Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hayotining turli jabhalariga oid bir qator qonun loyihalari deputatlar hamda vazirlik va idoralar vakillari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Majlisda “Intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qonunchilikda intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik, nomulkiy huquqlarga daxl qilganlik uchun javobgarlik qat’iylashtirilmagan, ma’muriy va jinoiy qonunchilikda umumiy uyg‘unlik yo‘q. Shu bois mavjud qonunchilikni jahon tajribasi va xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish, ayniqsa, iqtisodiyotni innovatsiyalashtirish intellektual mulk muhofazasini mustahkamlashni taqozo etadi.
– Taklif etilayotgan qonun loyihasida intellektual mulk obyektlariga oid qonunbuzilish holatlarini sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar va ularning qo‘llanilish mexanizmi, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev. – Qonun loyihasiga Intellektual mulk sohasidagi ayrim huquq buzilishi holatlari, xususan, ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzish hamda o‘zganing tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun tegishli yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda moliyaviy sanksiya qo‘llanilishi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yuridik shaxslarning korporativ javobgarligi bo‘yicha normalarning kiritilishi hamda intellektual mulk sohasi o‘sishiga katta yo‘l ochadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan “Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining huquqiy asoslarini qonun hujjatlarida mustahkamlashni nazarda tutadi. Loyihada amaldagi 5 ta qonunga qo‘shimchalar kiritish orqali Agentlikning tegishli sohalar bo‘yicha vazifa va vakolatlarini belgilash ko‘zda tutilgan.
– Mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash bo‘yicha qizg‘in ish olib borildi, – deydi Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova. – Bunda Agentlik faoliyati bilan bog‘liq qonunchilik tahlil qilinib, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar va deputatlarning takliflari, mutaxassis va ekspertlarning tavsiyalari o‘rganildi. Olib borilgan ishlar natijasida loyiha amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilib, kelib tushgan takliflar asosida 30 dan ortiq loyihaga mazmun va tahrir jihatidan tuzatishlar kiritildi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining qonuniy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, bildirilgan barcha takliflar inobatga olinib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rish davomida deputatlar qizg‘in bahs-munozaraga kirishdi. Chunki hayotimizda yer va yer maydonida joylashgan mol-mulkni xususiylashtirish, ijaraga berish, xorijiy investorlarga ijaraga berish kabi munosabatlarga ko‘p duch kelamiz. Bu sohadagi qonuniy asoslarni mustahkam, puxta va pishiq qilish turli kelishmovchilik, tushunmovchiliklarning oldini oladi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasiga yerni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirishga qaratilgan yangi normalar kiritilyapti. Ya’ni unda inson omili ta’sir qilmaydigan tarzda arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim joriy etilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, qonun loyihasiga yakka tartibdagi mulkdorning ushbu yer uchastkalaridagi shaxsiy mulk tushunchasi o‘z mantig‘ini yo‘qotayotganligi sababli, ko‘p kvartirali uylar joylashgan va shaharsozlik normalari talablariga muvofiq ularga tutash yer uchastkalari hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar va shartnomalarni amalga oshirish, shuningdek, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yuridik shaxslarga berilgan yer uchastkalari degan yangi normalar o‘z aksini topdi.
Xalq vakillarining ta’kidlashicha, qonun loyihasi bilan xususiylashtirish jarayoniga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga, yer uchastkalar mulk shaklida rivojlanishiga, ko‘chmas mulk bozorining jadal o‘sishiga, aholining kreditga layoqatliligi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga erishiladi.
Qizg‘in muhokama va munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasiga kiritilayotgan yangi normalar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishda aniq tartib-taomillarni belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari xodimlarining huquqqa xilof harakatlaridan himoya qilishga, ma’muriy tartib-taomillarning yagona va shaffof mexanizmi yaratilishiga, ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda huquqiy barqarorlikni ta’minlashga, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlarga hurmat va ishonchini kuchaytirishga hamda mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Parlament quyi palatasi majlisida yana bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama KOMILOVA,
O‘zA muxbiri