Atrofimdagi insonlarning ko‘pchiligi biror muvaffaqiyatga erisha olmasa, ota-onam menga vaqtida sharoit yaratmagan degan gapni ko‘p takrorlaydi. Ammo ularga sirtdan qarasangiz, kiyim-boshi ham, husni va aqli ham joyida: aslida kim intilishi kerakligi ayon bo‘lib turibdi.
Yaqin tanishim bilan shu haqda suhbatlashib tursak, onam qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Onam maktabda o‘qituvchi. Bizning yutuqlarimizdan qanday xursand bo‘lsa, o‘quvchilarining yutug‘dan ham shunday quvonadi. Menimcha bu har bir o‘qituvchi uchun tanish his bo‘lsa kerak. Salomlashgach, birinchi aytgan gapi “Bizning maktabdan ham champion chiqdi!” bo‘ldi. Uning kimligi haqida so‘rar ekanman, yuqoridagi xulosalarimiz o‘z tasdig‘ini topganiga imon keltirdim. Chunki onam aytgan kichik chempionni yaxshi taniyman. Oilasi bolasining og‘zidan chiqqanini muhayyo qiladigan darajada o‘ziga to‘q oila emas. Ammo farzandlar tarbiyasi, ularning kelajagi uchun o‘qish, qiziqishlarini hurmat qilib, u tomonga yo‘naltirish uchun hech narsani ayamaydi. Maktabda bitiruvchi sinfga o‘tgan yilim meni maktab sardori etib saylashdi. Tabiiyki endi maktabdagi faol o‘quvchilarni juda yaxshi taniysiz. Yosh chempionimizning opalari ham maktabda faol, a’lochi o‘quvchilar edi.
Shunday qilib, onam Umidjonning Taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatida bronza medal sohibi bo‘lganini aytardi. U 5-sinf o‘quvchisi. Maktabdagi darslardan ortib, tushdan keyin 30 km uzoqlikda joylashgan Yangiyer shahridagi “Qalqon sog‘lomlashtirish sport klubi”ga mashg‘ulotga qatnaydi. Hali shug‘ullanib boshlaganiga ko‘p bo‘lmasdan bunday yutuqqa erishishi quvonarli holat. Yosh chempionimiz Umidjon Jahongirovning o‘ziga ba’zi savollar bilan yuzlandim.
— Umidjon qachon bu sport turiga qiziqib boshladingiz?
— Bolaligimdan taekvondoga qiziqardim. Keyin dadam bu qiziqishlarimni ko‘rib, meni taekvondo to‘garagiga berdi. Mashg‘ulotlarga qatnayotganimga 7 oy bo‘ldi. Taekvondo mashg‘ulotimiz bir yarim soat bo‘ladi. Bizga mashg‘ulotlarni ustozlarimiz Bahodir Eshonov va Umrzoq akalar o‘tadi. Har kun mashg‘ulotdan oldin bizning vaznimizni tekshiradi va shunga qarab bizga mashg‘ulot oldi turli xil mashqlar bajartiradi.
— Mashg‘ulotlaringiz maktabdagi darslarga ta’sir qilmaydimi?
— Ustozlarim, ota-onam harakat qilinsa, hamma narsaga erishish mumkin deyishadi. Ertalab maktabga ketaman. Mashg‘ulotlarim esa darsdan so‘ng 14:00 da boshlanadi. Undan qaytib kelib maktabdan uyga berilgan vazifalarni tayyorlab qo‘yaman.
— Chempionatning saralash bosqichi qanday bo‘ldi?
— Saralash bosqichida biz yakkama-yakka sparingga tushdik. Men raqibimni mag‘lub qilganim uchun yarim finalga o‘tdim. Yarim final undan keying kun bo‘ldi. Undan ham o‘tdim. Ustozlarimning ham menga ancha mehnati singdi. Chunki ustozim Bahodir Eshonov bilan juda ko‘p shug‘ullanar edik.
— Osiyo chempionati qanday bo‘ldi, siz uchun buning qiyinchilik tomonlari ham bo‘ldimi?
— Ha, boshida hayajonlandim. O‘zimni ismim qachon chiqadi deb kutdim. Ammo chempionatgacha bo‘lgan mashg‘ulotlar hayajonimni biroz bo‘lsa-da yo‘qotdi. O‘zimdan ikki yosh katta raqib bilan maydonga tushganim biroz mushkul bo‘ldi. Chunki uning yoshi mendan katta, yenga olamanmi degan qo‘rquv xayolimdan o‘tdi. Lekin vaznimiz tengligi meni ancha xotirjam qildi. Uni jangda mag‘lubiyatga uchratdim. Undan keyingi jangda afsuski, go‘liblik raqibimga nasib qildi.
— Ustozlaringiz haqida ham gapirib bering. Ular g‘alabangizga birinchi guvoh bo‘lgan odam, ular ham xursand bo‘lgandir?
— Ustozim medal olganimda, endi bundan ham ko‘proq shug‘ullanasan. Sen jahon chempioni bo‘lishing kerak dedi. Ustozimning o‘zi ham qora belbog‘ sohibi. Ular jahon chempionatiga ham chiqib, 1-o‘rinni olib kelgan. Mashg‘ulotlarga qatnab boshlaganimdan buyon Bahodir ustozimga havas qilaman.
— Oilada nechta farzandsiz? Ota-onangiz uyga medal bilan qaytib kelganingizda qanday kutib olishdi?
— Oilada 4 farzandmiz. Uch opam va men. Chempionatdan qaytgan paytim opalarim maktabda, onam esa ishga ketayotgan edi. Bizda qishloq sharoiti bo‘lgani uchun onam dalaga kunlik ishga chiqib ishlaydi. Medal olib kelganimda onam juda xursand bo‘lib ketdi. Keyin dadamni chaqirdik. Dadam ham, onam ham juda xursand bo‘ldi. Maktabga keldim. Opalarim ham ko‘rib juda quvondi. Hozir sinfdoshlarim ham sportga to‘garagiga qatnaymiz deb qiziqib qolishdi.
— Yutuqlaringiz davomiy bo‘lishi uchun harakat qilyapsizmi?
— Albatta, yaqinda O‘zbekiston chempionati bo‘ladi. Agar unda ham yutsam, jahon chempionatiga chiqaman. Hozir tayyorgarlik ancha kuchli bo‘lyapti. Chunki jahon chempionati Osiyo chempionatiga nisbatan qiyinroq bo‘ladi.
— Umidjon, kelajakda kim bo‘lmoqchisiz, sportchimi yoki boshqa kasb sohibi?
— Dasturlash sohasiga juda qiziqaman. Yaqinda shu sohani ham o‘rganishni boshlamoqchiman. Ota-onam mening bu niyatimni ham qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman.

Bugungi kunda mamlakatimizda sport sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Mana shu e’tibor chekka hududda yashovchi Umidjon kabi yoshlarga ham qaratilsa, balki bronza emas, oltin medallar soni bittaga ko‘payar edi. Sababi davlat ishida ishlamaydigan, mavsumiy ish bilan tirikchilik qiladigan oilaning farzandi uchun qilgan mehnati bronza medal bilan baholansa, oltin olish uchun balki kattaroq e’tibor kerakdir…

Mashhura NASRIDDINOVA