Mutaxassislar oʻzbek adabiyotini davrlarga boʻladi. Bular eski turkiy bitiklardan boshlanib, oxiri mustaqillik davri va hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti bilan nihoyalanadi.
Toʻgʻri, adabiyot hech qachon bir oʻrinda, maʼlum davrda toʻxtab qolmagan. U hamisha kishilar tafakkuri bilan hamohang yurgan, balki undan bir necha qadam oldinda mafkuraviy yalovbardorlik qilgan ham. Zero, adabiyot olomonni xalq darajasiga chiqara oladigan, kishilik jamiyatlarini bir butun boshli gʻoya, til va qarashlar ostida birlashtiradigan, millatni millat qiluvchi kuchdir.
Shunday ekan, koʻp hollarda adabiyotning yelkasiga ogʻir yuk – komil inson yaratish va u orqali jamiyatdagi ogʻriqli nuqtalarga yechim topishdek vazifa tushadi. Erkin Aʼzam ijodining asosida ham, koʻrinishidan maishiy masalalar hikoya qilinsa-da, jamiyatdagi ikkiyuzlamachilik, laganbardorlik, mahalliychilik, “otga minsa, uzangini bermaslik”, kibr, nafsi uchun har qanday tubanlikka botish kabi ich-ichimizda mudraydigan va vaqti-vaqti bilan xuruj qiladigan zararli illatlar ustidan achchiq zaharxanda bilan kulib, fosh etiladi. “Pakananing oshiq koʻngli”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Otoyining tugʻilgan yili” kabi asarlari ayni shu mavzuda – “yaxshi inson qanday boʻlishi kerak, jilla qursa qanday odam boʻlmaslik kerak” savoliga javob izlab yozilgan.
“Otoyining tugʻilgan yili” asarida talabalar hayotida uchrab turadigan odatiy kundalik munosabatlar hikoya qilinadi: hech qachon oʻqituvchidan koʻngli toʻlmaydigan talaba, oʻz tinglovchilarini alohida “guruh”ga ajratib olgan oʻqituvchi, sevgi mojarolari, qaynoq yigitlik qonining oʻjar feʼli va hokazolar… Ammo adib faqatgina shularni nazarda tutdimikan? Aslo. 1977-yilda yozilgan qissadagi obraz va jarayonlarga bir-bir nazar tashlaylik.
Asar oʻzbek filologiyasi yo‘nalishida tahsil oladigan talaba yigit Asqar Shodibek oʻgʻli tilidan, uning nigohi bilan hikoya qilinadi. Epigraf uchun tanlangan “Aytsam – oʻldirurlar, aytmasam – oʻlam” bayti (Imomiddin Nasimiy) uning xarakterini deyarli ochib bergan. U oʻjar, oʻzini haqparvar sanaydigan, nohaqlik bilan bitta koʻchaga aravasi sigʻmaydigan, oʻz vazifasiga yengil-yelpi qaraydigan oʻqituvchilardan nafratlanadigan yigit. Uning nazarida dunyo yigitning jigʻiga tegish uchun ham bir boshidan ataylab tartibsiz yaratilgan goʻyoki. Oʻziga maʼqul talabalariga “Mashrabning oti nega Mashrab?” degan bemaʼni savol berib, osongina “Onasining qornida yigʻlagani uchun” deganga besh qoʻyadigan domlasini ham, konfet soʻrib, domlasining tomoq qirishini ham yozishga shay “aqlniso” kursdosh qizni ham, biri laganbardorlikda birovga boʻy bermaydigan, biri sipolikda hech kimga oʻrin qoldirmaydigan, yana biri otasining amali-yu puli bilan oʻqiyotgan kursdoshlarini ham, oʻz taklifi bilan saylanganini unutib, “tupurgan” guruhboshisini ham yomon koʻradi. U yana koʻchadagi bezorilar-u “dengiz chigʻanogʻining yarasi” uchun 400 soʻm sarflashga tayyor sobiq mahbubasini ham, odamlarning koʻzicha yaxshilik qilishga tirishadiganlarni ham, oʻziga bino qoʻygan “yaltiroq” Akbarovani ham yomon koʻradi.
Uning uchun hayotda oʻz mansabini bir lavozim sifatida tutgan domlasi, oʻzining noloyiqligini bilib, oʻqishdan oʻz ixtiyoriga koʻra ketgan talaba yigit, har safar akasidan “oʻzi ham yosh bola emas-ku, qoʻying” deb “erkini qoʻriqlaydigan” kelinoyisi va har qanday moddiyatdan koʻra insoniy hislar va musiqani sevadigan Raxshona yaxshi. Mana, qanday odam Asqar Shodibek oʻgʻli!
Bir yoqda oʻqish, bir yoqda uylanish, yana bir tomonda koʻngil mojarolarida gangib, yoʻl izlayotgan qahramon oʻzi anglagan haqiqat va adolat deb atalgan tushunchalarning etagini mahkam tutadi va soʻngida oʻz borar yoʻlini topadi:
“Qizlar! Bir lahza to‘xtang! Bugun Asqar Shodibekov adabiyot tarixi va yana talay tarixlardan imtihon topshirdi! U siz, sizlarning Matluba degan dugonangiz uchun, o‘sha olchoqlarcha tashlab ketgani uchun… imtihondan o‘tolmagan edi. Bugun o‘tdi!
Yuragim hech qanday o‘y-tuyg‘usiz, hech qanday maqsad-xohishsiz, bo‘m-bo‘sh; hech qayoqqa borgim, hech kimni ko‘rgim kelmas, go‘yo men uchun olamda hech narsaning ma’nosi, qizigʻi qolmagan edi. Bir og‘iz, bir og‘izgina kechirim so‘rashdan bo‘yin tovlaganim oqibatida Ahmadxonovning chakana imtihoni-yu arzanda imzosi deb shuncha vaqt iztirob chekdim, shuncha vaqt odamdek yashamadim.
Lekin muhimi – oxiriga qadar bo‘yin egmadim. Demak…
MUMKIN EKAN!”
Asar mavzusi tordek tuyulsa ham, u jamiyatning deyarli har bir qatlamida koʻrinadigan moddiy-maʼnaviy nuqsonlarni shu qadar ustalik bilan koʻrsatadi-ki, oʻquvchi beixtiyor oʻz hayotidagi Madhiddin-u Boʻstonlarni, Ziyoxon Ahmadxonov-u Matlubalarni ajratib olaveradi. Va ayrim oʻrinlarda oʻzi bilmagan holda oʻzidagi nuqsonlarni ham qoralab, ulardan oʻzini tozalaydi. Qissa shu tariqa oʻzining adabiy vazifasini bajaradi.
Umuman olganda, bu qissa maʼlum bir hududga, maʼlum ijtimoiy muhitga xoslangan emas. Undagi unsurlar umuminsoniydir. Shu sababli ham, bemalol asarni “yashovchan” deya olamiz. Zero, salkam yarim asr avvalgi ahvol bugun ham davom etyapti. Va hammasi insonning hayvoniy nafsi tufayli yuz bermoqda. Demak, adabiy mafkura tashish zanjirining ushbu halqasi gʻoyaviy vazifasida qoladi.

Kamoliddin ABDUAZIZ oʻgʻli
OʻzJOKU 2-bosqich talabasi