Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga mamlakat ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik qatlami sifatida ishonch bildirilmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar ertangi taraqqiyot sari qadam tashlamoqda.
“Toshkent yoshlar forumi – 2021” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Kelajak liderlari” I Respublika forumi boʻlib oʻtdi.

Yoshlarning gʻoya va takliflarini eshitish va muhokama qilish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan klub faoliyatida eng faol boʻlgan 70 nafarga yaqin aʼzolar ishtirok etdi.
Maʼlumki, 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari, talabalar orasidan Samarqand viloyatida ilk pilot sifatida 50 nafar yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klubi faoliyati muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Klub aʼzoligi uchun 6 ming 246 nafar nomzod elektron hujjat topshirgan boʻlib, belgilangan malaka talablariga koʻra, jami 3 ming 2 nafar nomzod saralab olindi. Ikkinchi, test bosqichida ishtirok etib, yuqori ball toʻplagan 1 ming 381 nafar nomzod “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida esse yozishdi. Nomzodning amaliy koʻnikma va sifatlarini baholashga qaratilgan suhbat bosqichidan soʻng 670 nafar klub aʼzolari saralab olindi.
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jamoatchilik uchun tanlovning barcha bosqichlari Youtube platformasida toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilindi va jarayonni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Joriy yilning 24-28 avgust kunlari reja asosida barcha hududlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirokida “Kelajak liderlari” klublarining tashkiliy yigʻilishlari oʻtkazilib, klublar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular uchun 6 oyga moʻljallangan maxsus reja-jadval ishlab chiqildi.
Bugungi kunda klub aʼzolarining soni 670 nafardan ortiq boʻlib, shundan 23 foizi yosh xotin-qizlar, 30 foizi oliy taʼlim muassasalari talaba yoshlari, 2 foizi ilmiy izlanuvchilar (doktorantlar), 40 foizi yosh davlat xizmatchilari, 20 foizi yosh rahbarlar, 8 foizini esa xususiy sektorda ishlovchilar tashkil qiladi.
Oʻtgan qisqa vaqt davomida yosh liderlar tomonidan “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Sektor rahbari bilan bir kun”, “Kitobxonlik”, “Lider kitobxon”, “Har oyda bitta maktab”, “100 kunda 10 ta kitob”, “Ozodalik-salomatlik garovi”, “Bir buyuk shaxsni kashf qil”, “English club”, “50 nafar yangi liderlarni kashf et”, “Salomatlik kuni”, “Mahalla raisiga dublyor”, “Notiqlik sanʼati”, “Rahbar imiji”, “Kelajak liderlari kutubxonasi” kabi loyihalar tashkil qilindi. Shuningdek, yoshlar turli sohada muvaffaqiyatga erishgan davlat xizmatchilaridan maxsus saboqlar olishdi.
Liderlar “ilm.argos.uz” platformasi orqali oʻzlarining nazariy bilimlarini oshirib, tuman (shahar) viloyat hokimliklarida malaka oshirmoqda. Loyiha yoʻlga qoʻyilganiga qisqa vaqt boʻlishiga qaramay 60 nafardan ortiq yosh liderlar yuqori lavozimga tayinlandi.
Respublika forumi doirasida “Kelajak liderlari” klubi hududiy forumlari tashkil etildi hamda ular orasidan loyihalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan, faol davlat xizmatchilari Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan Respublika “Kelajak liderlari” forumiga taklif qilindi.
Forum davomida “Kelajak liderlari” klublari aʼzolari uchun maxsus mahorat darslari tashkil etildi. Unda siyosatchilar, fan arboblari va yosh davlat xizmatchilarining ochiq muloqotlari tashkil etildi.
Shuningdek, oʻquv mashgʻulotlari davomida yosh liderlar oʻzlarining startap loyihalarini yanada takomillashtirishdi va taqdimot qilishdi. Ochiq, doʻstona, samimiy ruhda oʻtgan muloqotlarda respublikaning barcha hududlaridan yigʻilgan yosh davlat xizmatchilari oʻzaro tajriba almashishdi. Davlat fuqarolik xizmati sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarini bildirishdi.

Taqdimotlar yuzasidan savol-javob oʻtkazilib, fikr-mulohazalar va takliflar berildi. Forumning taqdirlash marosimida taqdim etilgan loyihalar orasidan ijobiy baholangan 3 ta taqdimot mualliflari va faol yoshlar taqdirlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu klub kelgusida davlat xizmati sohasida yosh kadrlarni bosqichma-bosqich tayyorlashi, yoshlar orasida davlat xizmati jozibardorligini oshirishda, salohiyatli yoshlar uchun sotsial lift vazifasini oʻtab, kelgusida xalqchil davlat xizmatini koʻrsatadigan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot drayverlarini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi.

Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati