Sirdaryo viloyatida qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik yoʻnalishida jami 60 ta loyiha faoliyat boshladi. Tasdiqlangan dasturga asosan 12 nafar chorvachilik subʼektlari tomonidan Germaniya va Ukraina davlatlaridan 1000 boshdan ortiq naslli qoramollar olib kelindi.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining sessiyasida Sirdaryo viloyati xokimi Gʻofurjon Mirzayev bu haqda maʼlum qildi.
Murojaat avvalida murakkab va qiyin pandemiya sharoitida ham, yaʼni oxirgi ikki yilda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori natijalarga erishganligi va xususan, Sirdaryo viloyati ahli ham 2021 yilni barcha koʻrsatkichlar boʻyicha ijobiy yakunlanganligi taʼkidlandi.
Eng dolzarb ijtimoiy masala-aholi bandligini taʼminlash borasida sezilarli oʻsishga erishilganligi taʼkidlandi. Yaʼni yil davomida 35 542 nafar fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Birgina ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish va servis hamda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida bajarilgan loyihalar tufayli yaratilgan ish oʻrinlari hajmi oʻtgan yilga nisbatan qariyb 3 barobarga oshganligi maʼlum qilindi.
Soʻnggi yillarda viloyatning eksport salohiyati har jihatdan — ham jugʻrofiy, ham mahsulot turlarining koʻpayishi boʻyicha ortib bormoqda. Masalan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,1 trillion soʻmga, eksport miqdori esa 57 million dollarga yetgani bunga misoldir. Ayni chogʻda eksport rejasi 120 foizga bajarilishi kutilmoqda.
Yakunlanayotgan yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani jalb qilish, xorijiy hamkorlar bilan savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida viloyat delegatsiyalari bir necha davlatlarga tashrif buyurdi. Natijada Tojikiston, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasidagi hamkorlar bilan jami
401 million dollarlik kelishuvlarga erishildi va tuzilgan shartnomalar boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.
Murojaatda yil yakunida viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 14 trillion soʻm yoki 114,8 foizni tashkil etishi kutilayotgani aytildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot esa 16,8 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 105 foizga oshadi.
Viloyat byudjetining 2021 yil uchun daromadlar rejasi 856,8 milliard soʻm boʻlib, amalda 930,0 milliard soʻm undiriladi va ortigʻi bilan 73,2 milliard soʻm tushumlar tushirilishi taʼminlanadi.
Aytish lozimki, «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasi viloyatning yirik sanoat hududiga aylanmoqda. Joriy yilda mazkur EIZda qiymati 24,9 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshirildi va 515 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, 14 ta kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 192,5 milliard soʻmlik 27 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 45 turdagi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, 1 380 ga yaqin ish oʻrni yaratildi.
Murojaatda fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli kreditlar ajratish, boʻsh turgan davlat mulki obʼektlarini
investitsiya kiritish va yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan xususiylashtirish borasida ham ijobiy natijalar qayd etilgani taʼkidlandi.
Viloyat qishloq xoʻjaligida erishilayotgan yutuqlar ham salmoqli. Jumladan, bu yil 522 ming tonna gʻalla yetishtirildi va hosildorlik 60 sentnerga yetkazildi. Joriy yilda ham barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ishlab chiqarish unumdorligini va rentabelligini oshirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlash masalasiga eng asosiy vazifa, deb qaraldi.
Ana shu maqsadlar uchun viloyatda oxirgi yillarda 9 ta paxta toʻqimachilik klasteri tashkil etildi. Paxta toʻqimachilik klasterlari tashkil etilishi natijasida paxtaning oʻrtacha hosildorligi 26 sentnerdan 31 sentnerga ortdi.
Yakunlanayotgan yilda viloyatda sugʻorishda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish yanada kuchaytirildi. Jami 8 107 gektar paxta maydonida yoʻlga qoʻyilgan ana shunday texnologiyalar tufayli 15,1 million metr kub suv tejalishiga erishildi.
Murojaatda «Yashil makon» umummilliy loyihasi, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha ham maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, «temir daftar», «ayollar daftari», «yoshlar daftari» boʻyicha bajarilgan keng koʻlamli ishlar ham raqamlar va aniq misollar asosida sessiya ishtirokchilariga maʼlum qilindi.

Umuman, viloyat hokimining murojaatida hudud ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotining barcha boʻgʻinlari boʻyicha 2021 yilda bajarilgan ishlar, yangilanish hamda ijobiy oʻzgarishlar oʻz ifodasini topgani holda kelgusi rejalar, amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar ham maʼlum qilindi.