Matbuot insonga ma’naviy ozuqa beruvchi, firklash doirasini kengaytiruvchi, jamiyatdagi muammolarni, xalqning dardini ko‘rsatib, unga yechim topuvchi minbardir. Ammo so‘nggi paytlarda zamon shiddatining ortib ketishi, axborotga talab va ehtiyojning keskin o‘zgarishi hamda boshqa qator obyektiv va subyektiv sabablar tufayli bosma nashrlar taqdiri soya ortida qolmoqda. Millat tanasining og‘riqli nuqtalariga darmon bo‘layotgan aksariyat nashrlarning obuna ko‘rsatkichi yildan yilga kamayib, ayrimlari o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatdi.
2021-yil yanvar oyidagi holatga ko‘ra, “Xalq so‘zi” gazetasi 30673, “Hurriyat” 5021, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” 3143, “Jamiyat” 1514, “Yangi O‘zbekiston” 10887 ta, 2021-yil noyabr oyi holatiga “Xalq so‘zi” gazetasi 28466, “Hurriyat” 3011 ta, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” 1183, “Jamiyat” 2016, “Yangi O’zbekiston” 76042 nusxada chop etilgan. Bu raqamlar juda ko‘p narsadan darak berib turibdi!
Ammo bizni qiziqtirayotga masala bu emas. Balki jamiyat, oddiy mushtariylar, mutaxassislar matbuotga, obunaga qanday qaramoqda va tushunmoqda?
Ayni kunlar matbuot olamida obuna mavsumi qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Keyingi yilda nashrlar qanday yashaydi, adadi qancha bo‘ladi, necha yillik tarixga ega matbuot maktabi hali yashaydimi kabi savollarga ayni jarayonlarda javob topsa bo‘ladi.
Joriy yilda yurtimizda matbuotga e’tibor biroz iliqlashgani sezildi. Buni yaqindan qayta nashr etila boshlagan “O‘zbekiston matbuoti” va “Mushtum” jurnallari misolida ko‘rdik. Gazeta va jurnallar jurnalistikaning otasi, o‘q tomiri, ildizi ekani hech kimga sir emas. Bosma nashrlarni nafaqat o‘qish, ularni qul bilan ushlab, tom ma’noda his etish mumkin. Gazetalarni to‘plab qo‘ysa, kerak paytda yana qayta murojaat qilsa bo‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining “Yangi O‘zbekiston Strategiyasi” kitobida bosma nashrlar obunasiga ham to‘xtalib o‘tgani e’tiborli: “O‘tish davri bilan bog‘liq sabablar tufayli bugungi kunda bir qator bosma nashrlarning moliyaviy ahvoli murakkab bo‘lib qolayotgani hammamizga yaxshi ma’lum.
Mazkur muammolarni tizimli hal etish maqsadida alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjatda bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga oid amaliy chora-tadbirlar bilan birga, sohaga bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini to‘liq joriy etish, mazkur nashrlarning mazmuni va jozibadorligini yanada oshirish, ularning axborot maydonida raqobatbardosh bo‘lishi uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish masalalari ko‘zda tutilgan”, deyiladi kitobda.
Matbuot mushtariylarining ko‘payishi, eng birinchi navbatda, nashr xodimlari va e’lon qilinayotgan materiallar sifati va ko‘lamiga bog‘liq ekani ayni haqiqat. Ma’lum bir gazeta millionlab nusxada chop etilsa-yu, uni o‘qiydigan inson bo‘lmasa, jamiyatga foydasi tegmaydi. Mavzu yuzasidan “Yangi media” ta’lim markazi direktori, falsafa doktori Beruniy Alimovning fikrlari bilan qiziqdik.
— Bosma ommaviy axborot vositalarining obuna ko‘rsatkichi yaxshilanishi kerak deb hisoblaysimi?
— Albatta. Obunaning kerakligini avvalo o‘zimiz, oddiy o‘quvchilar va mushtariy tushunib olishi kerak. Axborot telefonda tekin ekan, deb temirni ham chaynamay yutib yuboryapmiz. Sifatli kontent qanday yaratilishi borgan sari bizni ham, o‘quvchilarni ham o‘ylantirib qo‘ymoqda. Nima topsak, shuni o‘qiymiz, shunga ishonadigan bo‘lib qoldik. Sinalgan, tajribali, ishonchli manbalarga suyanishimiz uchun, albatta, obunani yaxshilash kerak.
— Sizning-cha, yangi yilda obuna masalasida yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘ladimi?
— Hozircha skeptikman. Chunki bu masala majburiy obunani ro‘kach qilib, gazeta o‘qimay qo‘ygan hamda bu haqda uyalmasdan hamma joyda jar solib yurgan odamlarimiz bilan bog‘liq. O‘quvchilarimizning o‘zlari buni anglashi kerak. Keyingi davrlarda reklama beruvchilar ham o‘zini ijtimoiy tarmoqlarga, qidiruv portallariga va oldi-qochdi saytlarga uryapti. Mustaqil nashrlar va biznes doiralar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishi kerak.
— 2022-yilda nashrlar o‘z obunachilari ko‘payishi uchun nimalar qilishi kerak?
— To‘g‘risi, gazetalarning hammasi ham tahliliy va sifatli maqolalar berayapti deb bo‘lmaydi. Aslida bu yog‘iga “obunachilar ommasi uchun” emas, balki “obunachi” ya’ni “individual o‘quvchi” talabini qondira olsakkina bunga erisha olamiz. Shuningdek, o‘quvchilarning ishonchini qaytarish kerak. Eng muhimi, yoshlarimizda gazetxonlik madaniyatini shakllantirish zarur.

Internet nashrlari tezkorligi bilan bosma nashrlardan ustun bo‘lsa, gazeta-jurnallar alohida buyum holida ekanligi, ijtimoiy tarmoqlarning boshqa sahifalariga darrov chalg‘ib ketishdan holi bo‘lgani bilan ustunlikka ega, deb hisoblaydi matbuot mushtariylari. Ularning fikricha, internet sahifalaridagi postlar bir marta o‘qiladi va qayta ochilmaydi. Gazeta-jurnallar insonlarning yonida bo‘ladi va unga tez-tez ko‘z tushib turadi. Qachondir u yana qayta varaqlanishi mumkin. Bu ma’lumotlarning xotirada uzoq vaqt qolishiga yordam beradi.
Jamiyatimizning katta qismi majburiy obunani yoqlamaydi, ammo majburiy obuna tufayli kelgan gazetalarni insonlar o‘qiydi, bo‘lmasa, shuni ham o‘qimaydi deb fikrlovchilar ham yo‘q emas. Matbuot materiallari va majburiy obuna to‘g‘risida Shayxontohur tumanidagi 186-maktabning o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Mohira Eshpo‘latova shunday deydi:
— Axborot uzundan uzun maqola tarzida berilishi bosma nashrlarning kamchiligi deb o‘ylayman. Bugun odamlar avval axborotning hajmiga qaraydi, so‘ng o‘qiydi. Chunki o‘quvchining tanlovi ko‘p va vaqti kam. Qiziq sarlavha, kichik hajm, dolzarb mavzu, chiroyli dizayn bilan istalgan gazeta-jurnal har qanday yoshdagi o‘quvchini tutib qola oladi. Shu o‘rinda ko‘plab bahslarga sabab bo‘ladigan majburiy obuna haqida gapirmoqchiman. U bizga kerakmi? Menimcha, demokratik davlatda erkin shaxslarni majburiy obunaga tortish mutlaqo noto‘g‘ri. Ammo bunda o‘quvchining yoshini ham inobatga olish zarur. Boshlang‘ich sinflar uchun “G‘uncha”, “Gulxan” singari bosma nashrlarga obunani tashkil qilish kerak. 7-11 yoshdagi o‘quvchilarga darsliklardan tashqari ma’rifiy nashrlarni o‘qitish foydali. Bu ularning ma’naviy ehtiyojini qondiradi, adabiyotga oshno qiladi.
Obuna haqida kitobxon talaba Ravshan Burxonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
— Bolaligimda “2×2” va “Bilimdon” bolalar gazetalarini olib o‘qir edim. Maktabda “Gulxan” va “Gʻuncha” jurnallariga obuna bo‘lar edik. Talash bo‘lib ketardi. Keyinroq “Sinfdosh” jurnaliga obuna bo‘la boshladik. To‘g‘ri, viloyat markazidan uzoqroq tumandagi maktabda o‘qiganmiz, lekin shunday bo‘lsa ham bizni mutolaaga juda qiziqtirishgan. Ikki yildan beri “Tafakkur” jurnalini olib o‘qiyman. Kelasi yildan “Tafakkur”ning yoniga “Yoshlik”ni ham qo‘shmoqchiman. O‘ylab qoldim, hozir bolalar qaysi gazeta yoki jurnallarni talashib o‘qiydi? Qaysi gazetaga obuna bo‘lgan? Hayronman, krosvord yechadigan odamning o‘zi qolmadiyov. Biz turnirlarga qatnashardik. Internetdan hamma narsani o‘chirish yoki o‘zgartirish mumkin. Gazeta esa toshga o‘yilgandek muqim qoladi. Yangi O‘zbekistonda gazetalar ham bo‘lishini istayman.
Hozir insonlar o‘ta aqlli, ular qo‘lidagi telefon orqali butun dunyodagi axborotni, kitoblarni, ma’lumotlarni, tahliliy maqolalarni topishi mumkin. Ammo bu matbuotning afzalliklarini inkor etishga asos bo‘la olmaydi, nazarimizda. Bosma nashrlar kelajagi, obuna kampaniyasining samaralari vaqt va kelgusida amalga oshirilajak islohotlarga bog‘liq.

Shahribonu RAHMATOVA