻcha yoshida bolalar musiqiy ijodkorligining dastlabki kurtagi namoyon boʻla boshlaydi. Iqtidorli bolalar oddiy qoʻshiq, oʻrgangan raqs, harakat turini mustaqil harakatida mujassamlashtiradi. Turli obrazlarni yangicha talqin etadi, davra oʻyinlarida taʼsirchan holatlarni oʻylab topadi. Ijodiy yutuqlaridan zavqlanadi.
Musiqa faoliyatidagi bunday mustaqillik odimlari bolalarimizni yoshligidanoq sanʼatning sehrli olamiga, zavqlanishga, goʻzal ohanglardan bahra olishga, musiqani mehr bilan sevib, imkoniyat darajalarini namoyish etishga chorlaydi. Umuminsoniy qadriyatlarga aylangan mumtoz musiqa sanʼati barchamiz uchun birdek qadrli. Zero, musiqa sanʼati qalb torlari ila anglanadi, tushuniladi va his etiladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim muassasalarida bilim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Musiqa va sanʼatga ixtisoslashtirilgan akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari faoliyati muvofiqlashtirilib, yagona, uzluksiz musiqa hamda sanʼat taʼlimi tizimi shakllandi.
Bugun yangi va zamonaviy maktablarda musiqa madaniyati chuqur oʻrgatilayotir. Yangi oʻquv dasturlari, darsliklar, uslubiy adabiyotlar yaratildi. Eng muhimi, oʻqituvchilar malakasini oshirish va ularni maʼnaviy-moddiy ragʻbatlantirish, maktablarni malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bolalar musiqa va sanʼat maktablarining oʻqituvchilari respublikamizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirib, sohadagi yangiliklarni muntazam oʻzlashtirib borish imkoniyatiga ega boʻlyapti.

Dilnoz JOʻRAYEVA,
Bekobod shahridagi 3-maktabning musiqa madaniyati fani oʻqituvchisi