Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Oliy ma’lumotli bekorchi?

29.11.2023 433

Sevaraxon Odiljonova

Zerikib ketdim, qani bir telegramni sayr qilib kelay. Voybo‘, ish qidiraverib, telegramimda ham “bo‘sh ish o‘rinlari” degan kanallar to‘lib ketibdi. Lekin birortasida talabalar uchun ish yo‘-g‘e, hammasiga katta-katta qilib “TALABALAR BEZOVTA QILMASIN” yoki “TALABALARNI QABUL QILMAYMIZ”, deb yozilgan. Kel, Zebo gaplashib o‘tiraylik, dedim siqilib ketganimdan  dugonamga.

— Dars qilishim kerak.

— Kunduzi qilarsan shu dars o‘lgurni.

— Kunduzi ishga borishim kerak.

— O‘, ishga kirdingmi? Nega men bexabar, saytgami yoki gazetaga?

— Qanaqa gazeta, o‘quv markaziga.

— O‘qituvchi bo‘libmi, zo‘r-ku, rosa havas qildim.

— Jinnimisan, oliy ma’lumotli pedagoglarga ish yo‘q-ku, menga qayerdan topilsin. Administrator bo‘lib kirdim. O‘zing-chi, qandaydur saytda ish bor deyotganding, gaplashib ko‘rmadingmi?

— Gaplashdim, saytlarda e’lon qilingan yangiliklarimni tahliliy maqolalarimni ko‘rsatdim, tajribam yo‘q ekan. Hayronman, qayerga ish so‘rab borsam, tajribangiz yo‘q, deydi, axir biror joyda ishlab, tajriba orttirmasam, bozordan sotvolmayman-ku tajribani... 4 yil o‘qib oliy ma’lumotli bekorchi bo‘lib qolmasam bo‘ldi edi.

— Nafasingni shamol uchirsin-e.

— Hozir urfga kirgan “kosmetologiya”mi, tirnoq bo‘yash, soch ulashlarni o‘rgansam bo‘larkan. Shuncha vaqtim bekor ketdimi, deb o‘ylab qoldim-da.

— Nega bekor ketadi, hech bo‘lmaganda Toshkentda borib ko‘rmagan joying qolmadi, maza qilib o‘ynab-kulib yurding. Endi qarindoshlaring shaharga kelishganda ularga zo‘r yo‘lboshlovchi bo‘la olasan...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish