Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Albatta jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi”.
Darhaqiqat, yangi davr yoshlarining kuchli, bilimli va jismonan yetuk kadrlar bo‘lishi uchun ularga keng imkoniyatlarni yaratib berish va qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi, mamlakatimizda barcha sohalar kabi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilib, “Akademiya” maqomi berildi hamda harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy ta’lim tashkilotlariga o‘quvchilarning o‘qishga kirishi uchun tayyorgarligini ta’minlovchi ixtisoslashtirilgan litsey tashkil etilishi belgilab berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi. Harbiy-akademik litseyi o‘quv-uslubiy ishlarini amalga oshirishda Akademiyaning professor-o‘qituvchilari bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, aholi va hududlarning muhandislik muhofazasini takomillatirish, avariya qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, olovga chidamli qurilish materiallari va matolarining yangi turlarini yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Akademiya huzurida tegishli tartibda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi. Ilmiy kengash 05.10.02 – “Favqulodda holatlarda xavfsizlik: Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi” va 05.10.01 – “Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi” (texnika fanlari) ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini ilmiy seminarda muhokama qilish va himoyani o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi.
O‘tgan vaqt davomida FVV Akademiyasining uch nafar mustaqil izlanuvchisi ixtisoslashgan ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar muhokamasidan muvaffaqiyatli o‘tib, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Shuningdek, qator ilmiy-tadqiqotchilar texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldilar. Professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy ishlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligidan ixtirolar uchun patent olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining tegishli qarorlari bilan FVV Akademiyasi yosh o‘qituvchilaridan 4 nafariga “dotsent” ilmiy darajalari berildi. Natijada Akademiyaning ilmiy salohiyati yanada yuksaldi.
Imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Akademiyada davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ikki yilga mo‘ljallangan ikkita davlat granti – “Mahalliy mineral xom ashyolar asosida qiyin yonuvchan issiqdan saqlovchi tarkiblar olish texnologiyasini yaratish” hamda “Yangi avlod metallorganik oligomer qo‘shimchali olovbardosh, issiqlik izolyasiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish» loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida Akademiyaning iqtidorli kursantlari munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘ldi. Jumladan, “Gidravlika” fanidan 4-kurs kursanti Ravshanbek Jalilov birinchi, “Avtomobil tayyorgarligi” fanidan 1-kurs kursanti Fayozbek Mamasoliev ikkinchi hamda “Milliy g‘oya, huquqshunoslik, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” fanlaridan 5 kurs kursanti Sultanbek Urazimbetov uchinchi o‘rinni egalladi.
2021-yil 21-26-avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasi Olma-ota shahrida sportning “Armrestling” turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Akademiyaning “Harbiy va jismoniy tayyorgarlik” kafedrasi katta o‘qituvchisi, katta leytenant Rustam Choriev uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 5-kurs kursanti Hurmatillo Madazimov ikkinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 2021-yilning 23-noyabr–3-dekabr kunlari Ruminiyaning Buxarest shahrida o‘tkazilgan “Armrestling” turi bo‘yicha jahon chempionatida ham faol ishtirok etishdi.
2021-yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili doirasida Toshkent shahrida joylashgan muassasa hamda harbiy qismlardagi Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovida Akademiyadagi yoshlar boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, katta leytenant Firdavs Karimov birinchi o‘rinni egalladi.
Yangi O‘zbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi muhim amaliy ishlarni davom ettirishimiz zarur. Yoshlarni bugun qanchalik ilmiy, ma’naviy, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlasak, kelajagimiz shunchalik yorqin bo‘ladi

Choriyor XO‘JANOV
FVV Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari

polkovnik