Bugun, 23.10.2021 yil Yoshlar ishlari agentligi binosida MSK taklifi bilan 24-oktabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan, Niderlandiya “Erkinlik va Demokratiya” yoshlar tashkilotining Limburg viloyati bo‘yicha mintaqaviy rahbari Gaspard Cratsborn bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i I.Oxunov, Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi xodimi Sh.Rahmatullayev hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari Sh.Olimov ishtirok etishdi.
Suhbat davomida demokratik yangilanishlarni amalga oshirish, saylov qonunchiligi va saylov jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, bo‘lajak muhim siyosiy tadbirni xalqaro norma va standartlarga muvofiq tayyorlash va o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Gaspard Cratsborn O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berishini, O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanligini bildirib o‘tdi. Yaqin kelajakda, O‘zbekiston va Niderlandiya yoshlarini bilim-malakalarini oshirish, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Oliy ta’lim muassasalari talabalarini “almashib o‘qittirish” loyihasini ilgari surdi. Bu taklif o‘z navbatida, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ijobiy baholandi.