Yangi ijara uyiga ko‘chganimizga taxminan 15 kun bo‘lgan edi. Vaqt topib shuni nishonlamoq ilinjida palovxon to‘rani do‘ppidek qilib damladik. “Xozyayka”miz ko‘zimizga farishtadek ko‘ringanidan, unga ham bir tovoq uzatdik. Maqtab-maqtab, alqab-alqab o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Biroq mamnunlik uzoqqa cho‘zilmadi. Bir-ikki kun o‘tib, “xozyayka”miz uydan chiqib ketishimizni so‘radi. Sababini bilmoqchi bo‘lsak, ming‘irladi, to‘ng‘illadi. Aniq va asosli vaj yo‘q.
Mana, yana ko‘chama-ko‘cha yurib, boshpana qidirib yuribmiz. Taxminan bu shu o‘quv yili hisobidan o‘n birinchisi. Hisobdan adashmayotgan bo‘lsak… Axir sentabrdan buyon shu alfozda yashaymiz.
Bizga har tomonlama ma’qul kelgan uyni internetdagi e’lon orqali topdik-da, zudlik bilan borib ko‘rishga otlandik. Ko‘rdik ham. Joy aytilgan narxga to‘g‘ri kelmaydi. Yetmaganiga “makler” haqqi ham borki, uyga beradigan pulimizning yarmicha olaman deydi.
Uy bozoriga bordik. Ijarachi-yu maklerlar o‘z talabini, shartini qo‘yadi-yu, o‘laqolsa bizning talabga quloq tutmaydi. U xonali uy 300 dollar, yana 150 dollar “makler” haqqi. “Shartnoma qilib beramiz, davlat yarmini to‘laydi”, deganlar ham chiqdi. Ammo uy sohiblari “Daromad solig‘ini ham o‘zlaring to‘laysanlar, ana shunda shartnomaga qo‘l qo‘yaman”, deydi.
Bozordan hafsalamiz pir bo‘lib chiqdik. O‘rtog‘im bilan xayrlashib, bekatdagi yog‘och kursiga cho‘kdim. Shu choq bir ayol qo‘lidagilarni ko‘tarishga yordamlashib yuborishimni so‘radi. Yuraverib holdan toygan bo‘lsam-da, yo‘q demay, ayolni uyigacha kuzatib bordim. Shu artofdagi xonadonda turar ekan. Suhbat davomida gap aylanib, menga keldi. Ijara uchun uy qidiryapman desam, menga rahmi kelganidanmi yoki miyasiga bundan boshqa fikr kelmadimi, xullas, “Turmushga chiq!”, dedi uzil-kesil…
Oy oxirlayapti. Bekamiz uyni tezroq bo‘shatishimizni istaydi. Oilali ijarachilarni qo‘yarmish.
Bu kabi ko‘tara tashvish bilan bitta men yoki o‘rtog‘im emas, olis viloyatlardan osmon qadar orzular bilan kelgan hamma talabalar andarmon. Respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari tasarrufida 220 dan ortiq talabalar turar joyi bor. Ular faqat 58 ming talabani sig‘dira oladi. Biroq har yili 194 ming nafardan ziyod talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. So‘ngi yillarda oliy ta’lim muassasalari soni 130 dan oshgan bo‘lsa, qabul kvotasi 2,6 barobarga ko‘paydi. Ammo yotoqxonalar shunga mos ravishda ko‘paymadi.
Xullas, dardimni aytdim shabbodaga, shabboda yetkazar balki mutasaddilarga… Dardimiz ularga yetib borguncha shoir she’rini qalbimizga malham qilib turamiz:
Gazetada o‘qidim – hayotimiz zo‘r,
Radio bong urdi – maosh oshibdi.
Televizorni yoqsam – hammasi yaxshi
Vatan xizmatingga yurak oshiqdi.

Yo erta tug‘ildim, yoki juda kech,
Sababi negadir baxtim kulmaydi.
Ijaraga to‘lab oylik yarmini
Yashashni yaxshi deb yozib bo‘lmaydi.

Senda musofirman, senda fuqaro,
Senda ruhim asir, iskanjada tan.
“O‘lan to‘shagim” deb yozaman ammo
Senda ijarada yashayman vatan.

Noshud deb atama, nonko‘r demagin,
Shoirim desang bas xursandman meni.
Har oy puling to‘lab, ko‘chishga tayyor
Ijara uyimday sevaman seni.

Ha aytgancha, mabodo saxiyligingiz tutib, ijaraga qo‘yish niyatingiz bo‘lsa, bizga xabar qiling. Do‘ppidek osh qilib berardik…

Qirmizoy HAKIMOVA