Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkiga ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Mazkur texnopark poytaxtimizning Olmazor tumani Talabalar shaharchasida barpo etilgan bo‘lib, unga 1,94 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida 3 qavatdan iborat innovatsion o‘quv-ilmiy markazi binosi va yopiq issiqxona qurildi.
Innovatsion o‘quv-ilmiy markazining birinchi qavatida zamonaviy maxsus texnik vositalar bilan ta’minlangan biotexnologik laboratoriya, ishlab chiqarish xonasi, tuproq unumdorligini tahlil qilish laboratoriyasi, ko‘rgazma uchun elektromobil, tovush laboratoriyasi, robototexnika, standartlashtirish xonalari joylashgan.
Ikkinchi qavatda talabalar uchun 8 ta kovorking xonasi, 3 ta trening xonasi, oshxona, dam olish xonasi, 2 ta ofis, muzokaralar xonasi va ma’muriyat xonalari joylashgan. Uchinchi qavatda 17 ta ofis xonasi, 2 ta muzokaralar xonasi, sport xonasi, zamonaviy kutubxona, ma’muriyat xonasi va omborxona joylashgan.
– Innovatsion g‘oyalar yoshlarga xosligi statistik ma’lumotlardan ayon, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar milliy ofisi bosh direktor o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov. – Talabalar shaharchasida 50 mingdan ortiq yoshlar o‘qishga qatnaydi. Universitetda olingan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash asosiy vazifalarimizdan biridir. Ilm-fan natijalarini amaliyotda qo‘llab ko‘rilmasa, uni tushunish va o‘zlashtirish qiyin kechadi. Qo‘llarida ishlanmasi bo‘lgan talabalar, yoshlar, olimlar va professor tadqiqotchilar uchun texnopark o‘z tajribalarini sinovdan o‘tkazishga imkon beradi.
Yopiq issiqxona zamonaviy isitish va sug‘orish, havo haroratini bir me’yorda ushlab turuvchi avtomatlashtirilgan tizimga ega. yengil metall konstruksiyadan barpo etilgan bino. Texnoparkda talabalar o‘z innovatsion g‘oyalarini mustaqil amalga oshirishlari uchun zamon talablariga mos maxsus laboratoriyalar, zamonaviy kutubxona, robototexnika vositalari, texnik jihozlar joylashgan bo‘lib, yosh avlodning innovatsion g‘oyalarini kengaytirish, ularni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.
Texnoparkning asosiy binosi monolitdan, hamda tashqi devorlari gazoblokdan qurilgan. Tashqi devorlarida isitish va gidroizolyasiya ishlari bajarilgan, barcha metall karkaslariga yong‘indan himoya qiluvchi bo‘yoqlar bilan ishlov berilgan, energiya tejovchi uskunalar o‘rnatilgan.

Muhayyo TOSHQORAYEVA
O‘zA muxbiri