Fargʻona shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yil uchun rejalashtirilgan ustuvor vazifalar borasida aholiga murojaat qildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra joriy yil yakunlari boʻyicha Fargʻona shahrida barcha makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi ortigʻi bilan bajarilishi kutilyapti.
Shaharda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq hoʻjaligi yoʻnalishida qator investitsiya loyihalari samarali amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 61 ta investitsiya loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 376,7 mlrd. soʻm oʻzlashtirildi va 1584 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, shaharda tashkil etilgan 4 ta kichik sanoat zonalarida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 1,2 trln. soʻmga teng boʻlgan 56 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 3,4 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilab olingan boʻlib, joriy yilning 11 oyi davomida qiymati
442,5 mlrd. soʻmlik 27 ta loyihalar ishga tushirildi va 1670 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.
2021 yilda sanoat boʻyicha 24,3 mln. dollar, qishloq xoʻjaligida 6,7 mln. dollar eksport rejasi belgilangan boʻlib, oʻtgan 11 oy davomida 46,2 mln. dollar mahsulotlar eksportga yuborildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,5 barobarga oshdi. Shu yilning 11 oyida 21 ta korxonalar tomonidan 43,1 mln. dollarlik investitsiya jalb qilinib, yillik reja 107,8 foizga bajarilishi taʼminlandi.
“Fargʻona shahrini 2022-2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda ushbu dasturni
2022 yilda ijrosini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Bu borada shaharda mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda kelgusi 2022 yilda makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning barqaror oʻsishi taʼminlanishi maqsad qilingan. Tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi sanoat zonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Xizmat koʻrsatish sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Mustaqillik, Bahor, Al-Fargʻoniy koʻchalari boʻyidagi qishloq xoʻjaligiga oid yer maydonlarida 200 dan ortiq xizmat koʻrsatish va servis obʼektlari tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda.
2022 yilda sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 50 mln. dollarga yetkaziladi hamda yil davomida 60 mln. dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.
Shaharda ekologik muhitni tubdan yaxshilash maqsadida 2021 yil kuz-qish va 2022 yil bahor mavsumlarida
2 mln. dona mevali, manzarali va butasimon koʻchatlarni ekish reja qilib olingan. Loyiha doirasida 111,3 gektar maydonlarni “Jamoat park”lariga aylantirish va mavjudlarini rivojlantirish maqsadida 42,8 ming dona manzarali va butasimon daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.
Barchamiz qoʻlni-qoʻlga berib, hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik hisi bilan har bir masalaga jiddiy yondashib, bilim va salohiyatimiz, kuch-gʻayratimiz, tashabbus va shijoatimizni bir maqsad yoʻlida safarbar etsak yuksak marralarga erishamiz.