Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan Xalqaro media-xollda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining “Saylov yoshlar nigohida” mavzusida yoshlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentlik saylovida yoshlarning ishtiroki va saylov qonunchiligi yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Xususan, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, fuqarolarning saylovdagi huquq va erkinliklari haqida tushintirishlar berildi. Ta’kidlanganidek, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Yoshlar parlamenti axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Prezidentlik saylovida qatnashadigan umumiy saylovchilarning qariyb 7 millioni yoshlarni tashkil etsa, ulardan 880 mingtasi birinchi marta saylovda ishtirok etadi. Demak, yoshlarimizning bergan har bir ovozi mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim. Yoshlarning “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosidagi bu kabi uchrashuvlarning tashkil etilishi saylovni shaffof o‘tishiga xizmat qiladi.
Yoshlar parlamenti a’zolarining ta’kidlashicha, yigit-qizlar bilan uchrashuvlarda targ‘ibotning barcha ilg‘or texnologiyalaridan, jumladan, davra suhbatlari, seminarlar, onlayn muloqotlar, viktorinalar hamda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanilmoqda.
Hozirga qadar mamlakatimiz bo‘yicha Yoshlar parlamenti yoshlarning, xususan, ilk saylovchilarning saylovlarda ishtirok etishi va ularning saylov haqidagi bilimlarini mustahkamlashga oid 124 ta davra suhbati, targ‘ibot ishlari o‘tkazgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Yoshlar parlamentining ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan “Parlament muxlisi” loyihasining so‘nggi 4 ta soni aynan saylov jarayonlariga, siyosiy partiyalar faoliyatiga bag‘ishlanganligi haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga Yoshlar parlamenti a’zolari bugundan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda “Biz bo‘lmasak, kim?” xeshtegi ostidagi chelendjga start bermoqda. Mazkur chelendj ham yoshlarni saylash huquqidan keng foydalanishga, o‘zining kelajagini o‘zi tanlashga qaratilgan chaqiriq hisoblanadi.
Uchrashuv interfaol, samiymiy, yoshlarbop, ijodiy usulda savol-javob tarzda tashkil etildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan Qonun loyihalari hamda Yoshlar parlamentining faoliyati yuzasidan ma’lumot berildi.
Aytish joizki, Xalqaro media-xoll O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umumilliy harakati, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etildi.

Nazokat USMONOVA
O‘zA muxbiri