Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

G‘OLIB BO‘LISHIMGA ISHONISHMAGANDI yoxud atrofdagilar gap-soʻziga e’tibor bermang

11.1.2023 372

Parivash SOBIROVA, Piskent tumanidagi 23-maktabning 9-sinf oʻquvchisi

Esimni tanibmanki, sheʼriyat va ijod oshnosiman. Ona tili fanini yoqtiraman. Ayniqsa, insho yozish jon-u dilim. Sizlarga hikoya qilib bermoqchi boʻlgan voqeam bundan 4 yil avval boʻlib oʻtgan.

Oʻshanda 11 yoshli, aytganidan qaytmaydigan, tirishqoq, intiluvchan qizaloq edim. “Qani imkon boʻlsa-yu, iqtidorimni koʻrsatib, yuksak marralarni zabt etsam”, degan xayol bilan yurardim. Tez orada shunday imkon ham paydo boʻldi: “Bolajon” telekanali respublika miqyosida insholar tanlovini eʼlon qildi. Qatnashishga qaror qildim.

“Hamma qoʻllab-quvvatlaydi, barcha dalda boʻladi”, deb oʻylagan edim. Aksincha boʻlib chiqdi. Ota-onamdan boʻlak hech kim menga ishonch bildirmadi. Kimdir “Oʻzingni qiynab, vaqtingni behuda oʻtkazma! Oʻzingga yarashadigan ishni qil. Qishloq qiziga kim qoʻyibdi bunday tanlovlarni?”, deb ensa qotirsa, yana kimdir “Soddasan-da, bunaqa katta tanlovlarda gʻolib boʻlish tugul, qatnashish uchun ham katta mansabda ishlaydigan tanish-bilishing boʻlishi kerak”, deya “motivatsiya” berar edi.

Avvaliga bu maslahatlarga amal qilmoqchi boʻldim. Soʻng oʻylab qoldim: “Nega endi arzimagan gap-soʻzlar tufayli shunday ajoyib imkoniyatni qoʻldan boy berishim kerak? Agar bu tanlovda yutsam, juda koʻp narsaga ega boʻlaman, magʻlub boʻlsam ham tajriba orttiraman-ku!” Shunday deya atrofdagilarning gaplariga eʼtibor qilmay, oʻz ustimda jiddiyroq ishlay boshladim. Oʻziga yarasha mashaqqatlar bilan inshoni yozib tugatdim va tanlov tashkilotchilariga yubordim.

Keyin nima boʻldi deysizmi? Men insholar tanlovida gʻolib boʻldim! Ha, gʻolib! Dadajonim va onajonim mendan koʻproq quvondilar. Eng qizigʻi shundaki, bir vaqtlar ishonchimni soʻndirib, tanlovda ishtirok etish fikridan qaytarishga uringanlar “Senga ishongandim, uddalashingni bilardim, barakalla!” deya meni olqishladi...

Shu tanlov sabab juda katta dars oldim. Ortiqcha gap-soʻzlarga eʼtibor qilmasligimning sababi shundadir. Nima boʻlganida ham uddaladim. Kerakli vaqtda faqat kerakli insonlarning maslahatiga quloq tuting, boshqalariga emas. Atrofdagi gap-soʻzlar insonga birinchi raqamli dushman yoki doʻst boʻlishi mumkinligini unutmang!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish