22-27-noyabr kunlari yurtimizda “InnoWeek.uz-2021” innovatsion haftaligi boʻlib oʻtdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etgan xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi Ilmiy-innovatsion markaz, investitsion fondlar, texnopark va biznes inkubatorlarning faol ishtirokida tashkil etildi.
Yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda oliy taʼlim muassasalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan haftalik doirasida 10 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi. Innovatsiyalar kirib borgan har bir soha faoliyati koʻrgazmalarda aks etdi. Avvallari biz televizorda koʻrib hayratlangan ixtirolar, ularning yangilangan avlodlari Toshkentda, “InnoWeek.uz” xalqaro koʻrgazmasi doirasida namoyish etildi.
Shuningdek, haftalik davomida joriy yil 15-noyabr kuni start olgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni gʻoliblari aniqlandi. Mutaxassislar tomonidan 8 nafar qatnashchining loyihalari saralanib, gʻoliblarning har biri 15 million soʻm miqdorida vaucher pul mukofoti bilan taqdirlandi. Marafonning respublika bosqichida ishtirok etgan ikki nafar eng yaxshi ambitsiyaga ega, kreativ fikrlovchi ishtirokchiga tadbir bosh homiysi “Coca-Cola ichimligi Oʻzbekiston” kompaniyasi tomonidan Dubay shahrida boʻlib oʻtayotgan “EXPO 2020 butunjahon koʻrgazmasi”ga yoʻllanma taqdim etildi.
— Oʻzbekistonning salohiyati va yutuqlarini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasining Xalqaro Ekspert Kengashi (Ispaniya Qirolligi) aʼzosi Rafael Peres Kolon.
Haftalik doirasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida xorijiy davlatlar bilan shartnoma va memorandumlar imzolandi.
24-noyabr kuni Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori Olimjon Toʻychiyev Rossiya davlatidagi KUKA Robotics kompaniyasining Bosh direktori Dmitriy Kapishnikov bilan uchrashdi. Uchrashuvda kelgusidagi bir qator istiqbolli rejalar boʻyicha muhokamalar olib borildi. Jumladan, kompaniyaning imkoniyatidan kelib chiqqan holda texnologiyalar transferini amalga oshirish va malakali mutaxassislarni yetishtirish borasida oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Ko‘rgazmaning uchinchi kuni “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Osiyo-Tinch okeani texnologiyalari transfer markazi bilan birgalikda “Tadqiqotlarni tijoratlashtirish va texnologiya transferining innovatsion strategiyalari” boʻyicha mintaqaviy seminar gibrid formatda ingliz tilida tashkil etildi.
Seminarda tajribali spikerlar tomonidan dunyo tajribasi asosida texnologiyalarni transfer qilish va tijoratlashtirishni rivojlantirishda davlat siyosatining oʻrni, intellektual mulk boshqaruvi va texnologiyalarni litsenziyalash, hukumat-sanoat-ilmiy faoliyat vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning eng yaxshi amaliyoti hamda texnologiyalarning transchegaraviy transferini osonlashtirish uchun mintaqaviy hamkorlik kabi dolzarb masalalarda kerakli maʼlumotlar berildi. Texnologiya transferi va tijoratlashtirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy tajribalar o‘rtoqlashildi.
“International Robotics Challenge — 2021” Turk dunyosi bolalar jamgʻarmasi bilan hamkorlikda robototexnika musobaqasiga start berildi. 25-noyabrda “Fan va innovatsiya” yosh olimlar xalqaro ilmiy anjumani boʻlib oʻtdi. Musobaqada 20 ga yaqin mamlakatdan texnologiya olamiga qiziquvchi 8 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan yoshlar qatnashdi.
Shu kuni “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni sovrindorlarini hamda “Boʻlajak olim” startap loyihalar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi. Tanlov gʻoliblari orasida Dilnavoz Kamolova, Dildora Imomova, Shohista Rustamova kabi intellektual salohiyati kuchli yoshlar bor.
Gʻoliblarga koʻkrak nishonlarini Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov topshirdi.
Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi yurtimizda robototexnika, sunʼiy intellekt, yangi davr kashfiyotlariga qaratilgan eʼtiborning ibtidosidir. Natijalar esa, albatta, o‘sib boradi.

Komila HAMROYEVA tayyorladi.