Vaqt hamisha oldinga qarab oshiqadi. Siz bilan bizni ham oʻzi kabi shoshqin yashashga chorlayotgandek, goʻyo. Agar imillasak, atrofimizdagi oʻzgarishlarga befarq boʻlsak, koʻp narsalardan bebahra qoldiradi. Demak, nimaga erishish-u nimani boy berish oʻzimizga bogʻliq. Buni biror daqiqa unutishga aslo haqimiz yoʻq.
Istiqlol davri farzandlari ekanmiz, hozirgi buyuk oʻzgarishlar va qutlugʻ yangilanishlar, avvalo, bizlar uchun naqadar faxrli. Axir shu beqiyos yaratuvchilik va bunyodkorlik hukm surgan Vatanda yashayapmiz, oʻqiyapmiz, ishlayapmiz. Qoʻllarimizni qayoqqa uzatsak, yetadi. Faqat uygʻoq va kurashchan bo‘lib, masʼulyatimizni chuqur his qilmogʻimiz shart. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida soʻzlagan maʼruzasida alohida toʻxtaldi. “Azm-u shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz”, deya qatʼiy ishonch bilan taʼkidladi.
Darhaqiqat, yoshlar – katta kuch. Mamlakatning ertangi taraqqiyotiga poydevor qoʻyishga qodir qavm. Chunki, bizning erkin va farovon yurtimiz bor, doimo ragʻbat berib turuvchi, qoʻllab-quvvatlovchi yurtboshimiz bor, hamisha halollik va faollikni oʻzlariga fazilat qilib olgan oliyhimmat yurtdoshlarimiz bor. Jamiyatimiz mazkur bir-biriga bogʻlangan uch halqasi tobora mustahkamlik kasb etayotir. Shundan koʻzlagan marralarimiz yuksakdan yuksak, olgʻa tashlayotgan qadamlarimiz shaxdamdan shaxdam, orzu-umidlarimiz ushalishi barqaror-u bardavom.
Prezidentimiz rahnamoligida uchinchi Renessans davri poydevorini qoʻyishga qattiq bel bogʻlagan Oʻzbekiston yoshlari safida namanganliklarning oʻziga xos va mos oʻrni bugun yorqin namoyon boʻlib turibdi. Davlatimiz rahbari forumda ilmsevar yigit-qizlarning erishayotgan yutuqlarini zoʻr mamnuniyat bilan tilga olganida bir yoʻla 5 ta xorijiy oliy o‘quv yurtiga grant asosida muddatidan oldin qabul qilingan bizning Namangandagi Prezident maktabi oʻquvchisi Robiyaxon Nabijonovaning nomini eshitganimda qalbim gʻoyat toʻlqinlanib ketgan edi.
“Men har gal sizlar bilan uchrashganimda “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” degan soʻzlarni takrorlashdan aslo charchamayman” deya bejiz gapirmadilar. Axir bunday daʼvat oʻquvchi-yoshlarga oʻziga xos motivatsiya beradi-da. Yaqinda yurtimizdagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 272 oʻringa moʻljallangan 3-stipendiya uchun oʻtkazilgan sinovlar natijasi eʼlon qilindi. Quvonarlisi, “jamgʻarma stipendiatligi”ga sazovor yoshlar safida Namangandagi Prezident maktabining ikki nafar bitiruvchi oʻquvchisi borligi bizni faxrlantirib yubordi. Yaʼni Muhammadali Alimatov Amerika Qoʻshma Shtatlarida, Saidbek Murodxoʻjayev Buyuk Britaniya davlatida tahsil olish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Bu yangi 2021-2022-o‘quv yilidagi dastlabki muvaffaqiyatlarimiz. Bu kabi yutuqlarimiz koʻpayishiga ishonamiz. Chunki pedagogik jamoamiz chuqur bilimga va yuqori malakaga ega, ham milliy, ham xorijiy mutaxassislardan tashkil topgan.
Men ham Namangan davlat universitetini tugallab, bu yerga ishga kelganimdan gʻoyat gʻururlanaman. Dastlab maktab direktorining maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, yaqinda ijrochi direktor lavozimi zimmamga yuklandi.
Yangi oʻquv yilining boshlanishiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda viloyatimiz hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati aʼzosi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashib, maktabimizdagi taʼlim-tarbiya jarayonlari bilan tanishdi, bolalarimizni “Bir million dasturchi” loyihasining faol ishtirokchisi boʻlishga ragʻbatlantirdilar.

Oybek ZOKIROV,
Namangandagi Prezident maktabi ijrochi direktori