Respublika bolalar kutubxonasi hamda Yashnabod tumanidagi 244-maktab hamkorlikda Toshkent davlat pedagogika universiteti Boshlang’ich ta’lim kafedrasida «Kitobsiz ilm, ilmsiz kelajak yo‘q» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.

Tadbirni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti «Boshlang’ich ta’lim metodikasi» kafedrasining mudiri, pedagogika fanlari doktori, proffessor A’zam Xalikov kirish so‘zi bilan ochib, inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotida kitobning o‘rni alohida ekanini ta’kidladi.

— Barkamol avlodni voyaga yetkazishda kitobning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos, — deydi pedogogika fanlari doktori, professori Shahzoda Abdullayeva. — Mutolaa insonga bilim va axborot beradi, uning ma’naviy olamini boyitadi. Yaxshi kitob eng murakkab savollarga javob topishda beminnat dastyordir.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Mirzo Karim ham so‘zga chiqib, ona tilining qadri, inson o‘zligini anglashidagi ahamiyati va millatning jahon hamjamiyatidagi o‘ziga xosligini belgilovchi muhim omil ekanini badiiy adabiyot qahramonlari misolida gapirib berdi.

Shoirning o‘z ijodidagi she’rlardan namunalar o‘qigani barcha ishtirokchilarni ruhlantirdi. Yosh shoir Anvar Nishonov tomonidan kitob va kitobxonlik xususida bildirilgan fikrlar va o‘qigan she’rlar ham barchaga zavq bag‘ishladi.

Shundan so‘ng Respublika bolalar kutubxonasi mutaxassisi Nargiza Berdiyeva so‘z olib, «Kitob ma’rifat manbayi» mavzusida ma’ruza qildi.

Tadbirning badiiy qismida bastakor, estrada xonandasi Mirsaid Chustiy ijrosida kuy va qo‘shiqlar yangradi.

Tadbir yaqunida barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirilib, bu kabi tadbirlarni yanada ko‘p o‘tkazish takliflari bildirildi.