O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
Shavkat MIRZIYOYEV

O‘tayotgan umrimizning har bir kuni sinovli, ba’zan esa tashvishli, gohida mazmunli, yashashga, orzu va havas qilishga undagan holda kechadi. Bazan qo‘limizga turli mavzu va mazmundagi badiiy kitob olib, o‘zimizning ma’nan boyligimiz, dunyoqarashimizni kengaytirish, bu hayot sinovlari-yu tashvishlarini biroz unutish maqsadida undan ovunch olamiz. Asardagi ijobiy qahramonlardan o‘zimizga keraklicha o‘rnak olib, ezgu maqsadlar sari yuksak marralarga intilamiz. Salbiy obrazlardan esa ular kabi noto‘g‘ri va yengil yo‘lni tanlamaslik, boshqalarga yomonlikni ravo ko‘rmaslik uchun kitobdan o‘zimizga tarbiya olamiz. Zero, aytilgan-ku “Tarbiyani – tarbiyasizdan o‘rgan”, deb.
Kimdir o‘qimoqchi bo‘lgan asaridagi voqelik tezda tugab qolmasligi uchun 400 yoki 500 betli kitob tanlasa, boshqasi kam varaqi, biroq chuqur ma’no va mazmunga ega kitobni tanlaydi. Ba’zida ikki og‘iz so‘z ham insonni chuqur o‘yga, mushohadaga undaydi. Sizga ilinmoqchi bo‘lgan quyidagi hikoyalar ham bunga misol bo‘la oladi. Qisqa, ammo purma’no bu asarlar jahon adabiyotida o‘zining munosib o‘rniga ega sanalib, hali-hanuz qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.
Ernest Xeminguey o‘z ijodkor do‘stlari va muxlislari bilan har qanday insonni ta’sirlantira oladigan, atigi olti so‘zdan iborat hikoya yoza olishi mumkinligi haqida bahs boylashadi. Unga g‘alaba olib kelgan hikoya mana bu: “For sale: baby shoes, never used”… (Bolalar poyabzali sotiladi, kiyilmagan). Bu hikoyaning mazmuni shundan iboratki, bir necha yillar davomida farzandtalab yurgan oila hayotida ijobiy yangilik bo‘lganida baxtdan quvonib, faqirona hayot kechirsa-da, hali dunyoga kelmagan chaqaloq uchun bor puliga oyoq kiyim sotib oladi. Biroq chaqaloq uni kiyishga ulgurmaydi – tug‘iliboq vafot etadi…
Bu kabi qisqa, biroq inson ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatadigan, kishini o‘ylantiradigan hikoyalar juda ko‘p. Quyida ulardan yana bir nechtasini misol tariqasida keltiramiz.
An’anaviy hikoyachilikning tugun, kulminatsiya va yechim kabi tarkiblardan iborat bo‘lgan eng qisqa hikoyalar tanlovida O’ Henri g‘olib bo‘lgan: “Chekib olgan haydovchi qancha yonilg‘i qolganini ko‘rish uchun benzobak tomon egildi. Marhumning yoshi yigirma uchda edi”.
Frederik Braun eng qisqa, biroq qo‘rqinchli falsafiy hikoyani yozgan: “Yerdagi oxirgi odam xonada o‘tirardi. Birdaniga eshik taqillab qoldi”…
Robert Tompkins, “Haqiqatni qidirib”. “Nihoyat, bu xilvat, ovloq qishloqda uning qidiruvlari yakunlandi. Chirib, to‘kilay deb qolgan xarob kulbada miltillab turgan olov yonida Haqiqat o‘tirardi. U umrida hech qachon bundayin qari va badbashara ayolni ko‘rmagan edi.
– Siz Haqiqatmisiz?
Qartaygan, burushiq alvasti tantanavor bosh silkidi.
– Aytingchi, men insoniyatga siz haqingizda bildirishim kerakmi? Ularga qanday xabarni yetkazay?
Kampir olovga tupurdida, javob berdi:
– Ularga meni yosh va sohibjamol ekan deb ayt!”.
Alan Y.Mayer, “Omadsizlik” (hikoya). “Tanamdagi shiddatli og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochishim bilan karavotim oldida turgan hamshirani ko‘rdim.
– Mister Fudjima, – dedi u, – omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirosimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Hozir siz gospitaldasiz, ortiq xavf ostida emassiz.
Madorsizlikdan bazo‘r so‘radim:
– Qayerdaman?
– Nagasakida, – javob berdi u”.
Afrikalik bolakay yozgan quyidagi hikoya “2005-yilning eng yaxshi hikoyasi” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lgan:
“Tug‘ilganimda men qora edim. Qora bo‘lib ulg‘aydim. Men quyoshda uzoq tursam yana qorayaman. Hattoki o‘lganimda ham qoraligimcha qolaman.
Siz, oqlar esa: tug‘ilganingizda – qizg‘ish bo‘lasiz. Ulg‘ayganingizda – oqarasiz. Oftobda toblanganingizda – qizarasiz. Sovqotganingizda – ko‘karasiz. Qo‘rqqaningizda – sarg‘ayasiz. O‘zingizni yomon his qilganingizda – yashil tusga kirasiz. O‘lganingizda esa bo‘zarasiz. Va siz meni rangli (qora tanli) deysiz”.
Bu hikoyachalar inson kayfiyatiga tasir ko‘rsatish qudratiga ega bitiklardan bir namuna. Qadrli va kelajagi porloq yoshlar, bo‘sh vaqtingizni badiiy va ilmiy kitoblar bilan do‘st tutinishga sarflang. Zero, kitob ma’naviy boylik hisoblaniladi. Faqat kitobgina dunyoqarashingizni o‘zgartira oladigan, ilm bilan taminlaygan kuchga ega.

Zavqibek MAHMUDOV
Yuqorichirchiq tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi

O‘z RFA Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi