Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Farhod Umarovlar oilasida katta tantana bo‘lib o‘tdi. Umarovlar Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasidan” 7 nafar o‘g‘il-qizni o‘z qaramog‘iga olib, oilaviy bolalar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda Milliy gvardiyaning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Qo‘riqlash boshqarmasi, shahar hokimligi hamda Yoshlar ittifoqi hududiy kengashi vakillari hamda mahalla faollari qatnashdi.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, ayni kunlarda yurtdoshlarimiz ezgu maqsadlar bilan mehr uylari yaratib, dilbandlarni bag‘riga olayotgani quvonarli holdir va bu xayrli ishlar respublika miqyosida keng quloch yoymoqda.
Kuni-kecha Buxoro viloyatida ham birinchilardan bo‘lib Oilaviy bolalar uyi ochishdek ezgu ishga qo‘l urgan Behbutovlar oilasi Mehribonlik uyidan 6 nafar o‘g‘il-qizga g‘amxo‘rlik qilish uchun oila a’zosi sifatida qabul qilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, bundan sal avval Buxoro viloyatidagi 32-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 2 nafar qiz o‘z oilasiga qaytarilgan edi.

www.milliygvardiya.uz saytidan olindi.