Urush — erkaklar va ayollar bir xil darajada soliq to‘laydigan mavsum. Farqi shuki, biridan qon, biridan ko‘z yoshlari olinadi. Bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘ini yutolmay atrofga alanglayman.
G‘alaba bog‘i, g‘alaba… Hayotni ehson qilib yuborishga arziydigan nimadir. O‘zimni o‘q, qichqiriq, samalyot, bomba, yig‘i, mushtoqlik, nafrat, sog‘inch, qon, matonat qurshovida qolib ketganday his qilaman. Birgina ovoz shovqinni yorib chiqadi. “Bittasi ham qaytmadi-ya!”. Ona, ha, bu onaning ovozi. “Bolam, kel”, degan chaqiriq og‘ushida uzoq tentirayman.
Mana “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi. Zulfiya Zokirova hamda uning kelinlari uzoq manzillarga, borsa kelmas tomonlarga ko‘z tikib turibdi. Ulardan sabr-u sabot, sadoqat, iroda va jasoratning ifori taralayotganday. Besh ustun, besh umr, besh qalqon, besh umid… Zulfiya aya va kelin-u nabiralarining atrofida joylashgan. Haykaltarosh ustunlar orqali o‘zbek xonadonlaridagi tokchalarga ishora qiladi. Beshta tishlangan non. “Oy borib omon qayt, bolam”… Ko‘z o‘ngimda farzandlariga non uzatayotgan ona paydo bo‘ldi. Tishlangan nonga urushdan qaytmagan o‘g‘illarning taqdiri chekilganday.
Yon tomondan frontdan kelgan uchburchak taxlamli maktublarni eslatuvchi ustunlarda askarlarning yurt, ona, yor sog‘inchi, farzandlariga aytmoqchi bo‘lganlari chizib qo‘yilgan. “Xatingizni yuragimning tubida tumorday asrab yuribman. Undan sizning, uyimizning hidi keladi, ona”… Kaftlarni qo‘lim bilan his qilmoqchi bo‘laman. G‘amni orqalagan pochtachi amaki, huvillagan hovli, hayajon to‘shalgan yo‘lakda qotib qolgan nigohlar, mehnatdan qavargan qo‘lda qo‘nim topgan qoraxat. Qora qismatni uzoq-uzoqlardan quchoqlab, ayollar uchun bevalik ta’mini olib kelgan bir parcha qog‘oz. Bolani onadan, onani boladan, yorni yordan ayiruvchi kuy – yig‘i. Tosh ko‘zlar ezib boqyapti. Nazarimda ko‘z yoshlari ichiga oqayotganday. Besh ma’suma yaxshi kunlarga keladigan navbatni kutib tosh qotganday.
Bobomning urush haqidagi hikoyalarini eshitib ulg‘ayganman. “Men eng adolatsiz dunyoni eng adolatli urushdan afzal ko‘raman”, der edilar. Lablarim orasidan “bobo, men ham ko‘zingiz tubidagi mungni yanada yaxshiroq his qilyapman”, degan so‘zlar sirg‘alib chiqadi. Istaganlarim emas, haqiqatlar haqida hislashayotgandim. “Bittasi ham qaytmadi-ya”… Onalarning hammasi ham ona, hatto u bog‘ga o‘rnatilgan haykal bo‘lsa ham!

Umidaxon SOBIROVA
O‘zJOKU talabasi