Umrimizning deyarli teng yarmi yo‘llarda o‘tadi. Ishga borib-kelish, biror yaqinimizni ko‘rish uchun ham bir necha kilometrlik masofani bosib o‘tamiz. Lekin bu yo‘llarda hammamiz ham xavfsizlik qoidalariga ham to‘liq amal qilmaymiz. Yo‘llarda avtohalokatlar, qoidabuzarliklarni ko‘raverib, ko‘zimiz pishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlarning ustidan arz qilib, kinoyali hazillar qilib chiqqan insonlarni ham uchratamiz. Ammo aybni hech o‘zimizdan qidirib ko‘rmaymiz.
Yo‘llarimizda qoidabuzarliklar shu qadar ko‘pki, ba’zan nafaqat ta’bingiz xira bo‘ladi, balki ko‘nglingiz ayniydi. Qarang, quyida yo‘llarimizning bir qismidagi bir kunlik qoidabuzarliklar statistikasini keltiramiz. ATIGI BIR KUNLIK!
2022-yil 8-fevraldagi holat:
Kun davomida 157 marta qoidaga xilof ravishda odam tashish, 179 ta quvib o‘tish qoidalarini buzish, 18 ta mashina boshqaruvida mobil aloqa vositasidan foydalanish, 147 ta svetaforning taqiqlovchi chirog‘iga rioya etmaslik holati aniqlandi. Axir ular shu paytda ko‘pchilik insonlarning hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin edi.
Mana bu qoidabuzarliklarga e’tibor bering:
– xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik – 961 ta;
– piyodalar yo‘lining harakat qismini kesib o‘tish – 567 ta;
– yo‘l belgilariga amal qilmaslik – 363 ta;
– yo‘l chiziqlarini bosish – 192 ta;
– piyodalar yo‘lagidan yurish, noto‘g‘ri yoritish, loy sachratish – 107 ta;
– majburiy sug‘urtasiz transportdan foydalanish – 96 ta;
– avtoulovni tegishli hujjatlarsiz boshqarish – 71 ta;
– mayda to‘qnashuv, ya’ni kichik yo‘l-transport hodisalari 59 ta;
– piyodalar yo‘lakchasida piyodalarga yo‘l bermaslik – 31 ta;
– mashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik – 14 ta;
– to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish – 13 ta;
– ruxsatnomasiz oynalarni qoraytirish – 11 ta;
– sababsiz tovush signalini berish, chiqarish, o‘rnatish – 7 ta;
– tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlash – 5 ta;
– inspektorga bo‘ysunmaslik – 5 ta;
– avariya holati – 4 ta;
– boshqaruv huquqisiz avtomobilni boshqarish – 4 ta;
– ruxsatnomasiz qayta jihozlash – 2 ta;
– yo‘l inshoatlariga zarar yetkazish – 1 ta…
Bu hali hammasi emas! Shu fevral kuni “Hamkor” avtoekipajlar bilan birgalikda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida ham jami 824 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Jumladan:
– qo‘pol qoidabuzarlik – 267 ta;
– transport vositasini mast holatda boshqarish – 12 ta;
– svetaforning taqiqlovchi chirog‘iga rioya etmaslik – 45 ta;
– avtoulovni tegishli hujjatlarsiz boshqarish – 68 ta,
– qonuniy talabni bajarmaslik – 6 ta;
– ruxsatnomasiz oynalarni qoraytirish – 5 ta,
– ovoz so‘ndiruvchi moslamalardan foydalanish – 1 ta;
– boshqa qoidabuzarliklar- 687 ta.
92 ta holatda transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, tungi xizmat davomida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida to‘xtatilgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish jarayonida jinoiy elementlar: qurol-yarog‘, o‘q-dori, narkotik moddalar, psixotrop dori vositalari, pichoq, beysbol bita kabi jismlarni olib yurgan fuqarolar ham bo‘lgan. Avtomobillar yukxonasi va saloni tekshirilganda 173 ta qoidabuzarliklar kuzatilgan. Masalan, 15 ta holatda tig‘li jismlar, 3 ta holatda narkotik va psixotrop moddalar olib yurilgani aniqlangan. 2 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan.
Ushbu reyd tadbirlarida tungi 03:40 da Yangihayot tumanida harakatlanib kelayotgan “Matiz” rusumli davlat raqami 01 037 TTH bo‘lgan avtoulov to‘xtatib tekshirilganda, avtoulov yo‘lovchisi 1999-yilda tug‘ilgan Sirg‘ali tumanida istiqomat qiluvchi Sh.D.ning sumkasidan 1 dona “Tropikamid” nomli va 6 dona “Regapen” nomli psixotrop dori tabletkalari topilgan. Holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rildi.
Shunday holatlardan biri soat 18:45 larda Bektemir tumanida yuz bergan. Tumanning Oltintopgan ko‘chasida piyoda harakatlanib kelayotgan 1985-yilda tug‘ilgan, Buxoro viloyati, Shofirkon tumani Bobohaydar mahallasida istiqomat qiluvchi F.R. to‘xtatib tekshirilganda u O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi 2-qism bilan ayblanib, 262641/2021-726-sonli jinoyat ishi yuzasidan Bektemir tumani IIOFMB tomonidan norasmiy qidiruvda ekanligi aniqlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirib, Bektemir tumani IIOFMB JQB O‘MIB t/v ga olib borib topshirilgan.
Bunday holatlar ko‘p marta uchrayapti, ammo oxiri ko‘rinmaydi. Ular nafaqat o‘z hayoti, balki oila a’zolarini ham xavf ostiga qo‘yayotganini nahotki bilishmasa. Yoki qoidalar buzish uchun yaratilgan, degan iborani o‘zlariga shior qilib olganmikan? Nuqta, vergul, chiziqcha kabi tinish belgilari – qoidalar bilan mant go‘zal va ohangdor bo‘lgani kabi, hayotimiz ham qoidalar bilan qiziqarli va mazmunli-ku! Aslida, biz bir yozuvchi bo‘lsak, yashayotgan umrimiz yangi yozilayotgan asar, qoidalar esa bizning hayot kitobimizda to‘g‘ri yashashimiz uchun berilgan belgilardir.

Qahramon XUDOYBERGANOV
Toshkent shahar IIBB YXHB

axborot xizmati boshlig‘i, mayor