Xurshid Do‘stmuhammadning o‘tgan asr oxirida yaratilgan “Bozor” romani o‘zbek romanchiligida alohida o‘rin egallaydi. Uni o‘qish jarayonida asar qahramonlari bilan birgalikda ma’naviy-ruhiy savollarga javob izlaysiz. Asarda bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish jarayoni oddiy inson hayotiga, psixologik olamiga, qismati, ong-u shuuriga qanday ta’sir qilgani ramziy obrazlar, metaforalar orqali yoritib berilgan.
Roman bosh qahramoni Fozilbek o‘zini savollar girdobiga otadi, oddiy insonlardek yashashga shunchaki rozi bo‘lmaydi, hayotdan, ramziy ma’noda bozordan o‘zini izlaydi, hamma kabi taqdir nog‘orasiga o‘ynashga vijdoni yo‘l qo‘ymaydi.
Barchamiz ehtiyojlarimizni bozor orqali qondirishimiz mumkin. Asarda aytilganidek, “Bozor odamlar bilan emas, ularning nafsi bilan til topishgan”. Bozor siz-u biz uchun shunchaki bir kunlik “karvonsaroy” bo‘lishi mumkin, ammo bozorboshi oilasi uchun u yer xobgoh kabidir: issig‘i-yu sovug‘i, yaxshi-yomoniga ular javobgar. Bozorboshi Qosimbek oilasida tug‘ilgan Fozilbek esa ota-bobolaridan, ajdodlaridan farqli o‘laroq bozor kishisi emas, u “Shuur” shirkati “jonkuyari” edi. Uning o‘z olami, o‘z dunyosi, “bozor” deb atalmish hayotda o‘z “savdo rastasi” bor. Romanda bu otasi tilidan shunday e’tirof etilgan: “Rahmatli onang dono ayol edi, bozorning toleyiga sendek fozil o‘g‘ilni tug‘ib berdi… Qo‘lingni pulga urmading, bozor mashmashalariga aylanishmading, illo bozorni sendek tushunish boshqa, bunaqasi kam”. Ha, haqiqatan, asar qahramoni Fozilbekda “ta’ma yo‘q, nafs yo‘q” edi. Buni asar ibtidosidan intihosiga qadar sezish mumkin.
Romanda ramziy ishoralar juda ko‘p — majozlar asosiga qurilgan, deb ham bemalol ayta olamiz. Masalan, otning xandaqqa tushib ketishi, timda maxluqning paydo bo‘lishi, aristonning qamoqdan qochishi, bozorga sichqon oralashi, Naynov zakunchining o‘lim sabablari tekshiruvi, janozaning kechiktirilishi, nojins, yo‘qolgan kampir, choyxona, otaning o‘limi va hokazolar.
Fozilbek bu muammolarga yechim izlar ekan, suhbatdoshlari bilan uning o‘rtasida osmon bilan yercha farq borligini sezadi. Va “Nega?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi. O‘zi yecholmagan bu muammolarning kaliti otasi, akasi, Shomirza kabi rastaboshilarida bor ekanmi, deya o‘ylaydi, so‘ng xayollar so‘qmog‘i hamma tilidan qo‘ymaydigan Choyxonaga boshlaydi. Hatto xonanishin qilib olgan otasi bilan bo‘lgan quyidagi suhbatda ham Fozilbek otasining so‘zlariga ko‘ndalang qilib shu ramzni qo‘yadi:
“– Shomirza akang pultopar, zo‘ravon… Bozor bamisoli bir jondor. Ko‘ngli, fe’l-atvori, nafsoniyati, injiqligi bor, tiliga tushunsang – izmingga yuradi, tushunmasang, ustiga-ustak, zo‘ravonlik qilaversang – shaytoni ko‘payadi. Bozorning shaytoniga bas keladigan banda yo‘q. Bo‘lsayam…
– CHOYXONA-CHI?..”
Izdihom tilga oluvchi, hamma muammolar yechimidek ko‘runuvchi “Choyxona” nimaning ramzi bo‘lishi mumkin?
Nega Fozilbekka otasi Choyxonadan uzoq yur, deya tayinlaydi, nega o‘g‘li “Otam Choyxonani biladimi, akam-chi?”, deya gumonlar bilan qaraydi?
Hamma “ishongan” Choyxona qanday joy?
Qosimbek bozorboshi nega choyxonalarning hammasi bir go‘rligini aytadi? Aslida-chi?
Bu kabi savollarga romanni mutolaa qilish chog‘ida javob topgandek bo‘lasiz.
Fozilbek baribir ko‘rishni dilga tuyib yurgan Choyxonaga yo‘l oladi. Tashqi tarafdan sirli va mahobatli binodek, zinalarini ichida sanaydi, yigirma bitta ekan (XXI asrga ishora). Choyxonada begona yo‘q, hamma unga tanish, hamma ko‘ziga issiq: tilanchilar, pattachilar, dallollar, tarozibonlar, rastaboshilar va nihoyat “Ajabzotlar” so‘risiga duch keldi. Bozordagi nohaqliklar-u hiyla-nayranglardan bezor bo‘lgan Fozilbekning panohi Choyxona bo‘lishi mumkindek edi, ammo o‘ylagani kabi bo‘lmadi. Dastlab “Tilanchi xalqining tanishi bo‘lmaydi”, deb parvo qilmadi-ku, ammo rastaboshilar so‘risida anchagina muztar bo‘lib qoldi: “Fozilbek rastaboshilar so‘risini ko‘rdi, hayrat va havasda qadrdon og‘a-inidek rastaboshilarni zimdan kuzatdi, ularga nomma-nom salom berdi, hammalari quyuq alik olishdi, lekin “Qani, bu yoqqa” deb iltifot ko‘rsatish birortasining xayoliga kelmadi…“ Bu o‘rinda nafs yo‘lida do‘st o‘z qadrdoni uchun begonaligiga ishora qilinadi. Fozilbek bularning barchasiga ko‘z yuma oldi, lekin u “Muallaq so‘ri”ni ko‘rib chinakamiga hayratga tushdi:
“Biroq Fozilbekning hamma ko‘rganlari ham bir bo‘ldi-yu, keyin ko‘rgani ham bir bo‘ldi: oltindan quyilgan temir so‘ri ariqning eng keng yeriga shu qadar ustalik bilan o‘rnatilgan ediki, Fozilbek uning oyoqlari yerga tekkan joyini topolmadi. “Muallaq so‘ri” deb yubordi ovoz chiqarib”.
Muallaqlik… To‘ra Sulaymon o‘zining “Armon” she’rida: “Muallaq qolsa kimdir, yer turib, osmon turib” daya yozadi. “Muallaq so‘ri” ham beixtiyor shu misralarni yodga soladi. Zamindan oyog‘i uzilgan – kibr zabtiga olib xalqdan uzoqlashish ikki asarda ham bo‘y ko‘rsatgan. To‘ra Sulaymon ham, Xurshid Do‘stmuhammad ham odam bolasi ikki dunyo orasida muallaq qolishini kibrdan deb biladi, hamda bunday bo‘lmasligi uchun Yerga – o‘zi singari odamlarga va osmonga – o‘zini yaratgan Qudratga suyanmog‘i lozimligini shu orqali ko‘rsatib beradi.
Xo‘sh, Choyxona ahli nima bilan mashg‘ul, ular qanday kelajak uchun rejalar tuzmoqda? Bu hol asarda shunday tasvirlangan:
“Birinchi ajabzot bir kaft yong‘oqni qayrag‘och ostiga qarab irg‘itdi.
– Soqqa tashlash! – deb yubordi Fozilbek. Haqiqatan ham, Fozilbek bolalik kezlari tengqurlari bilan devor yo daraxt poyida ikki hovuch tuproq qazib, chuqurcha kavlashar va unga turli masofadan turib yong‘oq irg‘itib, chuqurchani mo‘ljalga olishar edi.
– …Nima, shu-unday kap-katta, salobatidan uncha-muncha qoramol hurkib qochadigan ajabzotlar yong‘oq o‘ynarmidi?! Fozilbek hayrat-u taajjubiga javob topib ulgurmay ko‘z o‘ngida yuz bergan hodisadan battar aqli shoshdi: Birinchi ajabzot irg‘itgan yong‘oqdan ikkitasi chuqurchadan chiqib ketdi. Ikkinchi ajabzot esa uchta soqqasini mo‘ljalga tushirolmadi. Fozilbek chuqurchaga tushmay, yig‘ilganlar oyog‘i ostiga dumalab kelgan soqqaga qaradi-yu … ularning tilla yong‘oq ekanini ko‘rdi”…
Oddiy xalq oilasini boqish uchun ne zahmatlar chekayotgan, bozor vayron bo‘lib, qancha muammolar qalashib yotgan bir paytda nafsi sichqonday bolalab yotgan ajabzotlarning ahvoli shunday edi. Ularning el dardi bilan sariq chaqalik ham ishi yo‘q, boyliklari ham keraksiz kayf-u safolar uchun sovrilyapti. Asardagi Fayoz to‘y qilish uchun guruch topolmasdan ruhi sinib, Mahkam cho‘t yarimjon bo‘lib yuribdi-yu “Ajabzotlar” “Muallaq so‘ri”da o‘tirib tilla yong‘oq o‘ynasa-yaa… Naqadar achinarli hol. Kibr zabtiga olib xalqdan uzoqlashgan, bosar-tusarini bilmay “uchib yurgan” kimsalar aks ettirilgan bu holat hammaga tanish va og‘riqlidir.
Yuqoridagi “Soqqa tashlash” bolalar o‘yini ham xalq ishonib qarayotgan, umid qilayotgan, katta kuch deb bilgan Choyxona ahlining oddiy ko‘ngilxushlik uchun qimmatli vaqtini besamar sarflayotganiga ishoradir. Fitratning “Abulfayzxon” fojiasi ham xuddi shunday xon ishongan a’yonlarning taxta(shaxmat) o‘ynashi bilan boshlanadi yoki Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romanidagi ertaning umidi bo‘lgan talabalar oltinga teng vaqtini kerkasiz o‘yin-kulgilar uchun sarflaydi.
Mana shunday ahvolimiz bor ekan “Bozor” romanida ko‘rsatilgan ichimizdan chiqqan “na olmaxonga, na kalamushga, na tulkiga o‘xshaydigan turqi sovuqdan-sovuq” nojins maxluqlar boshimizdan so‘lagini oqizib, xuddi odamga o‘xshab qiqir-qiqir kulishdan charchamaydi.

Xolida MUSURMONOVA