Bir kuni dadajonim bozordan antiqa tarvuz urug‘i olib keldi. Men tarvuz ekishga juda qiziqardim, ammo bunaqa tarvuz urug‘ini hech ko‘rmagandim. Shu sabab uni tezroq ekishga va bu urug‘dan qanday tarvuz unib chiqishini ko‘rishga oshiqardim.
Ertasiga dadam bilan hovlimizdagi kichkina polizga chiqib, o‘sha tarvuz urug‘ini ekdik. Qani, tarvuz tezroq unsa-yu, juda ham ulkan bo‘lib ketsa, men hammaga: “Bizlarda juda katta tarvuz bor”, deya maqtansam, degan fikr xayolimdan o‘tardi. Dadam bo‘lsa: “Qizim, nega buncha xayol surding, tez-tez harakat qilgin, ishni vaqtliroq yakunlaylik”, dedilar. Shunday qilib, tarvuzlar urug‘larini ham ekib bo‘ldik.
Men ertangi kunni intiqlik bilan kuta boshladim. Chunki mening nazarimda tarvuz ertagacha unib, katta bo‘lib ketishi kerak edi-da! Ertasi kuni vaqtliroq uyg‘ondim. Mana, hozir tarvuz tomon yelday uchib ketyapman. Voy, buning kattaligiga qarang, tarvuz rostdan ham juda katta bo‘lib ketibdi-ku! “Endi buni hammaga maqtanaman”, deb darrov odamlarni chaqirdim. Qo‘shnilar kelib, hayron bo‘lib qolishdi. Men esa narvonni olib keldim-u, bir amallab tarvuzning tepasiga chiqib oldim. Bunday kattakon tarvuzni ko‘rganlar hayratlanib: “Voy-bo‘, shunchlar ham katta tarvuz bo‘ladimi?”, deya hayron bo‘lib qarab turishardi. Men bo‘lsa, tarvuzning tepasiga chiqib: “Bu tarvuzning urug‘ini hech qayerdan topolmaysiz, bunaqa tarvuz faqat bizning polizda bor”, deb maqatanardim.
Shu payt ulardan biri:
– Qani, bizga ham tarvuzingdan bir tilim-bir tilim kesib ber, – dedi. Menga qolsa, shundoq kattakon tarvuzni sira kesgim kelmasdi. To‘plangan olomonga qarata:
– Yo‘q, bu tarvuzni birortangizga ham bermayman. Agarda uni kessam, na chiroyi va na kattaligi qoladi. Hech biringizga bermayman, – derdim.
Tarvuzni ko‘rishga kelganlar mening gapimdan rosa xafa bo‘lishdi. Shunda ular:
– Bermasang berma, namuncha qizg‘anchiq bo‘lmasang, – deb ketib qolishdi.
Shu payt tarvuzdan jiringlagan ovoz eshitilganday bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq sasidan birdan seskanib, uyg‘onib ketdim, shekilli, ko‘zimni ochsam, to‘shakda yotibman. Soat jiringlayotgan ekan. Voy, men tush ko‘rdimmi yo bo‘lgan voqealar o‘nggimdami, deya ikkilanib qoldim. Darrov yugurib hovliga chiqdim, lekin bog‘imizga hali tarvuz ekilmagan, dadajonim bo‘lsa, qovun-tarvuz ekish uchun joy hozirlayotgan ekan. Men esa ko‘rganim tush ekanini angladim va uni oila-a’zolarimga aytib berdim. Ular bu g‘aroyib tushimni tinglab, rosa kulishdi. Dadam bo‘lsa:
– Unday bo‘lsa kelaqol, bu yilgi tarvuz urug‘ini sen ekkin, zora tushingda ko‘rganingdek katta-katta tarvuz bo‘lsa, – dedilar.
Ha, tushga nimalar kirmaydi! Lekin buvim rahmatli: “Ba’zan tushlar o‘ngimizdagi voqealarga ishora qiladi”, derdilar. Shu yil ekkan tarvuzlarimiz har yilgiga qaraganda mo‘l hosil berdi va har doimgidan katta bo‘ldi. Mazasiga ham gap yo‘q.

Sarvinoz BOLTAYEVA
Ogahiy ijod maktabining 7-sinf o‘quvchisi