Yozish yoki yozmaslik, qalamni qo‘lga olish yoki olmaslik… Bu haqida ko‘p o‘yladim. Shunchalik o‘zimdan uzoqlashganmanki, o‘zimni topishga qiynalyapman. Favvorasi bor shaharda yuribman-u, faqatgina kuzda suv shildirab keladigan arig‘imizni sog‘inyapman.
Amir Temur xiyoboni bo‘ylab ketar ekanman aksari hali to‘kilib ulgurmagan past bo‘yli daraxtlar ichidan o‘zimizning ikki tup o‘rikni izlayapman. Baland shoxlari tomdan oshgan, derazaga urilib yoz kunlari chang kirgizadigan, yuvilgan romlarni kir qiladigan o‘rikni. Uning yaproqlari to‘kilib bo‘lganmikan-a?
Kuz, sen ham o‘zingni izlaysanmi shamollardan, bo‘ronlardan… o‘zingni yo‘qotib, o‘zingni topasanmi? Yuragingni har barg bandiga qo‘shib uzarsan, balki…
Hissiz yashash og‘ir. His qilyotganlaringni tan olmaslik kabi. Nimani xohlayotganing aniq, ammo uni qilish jinnilik deya o‘zingni chegaralab, qafaslarga o‘rash kabi. Senga ham sovuqqon bo‘l, deya kimlardir tanbeh bersa kerak-a? Axir shuncha yo‘qotishlar, har yaproq uchun unsiz nolalar seni ruhan sinishga olib keladi-ku. Balki tabiatning eng isyonkor, eng injiq, eng erka farzandi ham sendirsan, men kabi? Faqat xazonlarda izhorlaring bordir? Nega faqat senga borini tutish-u to‘kilish berilgan ekan? Balki sen bularga ko‘nikib ham ketgandirsan (yoki ko‘nikkandek), balki hamon isyon etarsan… Chang bo‘ronida… His bo‘ronida…
Hozir sen bilanman. Toshkent ko‘chalarini birga sayr etyapmiz. Talaba hayotimga ikkinchi bor tashrifing bu. O‘tgan yili, abituriyentlikning so‘nggi hafatalarini ko‘rganing, talabalik pillapoyasiga poy tashlatganing, oktabr oxirida esa ingratganing, yig‘latganing, ho‘ngratganing yodingdami?
“Brodvey”dan ishga shoshaman. Ishdan so‘ng o‘qishga… O‘ylar, xayollar va dugonam men bilan. Aslida, u ham sen bilan, xazonlaring, armonlaring, izhorlaring bilan…
Odamlar… Bir-biriga nogohoniy to‘qnashgan nigohlar bir-biridan hech nima kutmaydi, hol so‘rmaydi, bir-birini tanimaydi, bir-biriga talpinmaydi. Ehtimol, notanish nigohlarning o‘ylari, tuyg‘ulari, quvonch yoki iztiroblari o‘xshashdir, lekin bularning hech biri qiziqmas ularga. Hamma o‘z aravasini o‘zi tortyotgan shahar bu. Kimdir kelib qishloqdagi kabi kartoshkangni kavlab oldingmi, qovog‘ingni uzdingmi, somon-g‘aram yig‘dingmi, deb xabar olmaydi. Bu shundayin erkin va beparvo shahar.
Yana odamlar… Bandingdagi bargdek omonat odamlar… Biri “kuchingizni sinab ko‘ring”, deydi, biri savdo qilishga taklif qiladi. Ammo meni sening suratlaring rom etgan. Musavvirlar yoniga chopaman. Sening suratingga termilaman: xiyobon bo‘ylab barglaring sochilgan, uloqtirilgan soyabon-u bo‘sh o‘rindiq, undan sal nariroqda men va …
…Xandon otib kulaman. Suratingni ko‘rib etib junjikib, sovqatgandek muzlab ketdim. Shusiz ham sovuqni yoqdirmasam, yur ishxonaga ketamiz. Issiq kofe bor. Kuz, ketdik, hozir emas kun kelib sotib olaman suratingni, hozir emas, faqat hozir emas… Ketdikkk…
Kiprigimdagi yosh pishgan mevalaringdek o‘zin otmoqqa intiq. Svetoforning qizil chirog‘i yoniq… Iltimos, qo‘yib yuborma…

Xolida MUSURMONOVA,
O‘zJOKU talabasi