«Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir». Ushbu hikmat muallifi buyuk Sharq faylasufi Konfutsiy bu borada ming karra haq.
…Bundan 4 yil burun meni Harvard universitetiga fiziologiya sohasi bo‘yicha ilmiy ma’ruza o‘qishga chaqirishdi. Ma’ruzadan keyin «Kutubxonaga boramiz!» dedim. Bu sheriklarimga ham ma’qul tushdi. Ammo mezbonning «Universitetning qaysi kutubxonasiga?» degan savoli bizni gangitib qo‘ydi.
Harvard universitetining tibbiyot, tabiatshunoslik, adabiyot, huquqshunoslik, geologiya, tarix, informatika va boshqa sohalarga ixtisoslashtirilgan 80 ta kutubxonasi borligini bilmas ekanmiz. Shunda ham sir boy bermay, markaziy kutubxonasini ko‘rmoqchi ekanligimizni bildirdik.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Harvard universiteti Massachusets shtatining Kembrij shahrida joylashgan bo‘lib, u dastlab 1636 yilda kollej sifatida tashkil etilgan. XIX asrning birinchi choragida esa universitetga aylantiriladi.
E’tibor qiling, Harvard universiteti bitiruvchilaridan 79 nafari Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan. Bugungi kunda ularning 14 nafari shu universitet talabalariga dars beradi. Dunyodagi milliarder boylarning yarmi uning sobiq talabalari hisoblanadi. AQShning 45 Prezidentidan 12 nafari shu oliy o‘quv yurtini tamomlagan…
Universitet kutubxonasi o‘z eshiklarini 1638-yili ochgan bo‘lib, fondida 8 millionga yaqin asarlar saqlanadi. Ular orasida ingliz vaziri, san’at bakalavri J. Harvard qoldirgan kitoblar eng noyob adabiyotlar sirasiga kiradi. J. Harvard o‘z mulkining yarmi va kutubxonasini uning nomi berilgan mazkur universitetga vasiyat qilib qoldirgan.
Kutubxonaga yaqinlashar ekanmiz, uning peshtoqidagi yozuv e’tiborimizni tortdi. Unda AQSh faylasufi Jim Ronnga tegishli quyidagi so‘zlar bitilgan: «Tushlik vaqtini o‘tkazib yuborish mumkindir, ammo umrning eng mazmunli qismini kitob o‘qimasdan o‘tkazib yuborish aslo mumkin emas».
Ko‘zimizga tushgan yana bir chaqiriqda shunday deyilgan: «Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod!»
Kutubxona 24 soat faoliyat ko‘rsatadi. Hamma muk tushgancha kitob o‘qiyapti, kerakli joylarini ko‘chirib olmoqda. Qizig‘i, har bir stol ustida turgan kompyuterlarga hech kim burilib ham qaragani yo‘q.
Hayratimni yashira olmay so‘rayman:
— Nega talabalar oldida turgan kompyuterdan foydalanishmaydi?
— Kitobxonda gadjetlardan xohlagan joyda, istagan paytda foydalanish imkoniyati bor. Biroq kutubxonadagi kitoblarni faqat shu yerda o‘qish mumkin. Bu imkoniyatni, qulay vaqtni boy berib bo‘ladimi?! Kompyuterlar orqali talabalar o‘zlariga kerak bo‘lgan adabiyot qayerda turganini aniqlashda foydalanishadi xolos.
Qo‘shma Shtatlarda kutubxonalarga borish aholi orasida keng tarqalgan madaniy faoliyat turiga aylangan.
Kutubxonalarning jamiyat va mamlakat taraqqiyotidagi beqiyos roli ko‘plab davlatlarda tan olingan. Jamoat kutubxonasiga sarflangan bir dollar 10 dollargacha daromad keltirishi o‘z isbotini topgan. Masalan, San-Fransisko jamoat kutubxonalari tizimiga tikilgan har bir dollardan 5 dollardan 9 dollargacha daromad ko‘rilayotgan ekan. Ehtimol, ushbu sarmoyaviy omil Qo‘shma Shtatlarda jamoat kutubxonalari soni “McDonaldʼs” restoranlari va “Starbucks” qahvaxonalari sonidan ortib ketishiga sabab bo‘lgandir.
O‘ZBEKISTONDA-CHI?
O‘zbekistonda kutubxonalar soni qancha? Oxirgi 25-30 yilda nechta kutubxona bunyod etildi?
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda kutubxonalar soni mehmonxonalarga qaraganda to‘rt marta kam ekan. Ko‘pchilik nazdida zamonaviy mehmonxonalar, antiqa bino va inshootlar sayyohlarni ko‘proq jalb qilarmish… Aslida bunday emas. Sayyohlar asl O‘zbekiston, uning tarixi, madaniyati, odamlarning o‘zbekona hayoti, turmush tarzini ko‘rish uchun keladi. Gapning dangalini aytganda, kutubxonalar boshqa sayyohlik yo‘nalishlaridan ham ko‘proq sayohatchilarni jalb qilishga qodir.
Masalaga ana shu jihatdan yondashilganda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Milliy kutubxona huzurida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi muhim hujjatning qabul qilinishi, aytish joizki, kutubxonalar faoliyati rivojidagi muhim qadam bo‘ldi.
Zotan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qadimiy ziyo o‘chog‘i bo‘lib, 1870 yilda tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinida Prezident kutubxonasi bunyod etilishi rejalashtirilgani ham xalqimiz uchun quvonchli yangilikdir. Adiblar xiyoboni va bog‘dagi boshqa ma’naviy-ma’rifiy ob’ektlar bilan yaxlit majmuaga aylanishi kutilayotgan ushbu ziyo maskani 4 qavatli bo‘lishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham bo‘ladi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan «Yosh kitobxon», «Yosh kitobxon oila» respublika tanlovlari g‘oliblariga yengil avtomobillar sovg‘a qilinmoqda.
Atrof-muhitdagi voqea-hodisalar, jumladan, kitob mazmuni va barcha bilimlar inson miyasi orqali qabul qilinadi. Miya 35 yoshgacha o‘sadi. Inson tashqi muhit axborotining 70-80 foizini 5 yoshgacha olib bo‘ladi, tafakkur va ong ham ayni shu paytda shakllanadi. Demak, 3-4 yoshga kelib inson miyasi fiziologik jihatdan o‘qishga, harflarni jamlashga tayyor bo‘ladi. Miyaning mana shu fiziologik xususiyati hisobga olingan holda, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalar 5-6 yoshdan, ba’zilarida esa 7 yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi.
«Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir». Inson miyasining cheksiz imkoniyatlarini ishga solish uchun esa, avvalo, kitob o‘qish kerak. Endi anglayotgandirsiz, yurtimizda kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar zamirida qanday maqsadlar yotganligini?!
QANDAY YO‘L TUTGAN MA’QUL?
Xo‘sh, bu borada qanday yo‘l tutgan ma’qul, dersiz. Yana Amerikadan misol keltiraman. AQShdagi boshlang‘ich maktablarda o‘quvchilar har haftada maktab kutubxonasiga borishi shart. Bolalar o‘zi xohlagan, ba’zida o‘qituvchilarining tavsiyasiga ko‘ra, bittadan uchtagacha kitob olish huquqiga ega. Faqat kitoblarni o‘qib, ikki haftadan so‘ng topshirishi kerak. Adabiyotlarni qaytarish muddati yaqinlashgach, o‘quvchilar ota-onalarining elektron pochtasiga bu haqda eslatma yuboriladi.
Darhaqiqat, kitob — buyuk ustoz! Zero, birgina kitob inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ya’ni baxt millionlab kitoblar ichida ruhingizga mos kitobni topa olishda. Shuning uchun bolalarning ayni ulg‘ayish paytida mutolaaga jalb qiling. Bu uning shaxs sifatida shakllanishida, hayotda o‘z yo‘lini topib, kasb-kor tanlashida katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi.
FAQATGINA DIPLOM UCHUN EMAS…
«O‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi», degan edi donishmandlardan biri. To‘g‘ri, hozirgi zamonamizda istalgan yangiligu axborotni internet orqali olish mumkin. Bir qarashda kitob o‘qish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Aslida, hech bir axborot vositasi, hatto kino yoki boshqa ko‘ngilochar tomoshalar ham badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani asosida ishlangan film qanchalik muvaffaqiyatli, aktyorlar ijro mahorati kuchli bo‘lmasin, baribir kitobga yetmaydi. Uning ta’sir kuchi, jozibasi boshqacha.
Shu ma’noda, bugun yaxshi diplom uchun emas, yaxshi bilim olish, kitob o‘qish uchun kurashadigan vaqt keldi. Maktab, litsey, oliy o‘quv yurti uchun emas, o‘zing uchun, hayot uchun o‘qish, bilim olish kerak. Zero, bilim olish baxtsizlikdan, xurofotdan, birov yetaklagan tomonga og‘ib ketishdan saqlanishning yagona yo‘lidir.
INSHO YOZISHNI TIKLASH LOZIM
Kitobxonlikni, kitob o‘qishni rivojlantirishning eng muhim tadbirlaridan biri, bu — insho yozish. Demak, barcha oliy o‘quv yurtlarida kirish imtihonida insho yozish tiklansa, ayni muddao bo‘lardi. Chunki abiturient kitobxon, savodxon bo‘lsagina o‘z fikrini qog‘ozga ravon va xatosiz tushira oladi. Tan olmay iloj yo‘q, insho yozish bekor qilingandan keyin, boshqa tomonlarini qo‘yavering, o‘z familiyasini xato bilan yozadigan qatlam ham paydo bo‘lgani achinarlidir. Axir yaqin o‘tmishimizda biz maktab bitiruv imtihonlarida, oliy va o‘rta ta’lim o‘quv yurtlariga kirishda qanday mavzuda insho yozganimiz bilan faxrlanib yurar edikku?!
Shu o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasidagi bir universitet kiraverishida bitilgan mana bu so‘zlarni keltirsak.
«Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas. Bunday vrachlar qo‘liga tushgan bemorlar o‘la boshlaydi. Bunday iqtisodchilar va hisobchilar qo‘lidagi pullar izsiz yo‘qoladi. Bunday diniy ulamolar tufayli insonlar ma’nan o‘la boshlaydi. Bunday yuristlar va sudyalar qo‘lida adolat yo‘qlik sari yuz tutadi… Qonun chiqaruvchilar qo‘lida boshqaruv yo‘q bo‘ladi. Ta’limning barbod bo‘lishi — millatning kasodga uchrashidir».
AQShda ham maktab bitiruvchilari, albatta, bitiruv ijodiy inshosini yozishadi. Har bir shtatda insho yozib, sovrinli o‘rinlarni olgan bitiruvchilarga mukofotlar beriladi, rag‘batlantiriladi.
Masalan, 2017-yili Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahridagi “Shady Side Academy” maktabini a’lo baholarga bitirgan vatandoshimiz Azizjon Yo‘ldoshevning ijodiy inshosi mamlakatda sovrinli o‘rin olgani uchun «Martin Lyuter King» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Aynan shu mukofoti tufayli Azizjon Amerikaning 23 ta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirib, barchasiga grant asosida va yillik stipendiya bilan qabul qilindi.
Universitetlar Azizjonga yillik stipendiyani 10 mingdan 30 ming dollargacha taklif qilishdi. U Vashingtondagi “American University” universitetining biznes fakultetini tanladi. Bu universitet jamoasi Azizjonni suhbatdan o‘tkazib, talabalar orasida «Lider» (sardor) unvonini berishdi. O‘tgan yili Azizjon universitetni a’lo baholarga tamomlab, AQShning eng yirik kompaniyalaridan biriga ishga qabul qilindi. Mana, inshoning, zamonaviy bilimlarning kuchi!
Ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan mana shunday ijodiy yondashuv tufayli bugun AQSh dunyoning eng savodli odamlar mamlakatiga aylandi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, aholisining 99 foizi savodli bo‘lib, kamida o‘qish va yozishni biladi. 85 foizi o‘rta ma’lumotga ega bo‘lsa, 28 foizi oliy ma’lumotlidir.
QASHSHOQLIKNING ASL SABABI…
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, umuman kitob o‘qimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi. O‘rganishlar yana shuni tasdiqlayaptiki, kitob o‘qishni xush ko‘radigan bolalar maktabda ham a’lochi bo‘ladi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o‘zlashtiradi.
Eng yomoni, bilimsizlik jinoyatdan ham xavfli illat sanaladi. Italiyalik mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo shunday yozadi: «Bilimsizlar jinoyatchilardan ko‘ra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad bo‘ladi, tentaklarda esa yo‘q. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo bo‘ladi».
Xo‘sh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin? Aniq va sinalgan yo‘llari bormi?
Albatta, bor. Buning sinalgan yo‘li kitobxonlikdir. Shu bois yurtimizda, ta’bir joiz bo‘lsa, aql «mash’ala»lari yoqilmoqda.
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonda keyingi yillarda ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ana shu qat’iyat, intilish o‘z ifodasini topib boryapti. Bu uchinchi Renessans quyoshi uyg‘onayotganidan dalolatdir.
Xotima o‘rnida bir hadisi sharifni keltirishni joiz topdik. Unda shunday deyiladi: «Ilm o‘rganinglar: ilm zulmatda quyosh, vahshatda hamroh, yolg‘izlikda yo‘ldosh, begona yurtda sirdosh, og‘ir damda rahbar, dushmanga qarshi quroldir».

Bakriddin ZARIPOV
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi

Rim universiteti (Italiya) faxriy professori