Oʻzbekiston Respublikasining 2021–2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida 80dan ortiq turli darajadagi tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shunday tadbirlardan biri 2022-yil 27-mart kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan SHHT xalqaro yarimmarafonidir. Mazkur tadbir doirasida “Navroʻz” umumxalq bayramiga bagʻishlangan IV xalqaro Toshkent yarim marafoni tashkil etiladi.
2016 yildan boshlab har yili tashkilotga aʼzo davlatlar sportchilari ishtirokida oʻtkazib kelinayotgan mazkur sport tadbir jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sportchilarni xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga imkon yaratish, olimpiya, paralimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlaydi, shuningdek, aʼzo davlatlarning sport federatsiyalari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
SHHT yarim marafonlarida minglab odamlar, jumladan, turli mamlakatlar va qitʼalardan kelgan professional sportchilar, havaskor yuguruvchilar va sogʻlom turmush tarzi tarafdorlari SHHT bayrogʻi ostida birlashadilar.
Poytaxtimizda oʻtkazilishi kutilayotgan yarim marafon dasturi ikki masofani oʻz ichiga olgan boʻlib, ishtirokchilar – 3 km va 21,0975 km masofaga yugurib, kuch sinashadilar.
Yarim marafon marshruti poytaxtimizdagi Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari chorrahasidan boshlanib, Nukus, Abdulla Qodiriy, Abay koʻchalari orqali davom etadi.
Mazkur tadbirda ishtirok etish istagini bildirganlar quyidagi havola orqali tadbir toʻgʻrisida yanada toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlishlari va roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.
https://iticket.uz/events/sport/tashkent-international-sco-half-marathon/20448

Yengil atletika federatsiyasi
matbuot xizmati