Qoraoʻzak tumanida 2021 yil ijtimoiy muammolarni hal qilish borasida “temir daftar”dagi 1243 nafar fuqaro bandligi taʼminlangan boʻlsa, “ayollar daftari”dagi 1213 nafar xotin-qizlarga amaliy yordamlar koʻrsatilgan.
Bu haqda Xalq deputatlari Qoraoʻzak tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Uzaqbergen Utambetov joriy yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va kelgusi yil rejalari haqida tuman xalqiga qilgan murojaatida keltirib oʻtdi.
Shuningdek, 1 ming 398 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Yil yakuniga kelib, ularning ehtiyojiga qarab imtiyozli kreditlar, dehqonchilik uchun yer maydoni, subsidiya va moddiy yordamlar ajratish natijasida 1 ming 367 nafari “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan.
Sessiyada taʼkidlanganidek, joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish aholini uy-joy bilan taʼminlash yoʻnalishida 45,4 mlrd. soʻmlik bir qator qurilish ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu borada “Berdaq” ovul fuqarolar yigʻini imorati 750 mln.soʻmga yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan boʻlsa, hududdagi qishloq vrachlik punktida 699 mln.soʻmlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Tuman hududida 12,1 km uzunlikdagi ichki yoʻllar va dasturda keltirilganidan tashqari 29,9 km yoʻllarda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Muhandislik va xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha 175 mln.soʻmlik 5 km uzunlikdagi aloqa tarmoqlari va 1 dona aloqa stansiyasida amalga oshirilgan ishlar natijasida “Qoybaq” OFY hududidagi aholi telefon va internet xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Tuman hokimi oʻz murojaatida 2022 yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan strategik rejalar haqida ham maʼlumot berdi. Masalan, “Qaraqalpaq sement” MCHJ qoʻshma korxonasining jami 538 mlrd. soʻm miqdorda sement ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi ishga qoʻshilishi natijasida 784 yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bu ichki bozorni sement mahsulotlari bilan taʼminlash hamda qoʻshni respublikalarga mahsulot eksport qilish natijasida byudjetga 130 mlrd. soʻmga yaqin tushum boʻlishini taʼminlaydi.
Shuningdek, jami 60 mln. dollar investitsiya kiritilishi kutilayotgan ekomajmua loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha 50 MVt quvatga ega quyosh elektr stansiyasi, sunʼiy granit zavodi, 120 xonali 4 yulduzli mehmonxona, 5 gektar yashil hudud, sunʼiy koʻl, restoran /kafe, avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasini oʻz ichiga oladi. Ushbu loyiha doirasida qurilishi nazarda tutilgan obʼektlar “Qoybaq” OFY hududida A-380 avtomagistral yoʻl boʻyida joylashadi. Quyosh elektr stansiyasi hududda joylashgan mahalliy korxonalarni qayta tiklanadigan toza energiya bilan taʼminlash imkonini beradi. Shu bilan birga A-380 xalqaro transport koridorida yangi ekomajmua qurilishi mahalliy infratuzilmani va ekologik sharoitlarni yaxshilash bilan birga nafaqat ushbu tumanda, balki butun respublikada turizm salohiyati oshishiga va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.